Kontent qismiga oʻtish

Muzrobshoh Xorazmiy maqbarasi

Koordinatalari: 41°19′45″N 61°04′07″E / 41.32926313072783°N 61.06870066510247°E / 41.32926313072783; 61.06870066510247
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Muzrobshoh Xorazmiy maqbarasi
Joylashuvi Hazorasp tumani, Xorazm viloyati
Koordinatalar 41°19′45″N 61°04′07″E / 41.32926313072783°N 61.06870066510247°E / 41.32926313072783; 61.06870066510247
Turi maqbara
Arxitektura uslubi Xorazm meʼmorchiligi
Asoschi Abulgʻozixon
Asos solinishi 1655-yil
Mashhur kishilari Abu Muharram Muhammad Muzrobshoh Xorazmiy
Qarovchi Xorazm viloyati Madaniy meros boshqarmasi
Qurilish materiali pishiq gʻisht
Map
Muzrobshoh Xorazmiy maqbarasi xaritada

Muzrobshoh Xorazmiy maqbarasi – XVIXVIII asrlar Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi meʼmoriy yodgorlik[1]. Maqbara Xorazmdagi davlat va din arbobi boʻlmish Muzrobshoh sharafiga bunyod etilgan[2]. Maqbara bir xonali, peshtogʻi gumbazli, pishiq gʻishtdan qurilgan boʻlib, ortiqcha bezak ishlatilmagan. Maqbara tarhi 7,3x8,3 m, goʻrxona murabba tarhli 4,9x4,9 m. Peshtoqi Xorazm meʼmorchiligiga xos uslubda – kiraverishi chuqur ravoqli, ikki yon tomonlariga va tepasiga mayda ravoqchalar ishlangan. Yuqorisi gʻishtli sharafa bilan yakunlangan. Mahalliy aholi tilida bu maqbara „Shohpir qadamjosi“ deb ataladi[3].

Muzrobshoh Xorazmiy maqbarasi XVIXVIII asrlarga oid boʻlib, hozirda Hazorasp tumani, Oybek MFY, Muxomon qishlogʻida joylashgan[1]. Maqbara nomi VIII asrda yashagan Xorazm podshosi Abu Muharram Muhammad Muzrobshoh nomi bilan bogʻliq. Muzrobshoh 705-yilda tugʻilib, 775-yilda vafot etgan. Muzrobshoh Xorazmiyni Hazorasp shahrining bosh qabristoniga dafn qilishgan[1]. Muzrobshoh Xorazmiyning hurmati sababli ushbu maqbara aholi oʻrtasida Shohbobo, Hazrati shoh va Shohpir nomi bilan ham tanilgan. Sharqshunos olimlar Abdulla Ahmedov, Roʻzimboy Olloyorov, viloyat bosh imom-xatibi Xayrulla Abdullayevlarning oʻrganishlari natijasida shu maʼlum boʻldiki, Muzrobshoh Xorazmiy Abu Muslimning safdoshi boʻlgan[3]. Xalq tomonidan „Shohpir“ deb atalashiga esa asoschisi Ali ibn Abu Tolib boʻlgan javonmardlik tariqatini tarqatishi, koʻplab muridlari boʻlganligidadir[3].

Qabr ustiga oʻz davrida qurilgan maqbara yillar oʻtishi tufayli buzilib ketgan. Ushbu maqbara oʻrnida XVII asr oʻrtalari, yaʼni 1655-yilda Abulgʻozixon farmoniga koʻra yangi maqbara qurilgan[3]. Muzrobshoh nomli yana bir maqbara Darxonda mavjud. Maqbara toʻgʻri toʻrtburchakli hajmda, prizmasimon geometrik shaklda. Maqbarada simmetrik, bir nechta yarusli ravoqlarning jipsligi orqali murakkab relyefni hosil qilgan peshtoq yagona bir fasad sifatida barpo etilgan. Kirish eshigining arkasimon ravogʻidan boshqa peshtoqning ikkinchi yarusidagi ravoqlar chuqurlashgan holda ishlangan boʻlib, bir nechta qavatdan yashkil topgan. Ushbu uslubdagi meʼmoriy yodgorliklar Husayn bobo va Hoji Amin maqbaralarida ham uchraydi. Gumbaz sakkiz qirrali oʻqsimon arkalardan tashkil topgan. Suvoqlanmagan, xona devorlarida xovvozalar qurilmasini eslatib turuvchi konsol yogʻoch ishlanmalar mavjud[1].

Hozirgi kunda maqbara atrofida qabriston va uning janub tomonida ikki ming kishi ibodat qiladigan jome masjidi joylashgan[3].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 „Muzrob shox Xorazmiy maqbarasi“.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Erpoʻlat BAXT. „Qadimiyatning fayziyob maskani“ (2022-yil 23-iyun).



  • Man kovskaya L., Bulatova V., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.