Hakim at-Termiziy
Hakim at-Termiziy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Muhaddis, Mutasavvif |
Hakim at-Termiziy (arabcha: حكيم الترمذي — Hakim at-Termiziy — Toʻliq ismi: Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir Hakim Termiziy) — muhaddis va mutasavvif.
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali at-Termiziy(750 - 760 - yillarda, Termiz, - 869, Termiz) - Sharqiy sufizmning mashhur namoyondasi, 80 dan ortiq asarlar muallifi. At-Termiziy chuqur ilm va keng dunyoqarashga ega boʻlgani uchun "Al-Hakim"(dono) degan taxallusni olgan.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hakim at-Termiziy tarjimayi holiga oid ma’lumotlar o‘rta asr arab mualliflaridan Tojuddin Subkiy, Xatib Bag‘dodiy, Ibn Hajar Asqaloniy, Abdurrahmon Sullamiy va boshqalarning asarlarida, shuningdek, allomaning o‘zi yozgan “Bad’u sha’ni Abu Abdulloh” (“Abu Abdulloh ishining boshlanishi”) biografik risolasida keltirilgan. Hakim at-Termiziy qabri ustiga o‘rnatilgan sag‘ana bitiklarida ham hayoti haqida ba’zi ma’lumotlar bor. Hakim at-Termiziy yoshlik yillarida o‘z yurtida taniqli olimlardan ta’lim olgan. Ilmini takomillashtirish maqsadida Sharq mamlakatlarining ko‘p shaharlarida, jumladan, Balx, Nishopur, Bag‘dod, Makka va Madinada bo‘ladi. O‘sha davrning yirik allomalari bilan ilmiy bahs va munozaralarda ishtirok etadi.[1] Hakim at-Termiziy oʻz hayoti toʻgʻrisida oʻzining "Bad`u sha`ni Abu Abdulloh" asarida bayon etganligi Bu asar 1965-yilda Bayrutda Yahyo Ismoil tomonidan olimning "Xatmul avliyo" asari bilan birga chop etilgani bizga ma'lum. Hakim at-Termiziyning tavalludi va vafoti sanalari yozma manbalar hamda hozirgi adabiyotarda turlicha keltiriladi. Baʼzi mualliflar, masalan, Hoji Xalifa "Kashf az-zunun"da Hakim at-Termiziy vafoti yilini milodiy 869-yil deb ko`rsatgan. Allomaning qabr toshida ham shu sana keltirilgan. Hakim at-Termiziy yuz yildan oshiq vaqt umr ko`rganidan kelib chiqilsa, manbalarda ham u 112, 116, yoki hatto 120 yoshgacha umr ko`rgani keltiriladi, u holda alloma I taxminan 750 — 760 yillar oralig`ida tug`ilgan bo`lib chiqadi. Ayni mahalda bundan 30 yil oldin "Al-Hakim at-Termiziy va nazariyyatuhu fil valoyati" asarini yozgan misrlik mashhur olim Abdulfattoh Abdulloh Baraka Hakim at-Termiziy milodiy 820-yilda tavallud topib 112 yil yashab 932-yilda vafot etgan, deb yozgan. Allomaning bolalik va yoshlik yillari haqida manbalarda batafsil maʼlumot berilmagan. "Tarjimai hol" iga koʻra, u sakkiz yoshidan boshlab diniy ilmlar bilan jiddiy shugʻullangan, yigirma sakkiz yoshida esa Makkaga haj safariga joʻnagan. Safardan qaytgach, Hakim at-Termiziy sufiylik yoʻlini tutgan: xilvatga ketib, nafsi, ammorani yengib, sufiyona risolalarni oʻrgangan.
Uning otasi Ali ibn Hasan bilimdon muhaddis olim boʻlgan, ilm izlab Bagʻdodga borgan, oʻsha davrning taniqli olimlari bilan hadisning turli masalalari borasida ilmiy munozaralarda faol ishtirok etgan. Volidai muhtara-masi hamda togʻasi ham hadisi nabaviyyaning durust bilimdonlari hisoblanishgan. Binobarin, Hakim at-Termiziy oʻz dunyoqarashiga ulkan taʼsir koʻrsatgan bilimli va ilmiy muhitda voyaga yetgan.
Yozma manbalarda Hakim at-Termiziy ustozlari haqida ishonchli maʼlumotlar keltirilgan. Uning dastlabki ustozi otasi Ali ibn al-Hasan at-Termiziy boʻlgan. Al-Xotiyb al-Bagʻdodiyning "Tarixi Bag`dod" asarida bir muncha maʼlumot keltirilgan. Ustozlari orasida Qutayba ibn Saʼid as-Saqafiy al-Balxiy (798 — 888-yillar), Ibn Xib-bonning "Mashxur kishilar to`g`risida kitob" asarida ancha dilbar gaplar aytilgan Solih ibn Abdulloh at-Termiziy, bir qancha vaqt Termiz qozisi boʻlgan Solih ibn Muhammad at-Termiziy, Sufyon ibn Vakiy` (vafoti 860-yil), Hasan ibn Umar ibn Shafiq al-Bahriy (vafoti 840-yil), Ahmad ibn Hadravayh (vafoti 854-yil), Abu Turob al-Naxshabiy, Yahyo ibn Maoz ar-Roziylar (vafoti 875-yil) boʻlishgan.
Hakim at-Termiziy xayoti va faoliyatini tavsiflovchi yozma manbalar maʼlumotiga asoslangan holda uning uzun hayotini quyidagi bosqichlarga boʻlish mumkin.
Birinchi bosqich — sakkiz yoshgacha boʻlgan bolalik yillari. Taassuflar boʻlsinki, uning hayotining bu davri haqida aniq maʼlumotlarga ega emasmiz. Shunday boʻlsa-da, u oʻz tengdoshlaridan farqli ravishda, shu yoshga xos turli oʻyinlarga koʻngil koʻymagan, balki oʻzini istiqboldagi ilmiy hayotga tayyorlab borgan — ustozlaridan koʻproq dars olgan, turli ilmlarni (ayniqsa kalom ilmini) oʻrgangan, sirli maʼnaviy hayotga oʻzini chogʻlagan, deb aytish mumkin.
Ikkinchi bosqich Hakim at-Termiziyning sakkiz yoshdan yigirma sakkiz yoshgacha boʻlgan hayotini oʻz ichiga oladi. Bu davrda u turli shayxlardan bilim oʻrgangan. Ilm izlab Sharqning boshqa shaharlariga borgan, Makkada boʻlib, Baytullohni ziyorat qilgan. Hayotining shu davrida u hadis oʻrganishga hamda fiqh masalalariga koʻproq eʼtibor bergan.
Alloma hayotining uchinchi bosqichida Qur`oni karimni chuqur oʻrganish bilan mashgʻul boʻlgan. U kalomullohni, uning mohiyatini chuqur oʻrganish, roʻza tutish, ibodat qilish, taqvo va hokazolar bilan shugʻullangan. Al-Antokiyning "Qalb muolajasi" falsafiy-tasavvufiy asari unga ayniqsa qattiq taʼsir koʻrsatgan.
Hakim at-Termiziyning shogirdlari ham koʻp boʻlgan. Bular: Abu Muhammad Yahyo ibn Mansur al-Qoziy (vafoti 960-yil), Abu Ali Mansur ibn Abdulloh ibn Xolid az-Zuhliy al-Hiraviy, Abu Ali al-Hasan ibn Ali al-Jurjoniy, Ahmad ibn Muhammad ibn Iso, Abu Bakr Muhammad ibn Umar al-Hakim al-Varroq, Muhammad ibn Jaʼfar ibn Muhammad ibn al-Xaysam ibn Umron ibn Burayda va boshqalardir.
Hakim at-Termiziyning ilmiy-ijodiy faoliyati uning boshqa mamlakatlar va shaharlarga sayohati bilan chambarchas bogʻliq. U Balxda, Nishopurda boʻlgan, fan va madaniyat yuksak rivojlangan Bagʻdodga borgan. Bu shaharlarda u mashxur olimlar bilan uchrashgan, ilmiy munozaralarda qatnashgan. Shunday boʻlsada, Hakim at-Termiziyning ilmiy-ijodiy hayotida uning ona shahri — Termiz juda muhim rol oʻynagan, oʻzining asosiy asarlarini alloma shu yerda yaratgan. Uning mavʼizayu xutbalari, shuningdek ayrim asarlari va, eng avvalo musulmonlik marosimlari, Allohga oshiqlik, sufiylarning ayrim toifalari, "xotamul anbiyo" bilan bir qatorda boʻlgan "xatmul avliyo" toʻgʻrisida mulohaza yuritilgan "Xatmul-avliyo", "Ilal ash-shari`a" faqihlar va arboblarning maʼlum qismida norozilik uygʻotgan. Hakim at-Termiziy badxohlar taʼqibidan qutulish uchun Balxga, soʻng Nishopurga ketishga majbur boʻlgan. U yerlarda allomani kuvonch bilan kutib olishgan. Keyinchalik u yerlarda tarafdorlari va izdoshlari koʻpaygan.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hakim at-Termiziy qalamiga mansub asarlar soni toʻgʻrisida yozma manbalarda turli raqamlarkeltirilgan. Baʼzi mualliflar uning asarlari adadi toʻrt yuzga boradi, deyishgan. Biroq koʻpchilik mualliflar uning asarlari soni saksonga yaqin, deb hisoblashadi. Abdulfattox Abdulloh Baraka yozishicha, Hakim at-Termiziyshshg toʻrt yuz asaridan oltmishga yaqini yetib kelgan. Eng muhimi, bizgacha allomaning ilmiy-maʼnaviy merosining asosini tashkil qiluvchi asarlari yetib kelgan (2). Ular orasidan, eng avvalo, 291 hadisni oʻz ichiga oluvchi "Navodir al-usul fi ma`rifat axbor ar-Rasul" nomli asarini koʻrsatib oʻtish zarur. Bu asarda Hakim at-Termiziy dunyoqarashi muayyan darajada bayon etilgan. "Navodir al-usul"ning bir qo`lyozma nusxasi Toshkentda, O`zbekiston musulmonlari diniy idorasining kutubxona fondida saqlanadi. Allomaning nashr etilgan boshqa asarlaridan "Kitob xaqiqat al-odamiya", "Adab an-nafs"ni sanab o`tish lozim. Hakim at-Termiziy asarlarining katta qismi bizgacha qo`lyozma tarzida yetib kelgan hamda jahondagi turli qo`lyozma fondlarida saqlanmokda. Chunonchi, alloma asarlarining qo`lyozmalari Parij, Qohira, Damashq, Iskandariya, Istambul va Londonda saqlanmoqda. Parij Milliy kutubxonasida (arab bo`limida 5018-inventar ostida) Hakim at-Termiziyning kuyidagi asarlari saqlanmoqda:
1. Kitob as-salot va maqosidiho.
2. Kitob al-hajj va asrorihi.
3. Kitob al-Ehtiyotot.
4. Kitob al-Jumal al-lozim ma`rifatiho.
5. Kitob al-Furuq va man` at-taroduf.
6. Kitob haqiqat al-odamiyya.
7. Kitob Urs al-muvahhadiyn.
8. Kitob al-Aʼzo val-nafs va yusammo kazalika gʻavr al-umur.
9. Kitob Manozil al-ibod min al-ibodati.
10.Kitob al-Aql val-havo.
11.Kitob al-Amsol min al-Kitob vas-Sunna.
12.Kitob al-Manohiy.
Damashqda, az-Zohiriyya kutubxonasida Hakim at-Termiziyning ikki asari va besh risolasi qoʻlyozmalari (tasavvuf turkumi, 104-raqami ostida); Misrdagi Iskandariya shahrida uch risolasi (Maktabat al-baladiyya, 3585-raqami ostida) saqlanmoqda. Allomaning Londonda saqlanayotgan asarlari roʻyxatida beshta risola koʻrsatilgan. Qohirada, "Dor al-kutub al-ilmiyya"da "Ilal al-u`budiyya" asarining qoʻlyozma nusxasi mavjud. "Kitob as-salot" asarining qisqartirilgan varianti boʻlgan bu risola koʻproq "Ilal ash-shariy`a" nomi bilan mashhur.
Bulardan tashqari, Leypsig va Istambulda ham uning baʼzi asarlari qoʻlyozmalari mavjud. Xakim at-Termiziyning asosiy asarlaridan biri — "Xat-mulavliyo" haqida biroz toʻxtab oʻtish maqsadga muvofiq. Koʻp vaqtgacha bu asar bizgacha yetib kelmagan, deb hisoblangan. Baxtimizga bu taxmin notoʻgʻri boʻlib chiqdi. Parij ilmiy-tadqiqot markazining islom qadriyatlari boʻlimi aʼzosi Usmon Ismoil Yahyo 1965-yilda Bayrutda "Xatmul-avliyo" ni chop ettirdi. 586 sahifadan iborat bu ulkan nashrga Hakim at-Termiziyning bir necha risolasi, shu jumladan tarjimai holiga oid oʻttiz ikki sahifadan iborat "Bad`u sha`ni Abu Abdullox" asari ilova qilingan. Uncha katta boʻlmagan ayni shu asarga asoslanib Hakim at-Termiziy hayoti xaqida haqikatga birmuncha yaqin maʼlumotlarga ega boʻlin-di. Unda allomaning hayoti, u dastavval padari buzurgvoridan taʼlim olgani, Kufa va Basraga sayohati, Makka ziyorati haqida yozilgan. Maʼlum boʻlishicha, alloma hadisi nabaviyyani aynan Kufada chuqur oʻrgangan ekan. Termizga qaytar ekan, yoʻl-yoʻlakay Qur`oni karimning maʼlum qismini yod olgan. "Xatmul-avliyo" mazmuni haqida gapiriladigan boʻlsa, 6u asarning asosiy mazmunini valoyatning haqligi, shuningdek uning nubuvvat va risolat bilan bogʻlik masalalari tashkil etishini qayd qilish darkor. Risola muqaddima hamda yigirma toʻqqiz bobdan iborat. Uning asosiy mazmuni muridning savollariga shayxning bergan javobi tarzida bayon etilgan.
Hakim at-Termiziyning bu asarida valoyat masalalari sufiylik tarixida ilk bor mutlaqo tugal nazariya tarzida tavsiflangan. Bu asar Termiz va Balxda yoyilgan mashhur "xakimiyya" sufiylari uchun sufiylik tarixida oʻziga xos yangi hodisa boʻlgan. Bu taʼlimot diniy vasiyatnoma yoki maʼrifiy dastur sifatida xizmat qilgan. "Xatmul-avliyo" sharq musulmonlari dunyoqarashiga kuchli taʼsir qilgan, shunga qaramay, yuqorida taʼkidlanganidek, ayrim faqihlar hamda arboblarda norozilik uygʻotgan.
Hakim at-Termiziyning sufiylik tarixidagi ahamiyati asosan uning risolalari bilan belgilanadi. Ularda "rux" va uning "holati" hamda "harakati" toʻgʻrisidagi, oʻzini-oʻzi takomil toptirish hamda tuban xatti-harakatlarni jilovlash usullari haqidagi, poklanishga olib keluvchi iztirob va shu kabilar sufiylik ruhiyatining rivojlanishiga ulkan taʼsir koʻrsatdi. Hakim at-Termiziy sufiyona "ma`rifat" ("hikmat")ni inson yetishishi mumkin boʻlgan oliy bilim deb hisoblagan. Bu bilimni u inson qalbidan joy olgan "ilohiy nur" ga oʻxshatgan. Shariat qoidalarini sharhlash va qoʻllashdan iborat boʻlgan odatiy ilmdan farkli oʻlaroq "ma`rifat" narsalarning ichki mohiyatini va oxir oqibatda, "ilohiy mohiyatni" anglab yetadi. Ilmni taʼlim jarayonida egallash mumkin boʻlsa, "ma`rifat" Allohning suygan bandalariga nozil qilgan rahmatidir. Ilmni tatbiq etish sohasi hamda vaqti cheklangan, "ma`rifat"ning esa cheki yo`q. Qalbini dunyo mehridan poklagan va Allohga oshiq bo`lganlargina ma`rifatga yetishadilar. Hakim at-Termiziy sufiy valiylarni shundaylardan deb hisoblagan. Ular qolgan dindorlardan ayni ma`rifatga yetishganliklari bilan ajralib turishadi.
Avliyo haqidagi sufiyona tasavvurlarni birinchi bo`lib nazariy asoslab, hukuk borasida ularni rusul va anbiyo bilan amalda tenglashtirgan ham, aftidan, Hakim at-Termiziydir. Allomaning risolat va valoyat nisbati, sufiylikdagi avliyolik darajasi to`g`risidagi g`oyalari taniqli olim Ibn Arabiy ijodida o`z rivojini topdi. Ibn Arabiy o`z asarlariga ko`pincha Hakim at-Termiziy risolalaridan katta-katta bo`laklar kiritgan. Tadqiqotchilar ta`kidlashicha, Hakim at-Termiziy budda-viylik, xristianlik va moniylik ta`limotlaridan xabardor bo`lgani ehtimol. Uning asarlarida shu ta`limotlar ta`sirini ko`rish mumkin. Allomaning chuqur va har tomonlama bilimini e`tirof etgan zamondoshlari unga faxrli al-Hakim — donishmand rutbasini bejiz berishmagan.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Hamidjon Homidiy. Tasavvuf allomalari. - Toshkent : "Sharq" nashriyoti, 2004 - 208 bet.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 650-653.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vikiiqtibosda Hakim at-Termiziyga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |