Kontent qismiga oʻtish

Termiz

Koordinatalari: 37°13′01″N 67°17′10″E / 37.21694°N 67.28611°E / 37.21694; 67.28611
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Termiz
shahar
37°13′01″N 67°17′10″E / 37.21694°N 67.28611°E / 37.21694; 67.28611
Mamlakat Oʻzbekiston
viloyat Surxondaryo viloyati
Rasmiy til(lar)i O'zbek
Aholisi
201 604
Vaqt mintaqasi UTC+5
Pochta indeks(lar)i Amir Temur ordeni
Avtomobil kodi 75-79
Termiz xaritada
Termiz
Termiz

Termiz (forscha: ترمذ [Tarmiδ] > Ταρμιδδιγο> qad.-eron. *tara-maiθa- ʻoʻtish qismiʻ[1])-Oʻzbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyatidagi shahar. Amir Temur ordeni sohibi[2].

Viloyat markazi Amudaryoning oʻng sohilida, Oʻzbekistonning janub qismida, Afgʻoniston chegarasiga yaqin, oʻrtacha 310 m balandlikda joylashgan. Xalqaro daryo porti. Temir yoʻl stansiyasi. Toshkentdan 708 km. Maydoni 27,8 km². Aholisi 201.6 ming kishi (2024). Iqlimi kontinental, issiq va quruq, yozi jazirama issiq (Oʻzbekistondagi eng issiq shahar – eng yuqori temperatura 50-60c°, hozirgi kunda), qishi iliq va qisqa. Yillik oʻrtacha temperatura 16-18°. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 2,8-3,6, iyulniki 35-40°. Baʼzida, qishda sovuq – 18° va undan ham past boʻlishi mumkin. Yillik yogʻin 133 mm.[3] Termiz shahri logistika uchun strategik nuqta sanaladi.

Qadimgi davrda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Arxeologik topilmalar, arab va yunon manbalarida keltirilgan maʼlumotlar Termizning Sharqdagi qadimiy shaharlardan biri ekanligidan dalolat beradi. Shaharning qulay geografik oʻrni, strategik ahamiyatga molik joyda boʻlganligi, sharqni gʻarb, janubni shimol bilan bogʻlovchi savdo chorrahasida barpo etilishi, uning tez surʼatlar bilan rivojlanishiga zamin yaratgan. Buyuk ipak yoʻlining muhim bir tarmogʻi ham Termiz orqali oʻtgan.

Qadimgi Sharq sivilizatsiyasining shakllanishida Termizning oʻziga xos oʻrni bor. Koʻhna Termizning qalʼa qismida olib borilgan arxeologik izlanishlar natijalari va yozma manbalarning tahliliga koʻra shaharga mil. avv. 1ming yillikning oʻrtalarida asos solingan. Tarixda Sugʻdiyona, Xorazm, Margʻiyona va Parfiya davlatlari bilan madaniy va savdo aloqalarini oʻrnatgan. Topilmalarga qaraganda shaharning Hindiston bilan madaniy va savdo aloqalari ham juda faol va uzviy boʻlgan.

Mil. av. 4-3-asrlarda 10 ga maydonni egallagan Termizning qadimiy qalʼasi oʻrnida aholi manzili boʻlgan. Hofizi Abruyning yozishicha, shahar nomi „Taramastxa“ (baqtriycha „narigi sohildagi manzil“) soʻzidan olingan boʻlib, asrlar davomida turlicha atalib kelgan (mas., Antioxiya, Demetrias, Tarmid, Tarmiz, Tami, Tamo), 10-asrdan Termiz deb atala boshlagan.

Termiz mil. av. 3-2-asrlarga kelib Baqtriyaning eng rivojlangan, siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazlaridan biriga aylandi. Ashyoviy dalillarga koʻra bu davrlarda shaharda meʼmorlik va hunarmandchilikning bir qancha sohalari (kulolchilik, degrezlik va metallsozlik, shishasozlik), Salavkiylar, Yunon-Baqtriya shohlari tovarpul muomalasi Movarounnahrning boshqa shaharlariga qaraganda ancha oldin rivojlanganligidan dalolat beradi.

Kushonlar davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Termiz shahrining gullab yashnagan davri Kushonlar hukmronligi davriga toʻgʻri keladi. Bu davrda Termiz hududiy jihatdan kengayib, Shimoliy Baqtriyaning yirik shahriga aylangan. Shaharda shu davrga oid meʼmorlik va hunarmandchilik binolari va namunalari, turli nafis sopol va shisha idishlar, fil suyagi, qimmatbaho metall va toshlardan tayyorlangan zargarlik buyumlari kabi topilmalarning koʻplab qayd qilinishi buning dalilidir. Masalan, Dalvarzintepadan topilgan va fil suyaklaridan yasalgan shaxmat donalari (fil va hoʻkizzebu shaklida) xrz. kunda yer yuzida aniqlangan eng qad. shaxmat donalari (milodiy 2-asr) xisoblanadi. Oʻsha davrda Termiz Kushonlar davlatining muhim shahri va buddizmnintg markazlaridan biri boʻlgan.

Shaharni Termizshoxlar idora qilgan. Oʻsha davrda Termiz Termizshoxlar hokimligining poytaxti boʻlib turgan. Arablar bosib olgan davrda (686-704) Termiz 70 gektarga yaqin maydonni egallagan, toʻrtburchak shaklidagi qalʼadan iborat boʻlgan. 10-asrda yozilgan „Hudud ul-Olam“ asarida Termiz „Jayxun boʻyidagi kurkam va obod shahar. Qalʼasi daryo boʻyida, ulkan bozori mashhur, Xuttalon va Chagʻoniyon ahli shu yerda savdo qiladi“, deb taʼriflangan.

10-12-asr Boshlarida Termiz ravnaq topgan. Toxaristonning yirik shahri, hunarmandchilik va savdo markaziga aylangan. Bu davrda Termiz hududi 500 gektar dan ortiq, maydonni egallagan. Shaharda bir qancha mahobatli binolar barpo etilgan. Shulardan Eski shahar qismida Termizshohlar saroyi saqlanib qolgan.

Shaharda temirchilik, shishasozlik, kulolchilik rivojlangan. Termizda tayyorlangan hunarmandchilik buyumlariga talab yuqori boʻlgan. Shaharda oʻnlab karvonsaroylar faoliyat koʻrsatgan. Oʻsha davrda Termiz yirik madaniyat va ilmfan markazi sifatida ham nom qozongan. Termizlik olimu ulamolar oʻrta asr Sharqining fan, madaniyat va maʼrifatiga oʻz hissasini qoʻshgan.

Termiz vaqt-vaqti bilan Gʻaznaviylar, Qoraxoniylar, Qoraxitoylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar davlatlari tarkibida boʻlgan. 1220 yilda Termiz moʻgʻullar tomonidan vayron qilib tashlangan. Sharafudsin Ali Yazdiyning „Zafarnoma“ asarida qayd qilinishicha, Termiz aholisi moʻgʻullarga qattiq, qarshilik koʻrsatgan va shu bois shahar „Madinat ur-ijol“ („Mardlar shahri“) deb ham atalgan. Moʻgʻullar istilosidan soʻng, 14-asrda Termiz Surxondaryo sohiliga yaqin joyda yangidan qad. koʻtardi. Shahar oʻz oʻrnini bir necha bor oʻzgartirsada, asrlar davomida oʻz nomini Tarmita, AntioxiyaTarmita, Tarmiz, Tirmiz, Termiz koʻrinishlarida saqlab kelgan.

Temuriylar davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amir Temur Movarounnahrni egallagach (1370), Termiz Surxondaryo vohasi bilan birga Temur davlati tarkibiga kirdi. 1407-yilda Temuriy Xalil Sulton farmoni bilan daryo sohilidagi Termiz qalʼasi qayta tiklandi. Koʻp oʻtmay oʻz tangalarini zarb etadigan katta shaharga aylandi. 1504-05 yillarda shaharni Shayboniyxon egalladi. Keyinchalik turli sulolalar tasarrufida boʻlib, 18-asrning 2yarmida shahar oʻzaro urushlar natijasida butunlay vayron qilingan. Faqat, uning atrofidagi Pattakesar va Solihobod qishloklari saqlanib qolgan.

XX asr boshlarida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1894-yil Termiz xarobalaridan 8 km narida joylashgan Pattakesar qishlogʻida ruslarning mahalliy aholi tomonidan „Tuproqqoʻrgʻon“ deb nomlangan qalʼa istehkomi qurilgan. Hoz. Termiz shu Tuproqqoʻrgʻon atrofida bunyod etilgan. 1916-yil Buxoro-Qarshi-Termiz temir yoʻl qurilish munosabati bilan Termizning iqtisodiy mavqei oʻsdi. 1917-yilgi davlat toʻntarishidan keyingi Sovet imperiyasi davrida ham Termiz oʻzining harbiy-strategik ahamiyatini yoʻqotmadi. Bu davrda Termizda katta-katta inshootlar qurildi. Maʼmuriy binolar qad koʻtardi. Ilm-fan rivojlandi, madaniyat va sanʼat ravnaq topdi.

Oʻzbekistonni qoʻshni Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston va boshqa davlatlar bilan bogʻlovchi yoʻl Termiz orqali oʻtishi shaharning siyosiy va iqtisodiy hayotida muhim oʻrin egallaydi.

Termizda dastlabki arxeologik qazishma ishlari B. P. Denike (1926-27), M.Ye. Masson rahbarligidagi Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasi (1936-38) tomonidan olib borilgan. Eski Termizda arxeologik qazishma ishlari keyinchalik Sh. Pidayev, T.Annayev tomonidan davom ettirilib, shahar tarixi yanada oydinlashtirildi. 2022-yilmay oyida Termiz tuman Doʻstlik mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Ulkan Eraliyev oʻziga tegishli bogʻni sugʻorish va ishlov berish chogʻida sariq metall topib olgan, Termiz arxeologiya muzeyiga murojat qilgan. Mutaxasisilar tekshiruvidan keyin bu qoraxoniylar va saljuqiylar davriga tegishli tilla tanga ekanligi aniqlangan[4][5].

1933-yilda Termizda birgina paxta tozalash zdi va yana bir necha ustaxonalar boʻlgan. Keyinchalik va ayniqsa, mustaqillik yillarida, sanoat, qurilish, yengil, oziqovqat va boshqa korxonalar ishga tushdi. Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari yaxshilandi. Shaharda yangi temir yoʻl vokzali qurildi. Amfiteatr, arxeologiya muzeyi, sanʼat kolleji, akademik litsey, tadbirkorlar markazi, markaziy stadion, „Delfin“ suzish havzasi, kurash saroyi, tennis korti, „Alpomish“ majmuasi, markaziy bozor, „Termizning 2500-yilligi“ nomli xiyobon bor; shoshilinch tibbiy markaz qurilib ishga tushirildi.

Termizda jami 2500 dan ziyod korxona boʻlib, mikrofirmalar, kichik va oʻrta korxonalar, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalardir. Paxta tozalash, qurilish materiallari ishlab chiqarish., yengil va oziq-ovqat sanoati muhim oʻrin tutadi.

Termizda 6 ta OTM, akademik litsey, 2 ta musiqa maktabi, fizika-matematika fanlariga ixtisoslashgan maktab-internat bor. Shaharda 21 ta umumiy taʼlim maktablari va bir qancha bolalar bogʻchalari faoliyat yuritadi.

Oʻquvchilar saroyi, bolalar va oʻsmirlar sport maktabi faoliyat koʻrsatadi. Viloyat oʻlkashunoslik muzeyi, Hakim at Termiziy meʼmoriy majmuasidagi „Meros“ tarmoq muzeyi bor. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning loyihasi va tashabbusi bilan Termizning 2500-yilligini aks ettiruvchi Surxondaryo arxeologiya muzeyi bunyod etildi; viloyat musiqali drama, qoʻgʻirchoq teatrlari ishlab turibdi. 4 shahar kutubxonasi hamda 2 tarmoq kutubxonasi mavjud. Hayvonot bogʻi bor (qarang Termiz hayvonot bogʻi).

Termizda 18 gazeta chiqariladi, 3 telestudiya eshittirishlar olib boradi. Shahar markaziy kasalxonasi (165 oʻrinli), yuqumli kasalliklar kasalxonasi (130 oʻrinli), bolalar va kattalar, tish davolash poliklinikalari, shahar bolalar sanatoriybogʻchasi va boshqa tibbiy muassasalarda 211 vrach, 700 ga yaqin oʻrta tibbiy xodim xizmat qiladi. Undan tashqari, viloyatga karashli 3 ta kasalxona, viloyat tugʻruqxonasi, shoshilinch tibbiy yordam markazi, bolalar kasalxonasi, onkologiya, koʻz kasalliklari kasalxonalari, endokrinologiya, sil kasalliklari, teritanosil kasalliklari, narkologiya, asab kasalliklari dispanserlari, „Ona va bola“ va „Reproduktiv salomatlik“ markazlari, viloyat qon quyish markazi faoliyat koʻrsatadi. Taʼlim muassasalarida, mahallalarda bolalar sportini rivojlantirish darajasini oshirish maqsadida tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Termizda islom dini arboblaridan Hakim atTermiziy, Shaxobuddin Sobir Termiziy, Muhammad ibn Hamid Termiziy, Abu Bakr Varroq Termiziy kabi olimlar yashab oʻtishgan. Termizda 1999-yilda Alpomish dostonining 1000-yilligi, 2002-yilda xalqaro miqyosda Termizning 2500 yillik yubileyi oʻtkaziddi.

Ushbu qarorlar asosida 2002-yil 2-aprelda oʻzining 2500 yillik yoshini nishonlagan Termiz shahri koʻplab katta voqealar va larzalarni boshidan kechirgan. Butun tarixi davomida Termiz Markaziy Osiyo xalqlari madaniy taraqqiyoti va oʻzbek xalqi davlatchiligi tarixida muhim rol oʻynagan. „Buyuk Ipak Yoʻli“ning asosiy chorrahalaridan biri sifatida dunyo sivilizatsiyasi rivojiga sezilarli darajada hissa qoʻshgan qadim shahardir. Buddizm dinining va u bilan bogʻliq boʻlgan memorchilik anʼanalarining Xitoy va Uzoq Sharq mamlakatlariga tarqalishi ham aynan Termiz orqali yuz bergan.

Termiz hayvonot bogʻi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Termiz hayvonot bogʻi 1934-yilda viloyat oʻlkashunoslik muzeyining tabiat boʻlimi negizida tashkil etilgan. Shu maqsadda muassasaga 20 gektar muhofaza hududi ajratilgan. Hayvonot bogʻida 382 ta ekzotik va noyob hayvonlar, qushlar mavjud. Ularning uchdan bir qismi "Qizil kitob"ga kiritilgan[6].

Termizda jamoaviy sport turlari ham, yakkakurashlar ham rivojlangan. Termiz shaharda ittifoq chempionatida (1968-yilda tashkil etilgan) ishtirok etgan “Surxon” futbol klubi mavjud[7]. .

Termiz shahrida tez-tez turli musobaqalar oʻtkazilib turiladi. 2021-yilda shahar Al Hakim at-Termiziy xotirasiga bagʻishlangan xalqaro kurash turnirga mezbonlik qilgan[8][9]. 2021-yilning avgust oyida vohalik chavandozlar oʻrtasida mustaqillikning 30-yilligi munosabati bilan ot sporti oʻyinlari boʻyicha Milliy gvardiya boshqarmasi boshligʻi kubogi oʻtkazilgan[10]. 2022-yil may oyi oxirida Termiz shahrida kurash boʻyicha 2007—2008-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtgan[11]. Termizning geografik jihatdan qulay joylashishi, iqlimi va strategik mavqei koʻplab davlatlar va hukmdorlarning diqqat-eʼtiborini oʻziga tortar edi. Shuning uchun u Eron va grek, arab va moʻgʻul bosqinchilarining hujumlariga duchor boʻldi, Movarounnahr ichki qon to;kishlarini boshidan kechirdi, mahalliy hokimlar zulmidan azob chekdi. Termiz istilochilarning olovli janglarida yonib ketar, kulga aylanar, qaddini rostlab paydo boʻlardi, oʻsib shon-shuhrat va qudratga ega boʻlardi. U yana halok boʻlardi, yonardi, kulga aylanardi va yana oʻzini tiklab ulgʻayardi. Shu sababli Termizning har safar qaytadan tiklanishi qadimgi oʻrnida yuz bermagan.

Koʻhna Termiz yoki Kushon Termizi amudaryo boʻyida rivoj topgan boʻlsa, Chingizxon bosqinidan song u sharqroqda Surxondaryo boʻyida qad koʻtarib gullab-yashnaydi. XVIII asrning ikkinchi yarmidagi oʻzaro urushlar tufayli vayronaga aylangan Termiz XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab janubroqda Pattakesar qishlogʻi zaminida bunyod etiladi va ravnaq topadi. Koʻhna Termiz obidalari oʻzining takrorlanmasligi bilan hamisha qadimgi davr mualliflari, ilk oʻrta asr Xitoy sayyohlari va musulmon davri tarixchilarining diqqat-markazida boʻlib keldi.

Termiz haqidagi qimmatli yozma maʼlumotlar VII asrda Xitoy sayyohi, buddizm monaxi Syuan Tzyan yozmalarida; IX-X asrlar arab muarrixlari Ibn Xoʻrdodbeh, Ibn Xavqal, Maqdisiy, Istahriy asarlarida; grek, arman, xitoy, fors, arab manbalarida; qadimiy „Shohnoma“ dostonida, ulugʻ alloma Abu Rayhon Beruniy, arab sayyohi Ibn Battuta, Ispaniya elchisi Ryui Gonsales de Klavixo, venger sharqshunosi Herman Vamberilar asralarida, oʻrta asr mutafakkirlari Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Muhammad Bobur, Hofiz Abru, Anvariy, Hofizi Tanish Buxoriy, Davlatshoh Samarqandiy asarlarida berilgan. Termiz tarixini oʻrganishga qiziqish ayniqsa XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridan yanada kuchaydi. Arxeolog olimlardan V. V. Bartold, D. N. Logofet, N. A. Mayev, V. V. Krestovskiy, I. V. Mushketov, A. A. Semenov, M. E. Masson, V. A. Shishkin, T. V. Grek, B. N. Kostalskiy, B. B. Piotrovskiy, V. A. Vyatkin, D. D. Bukinich, B. N. Zasipkin, L. A. Albaum, G. A. Pugachenkova, E. V. Rtveladze, Ya. Gʻulomov, A. A. Asqarov va boshqalar Termizni shaxsan oʻrgandilar va ilmiy xulosalari bilan shahar tarixini boyitdilar.

Koʻhna Termiz tarixini oʻrganishda 1926-1927-yillarda professor Denike boshliq Moskvaning Sharq xalqlari madaniyati muzeyi ekspeditsiyasi, 1936-1939-yillarda professor M. E. Masson rahbarligidagi Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasi, 1961-yili B. Ya. Staviskiy boshchiligidagi Sharq xalqlari muzeyi va Davlat Ermitaji arxeologik ekspeditsiyasi, 1959-yildan professor G. A. Pugachenkova boshliq Oʻzbekiston Respublikasi Sharqshunoslik instituti ekspeditsiyasi, 1972-yildan professor V. M. Masson boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya Institutining Baqtriya ekspeditsiyasi, 1980-yildan akademik A. A. Askarov boschiligidagi kompleks ekspeditsiyasi, 1993-yildan professor T. Shirinov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya Institutining Pyer Lerish boshchiligidagi Fransiya Ilmiy tadqiqotlar Instituti Milliy Markazi va Kyudzo Kato boshchiligidagi Yaponiyaning Buyuk Ipak Yoʻli Akademiyasi bilan hamkorlikda olib borayotgan ekspeditsiyalari katta ahamiyatga ega boʻldi. Natijada, miloddan avvalgi I ming yillik ortalaridan tortib, XVII asrga qadar Termiz shahri xalqlarining moddiy va maʼnaviy madaniyatini yorituvchi koʻplab arxeologik dalillar qoʻlga kiritildi. Mazkur ekspeditsiyalar tarkibida Termiz Davlat Universitetining arxeolog olimlari ham faol ishtirok etib kelmoqdalar.

Rivoyatlarga koʻra, Termizni miloddan avvalgi VII asrda Baqtriyaning birinchi podshosi Zaroastr bunyod etgan. Miloddan avvalgi VI asrda bu yerlarni bosib olgan Eron Ahamoniylari Termizni juda koʻhna shahar deb taʼriflashgan. Shahar Aleksandr Makedonskiy bosqiniga qadar Ahamoniylar davlatiga boʻysungan.

Termizning tarixiga kirgan ilk nomlaridan biri Taramasta – Taramata (baqtrcha – daryo qirgʻogʻi) boʻlgan. MIloddan avvalgi 327 yili Aleksandr Makedonskiy Termizni zabt etib, shaharni oʻz nomi bilan Aleksandriya deb ataydi. Aleksandr Makedonskiy hukmronligi tugaganidan keyin Grek-Baqtriya davlatining asoschisi Demetriy shaharga Demetris nomini beradi. Miloddan avvalga I asrda Grek-Baqtria davlatining kushonlar tomonidan tor-mor qilinishi munosabati bilan Termiz, yozma manbalarning guvohlik berishicha, Ta-limmi shahri deb Xitoy manbalarida esa, Tu-mi (Tami) deb atala boshlaydi. Termiz asosan kushonlar davrida (mil. avv. I – mil. III asrlar) yuksak rivojlanadi. Bu davrda Termiz Hindiston bilan gʻarb, shimol, sharq mamlakatlari bilan boʻgʻlaydigan savdo yoʻllaridagi yirik shaharga aylanadi. Termizda koʻplab budda ibodatxonalari va moʻla-maqbaralar quriladi.

V-VI asrlarda Termiz yuz bergan urushlar oqibatida goh eftaliylar hukmronligi, gohida eron sosoniylari hukmronligi ostida boʻldi. VII asrdab boshlab Termizni termizshohlar sulolasi boshqardi. 705 yili Termizni arab istilochilari zabt etdilar. IX-XII asrlarda Termiz yirik feodal shahar sifatida maʼmuriy, savdo, hunarmandchilik va ilm-maʼrifat markaziga aylandi. Bu davrda shaharni oʻrab turgan istehkom devorning uzunligi 10 km ni tashkil etib, 9 ta darvozasi boʻlgan. Shu davrda Termizda dunyoga mashhur boʻlgan shoirlar, allomalar, muhaddislar, diniy va dunyoviy olimlar yetishib chiqdi.

IX-XII asrlarda Termiz Gʻaznaviylar, Saljuqiylar va Qoraxoniylar davlarlari tasarrufida boʻldi. 1206-yili Xorazmshoh Muhammad davlati ixtiyoriga oʻtdi. 1220-yili Chingizxon qoʻshinlari tomonidan 11 kunlik qamaldan song vayron qilindi. XIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Termiz eski oʻrnida emas, sharqroqda Sulton Saodat maqbarasi tevaragida yana rivojlandi. Temuriylar davlati tarkibiga oʻtgandan keyin u gullab-yashnaydi va Shahri gʻulgula nomini oldi.

Termiz Shayboniylar davlati tasarrufiga oʻtgandan keyin ham rivojlanishda davom etdi. Kohna Termiz qalʼasini qayta tiklash ishlari olib borildi. Minoralar, masjidlar va xonaqohlar qurildi.

Ilm-maʼrifat rivoj topdi. XVIII asrning ikkinchi yarmida olib borilgan oʻzaro janglar, taxt talashishlar tufayli Termiz butunlay vayron boʻldi. Faqat Salovat va Pattakesar qishloqlarigina saqlanib qoldi. Masjidlar, minoralar va saroylar quladi. XVII asrning ikkinchi yarmida Surxondaryo boʻyidagi Koʻhna Termizdan janubda Pattakesar qishlogʻi paydo boʻldi. Qishloqning kengayib borishi hisobiga oradan bir asr oʻtgandan keyin hozirgi Termiz shahri qad koʻtardi. Yangi Termizning vujudga kelishi Rossiya-Angliya munosabatlarining keskinlashgan davriga toʻgʻri keldi-ki, Rossiya bu joylarda oʻz taʼsirini kuchaytirish maqsadida Oʻrta Osiyoga harbiy yurishlarini boshlab yuborgan edi.

1873-yilning 28-sentabridagi shartnoma Buxoroni Rossiyaga qaram davlatga aylantirgan boʻlsa, 1888-yil 23-iyundagi qoʻshimcha shartnoma ruslarning Termizga kelishi va bu yerda istehkomlar qurish masalasini hal qilgan edi. 1893-yilning 15-yanvarida Termiz Buxoro amiri tomonidan Rossiya hukumatiga berilgan edi. Yangi Termizda Rossiya manfaatini himoya qilish maqsadida qurilishlar boshlandi, koʻplab harbiy qismlar keltirildi. Tuproqqoʻrgʻon va mustahkam istehkom qurildi. Termir yoʻl qurilishi, telegraf, aloga, elektr tarmoqlarining tortilishi Termizning rivojlanishi va Amudaryo boʻyidagi harbiy-strategik ahamiyatga ega boʻlgan shaharga aylanishiga olib keldi.

Mustaqillik yillarida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mustaqillik yillarida Termiz chiroyini yanada ochdi, shahar koʻchalari boshqadan qurilib, ravon va keng koʻchalarga aylantirildi, istirohat bogʻlari, sharqona usuldagi muhtasham va obod bozorlar, zamonaviy maʼmuriy binolar, oʻyingohlar, teatr va kinoteatrlar, ilm-fan maskanlari barpo etildi, borlari taʼmirlandi. Qisqasi, shaharning qiyofasi tanib boʻlmas darajada oʻzgardiki, bu oʻz navbatida har bir termizlik qalbida quvonch va faxrlanish hissini uygʻotmoqda.

1999-yil noyabr oyida UNESCO Bosh konferensiyasining Parijda boʻlgan 30-majlisida Markaziy Osiyoning qadim shahrlaridan biri Termiz shahrining 2500 yillik yubileyini 2001-yilda xalqaro miqyosida nishonlashga qaror qilindi. Mazkur qaror munosabati bilan Ozbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1999-yilning 27-dekabrida „Termiz shahrining 2500 yillik yubileyini 2001-yilda oʻtkazish va unga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida“ maxsus qaror qabul qilindi.

Termez iqlimi yumshoq, ammo nisbatan sovuq qish (issiq kunlar va salqin kechalar bilan, baʼzan juda qattit sovuq yoki qor yogʻishi mumkin) va juda issiq yoz bilan issiq choʻl iqlimi bilan kechadi.

Yogʻngarchilikning katta qismi noyabrdan aprel oylari qadar yogʻadi. Oʻrtacha yillik namlik-55%. Oʻrtacha yillik shamol tezligi 2,9 m/s ni tashkil qiladi. Oʻrtacha yillik harorat +17,5 °C 2014-yil 4-fevralda, shahar kuzatuvlar butun tarixi davomida haroratning mutlaq minimali −21,7 °C qayd etildi[12].

Termiz iqlimi
Koʻrsatkich Yan Fev Mart Apr May Iyun Iyul Avg Sen Okt Noy Dek Yil
Mutlaq maksimal, °C 23,8 30,1 34,4 38,7 43,6 46,5 47,0 46,3 41,5 37,5 32,4 26,7 47,0
Oʻrtacha maksimal, °C 10,4 13,3 18,9 26,6 32,8 38,0 39,7 38,0 32,8 25,8 18,8 12,1 25,6
Oʻrtacha harorat, °C 4,2 6,7 12,1 18,9 24,6 29,1 30,5 28,4 22,8 16,5 10,8 5,6 17,5
Oʻrtacha minimal, °C −0,3 1,7 6,5 12,0 16,5 19,9 21,4 19,2 13,9 8,6 4,7 1,0 10,4
Mutlaq minimal, °C −19,7 −21,7 −7,9 −2 −0,1 11,4 12,9 9,3 2,8 −4,2 −11 −18,4 −21,7
Yogʻingarchilik meʼyori, mm 24 24 37 23 9 2 0 0 1 3 11 21 155

Diplomatik missiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2018-yilning oktabr oyidan boshlab Termizda Afgʻonistonning bosh konsulligi faoliyat yuritib kelmoqda.

Mahshur insonlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lev Rovnin Ivanovich (1928—2014) – sovet neft geologi va davlat arbobi, Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1968), Lenin mukofoti laureati[13].

Valeriy Xalilov Mixaylovich (1952—2016) – rus dirijyori, bastakor general-leytenant (2010). Rossiya Federatsiyasi xalq artisti (2014)[14]..

Vyacheslav Beliy Vladimirovich (1945—2020) – sovet va rus fizigi, fizika-matematika fanlari doktori, RSFSR Davlat mukofoti laureati (1991).

  1. Лурье П.Б. Историко-лингвистический анализ согдийской топонимики. — СПб., 2004.
  2. „„Xalq so‘zi" gazetasi 2014-yil 23-avgust soni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 2014-yil 22-avgustdagi "Termiz shahrini «Amir Temur» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni“ (http://press.natlib.uz/).
  3. Qurbonov, Xolli; Botirov, Ismoil. „Termiz“ OʻzME. T-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  4. https://yuz.uz/uz/news/termizda-fuqaro-bogidan-oltin-dinor-topildi
  5. „В Термезе нашли редчайший золотой динар Сельджукидов“. 2022-yil 11-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 11-iyul.
  6. „Г.Тангирова: Добро пожаловать в наш Термезский зоопарк!“. 2021-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 10-iyul.
  7. „«Сурхан» Термез“. 2022-yil 11-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 11-iyul.
  8. „arxiv nusxasi“. 2023-yil 2-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 2-avgust.
  9. https://kun.uz/uz/news/2021/04/10/termizda-al-hakim-at-termiziy-xotirasiga-bagishlangan-xalqaro-kurash-turniri-boshlandi?q=%2Fuz%2Fnews%2F2021%2F04%2F10%2Ftermizda-al-hakim-at-termiziy-xotirasiga-bagishlangan-xalqaro-kurash-turniri-boshlandi
  10. https://www.milliygvardiya.uz/oz/news/surxondaryoda1
  11. -{Cite web |url=https://uz.sputniknews.ru/20220523/v-termeze-proxodyat-sorevnovaniya-po-kurashu-24753155.html |title=V Termeze proxodyat sorevnovaniya po kurashu |access-date=2022-07-11 |archive-date=2022-06-04 |archive-url=https://web.archive.org/web/20220604100818/https://uz.sputniknews.ru/20220523/v-termeze-proxodyat-sorevnovaniya-po-kurashu-24753155.html |deadlink=no }}
  12. http://pogoda.ru.net/records1.php (Wayback Machine saytida 2013-04-24 sanasida arxivlangan) Absolyutniy minimum yanvarya
  13. „Ровнин Лев Иванович“. 2022-yil 21-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 10-iyul.
  14. Valeriy Xalilov: glavniy dirijer Rossii iz Termeza
  • Rtveladze E., Aminov M., Surxondaryo, T., 1996;
  • Pugachenkova G. A., Muzey pod otkroʻtoʻm nebom, T., 1996;
  • Roʻziyev A. N., Surxondaryo viloyati T., 1996;
  • Mirzayev J., Termiz tarixi, T., 2001.