Kontent qismiga oʻtish

Mullo Shamsi Muhammad guzari

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Mullo Shamsi Muhammad
Umumiy maʻlumotlar
Mamlakat Oʻzbekiston
Shahar Buxoro
Tarixiy tuman Shayx Rangrez
Koʻchada joylashgan binolar Labihovuz ansambli
Nodir Devonbegi madrasasi
Nodir Devonbegi xonaqohi

Mullo Shamsi Muhammad guzari (yoki Sharshara, yana Bozori alaf nomlari ham ishlatiladi) — XVIII asrda tashkil topgan Buxoro shahri guzarlaridan biri. Guzar aholisining asosiy qismi savdo-sotiq bilan shugʻullanib kelgan.

Bu yerda maktab va masjid, masjid ichida bir necha hujralar boʻlganligi sababli masjidga nisbatan madrasa nisbasi ham qoʻllanadi. Nodir Devonbegi madrasasi, xonaqohi va hovuzning oʻzi, qisqasi Labihovuz ansambli shu guzar hududiga tegishli boʻlgan. Guzarning ziyoratgoh maskanlaridan biri — bu uch aka-uka mozori hisoblanadi. Guzarda Nodir Devonbegi xonaqohining mehrobida ularning eng yoshi kattasi Xoʻja Karim dafn etilgan. Oʻrta yoshlisi esa qoʻshni guzar boʻlmish Xoʻja halim guzariga koʻmilgan. Guzar nomi shu kishining ismidan olingan. Eng kichik yoshlisi Xoʻja Salim Mirzobiy guzar masjidi ichiga koʻmilgan. Guzarning ikki tarafi boʻylab savdo rastalari joylashgan. Hovuz atrofida holva-non, Bozori alafdan Toqi Sarrofongacha — chitfurushlik, tovuq bozori, chit rastalari, aylana toq ichidagi shaxsiy doʻkonlarda esa jun rumol sotilgan[1][2].

1927-yilgi olingan hisobotda yozilishicha, guzardan 47 xoʻjalik joy olgan boʻlib, unda 235 kishi istiqomat qilgan[3]. 1929-yil fevralda guzarlarni qayta roʻyxatga olish jarayonida Eski mahalla, Masjidi Alvonj, Mullo Shamsi Muhammad, Xoʻja halim guzarlari birlashtirilib, Ozod guzari deb nomlangan[4].

Labihovuz ansambli

Hozigi holati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hozir ham guzar deyarli eski holatida. Ammo hozirda aholisi juda kam. Guzarning hozirgi oʻrnida Labihovuz ansambli tashkil topgan boʻlib, uning tarkibiga Nodir Devonbegi madrasasi, masjidi, xonaqohi va alohida hovuz joylashgan. Tarixiy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan. Bozori alaf deb nom olgan joy esa, avtobuslar, marshrutlar, taksilar toʻxtaydigan oxirgi bekat vazifasini oʻtaydi. Guzarning quyi qismidan Najib Husaynov nomidagi koʻcha oʻtgan boʻlib, „Yoshlik“ nomli kinoteatr joylashgan[2].

  1. Ремпель, Л. И.. «Далёкое и близкое» (Бухарские записн), Ташкент, 1981. 
  2. 2,0 2,1 БУХОРО ГУЗАРЛАРИ ТАРИХИДАН ЛАВҲАЛАР 1995, s. 16.
  3. BuxDavArxiv 37-fond, I inv., 92 huj., 1—8 betlar
  4. BuxDavArxiv 37-fond, I inv., 254 huj., 28—30 betlar