Notariat
Notariat (lotincha: notarius — mirza, kotib) — yuridik ahamiyatga ega boʻlgan huquqlar va faktlarni tasdiqlash vazifasi topshirilgan va qonunda nazarda tutilgan boshqa notarial harakatlarni bajaruvchi organlar tizimi. Oʻzbekiston Respublikasida davlat va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarial idoralar Notariat tizimini tashkil etadi, ular boʻlmagan aholi yashaydigan joylarda baʼzi notarial harakatlar fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollar) tomonidan amalga oshiriladi. Notarial idoralar yuridik faktlarni belgilaydigan va fuqarolik huquqlari toʻgʻrisidagi nizolarni hal qiluvchi sud muassasalaridan farqlanadi. Bu idoralar fuqarolar bilan bevosita uchrashish yoʻli bilan yoki qonunda koʻrsatilgan hollarda hujjatlarga asosan nizosiz huquqlarni va yuridik faktlarni tasdiqlaydi va shu kabi amallarni bajaradi.
Oʻzbekiston Respublikasida Notariatning tashkil etilish prinsiplari va faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining "Notariat toʻgʻrisida"gi qonuni (1996-yil 26 dekabr), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Notariat toʻgʻrisida chiqargan qarorlari va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan "Oʻzbekiston Respublikasi notarial idoralari tomonidan notarial harakatlarni bajarish tartibi toʻgʻrisida"gi, "Oʻzbekiston Respublikasi davlat notarial idoralarining notariuslari va xususiy amaliyot bilan shugullanuvchi notariuslarning notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida"gi 1997-yil 28-apreldagi qoʻllanmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hayʼatining 1997-yil 28-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan "Oʻzbekiston Respublikasi davlat notarial idoralarida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning ish yuritish tartibi haqida"gi, "Oʻzbekiston Respublikasi shaharchalar, qishloqlar va ovullar fukarolari yiginlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan belgilangan notarial hara-katlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida"gi qoʻllanmalari hamda boshqa huquqiy hujjatlarga asoslanadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |