Notarial harakatlar
Notarial harakatlar - notarial idoralar (notariat) tomonidan huquqiy harakatlarni tasdiqdash, shahodatlash va hujjat berish borasida amalga oshiriladigan ishlar. O‘zbekiston Respublikasida Notarial harakatlarni davlat notarial idorasida ishlovchi yoki xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar amalga oshiradi. Notariuslar bo‘lmagan aholi punktlarida fuqarolar yig‘inlarining raislari (oqsoqollari), boshqa davlatlarning hududida O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining ushbu harakatlarni amalga oshirish vakolati berilgan mansabdor shaxslari amalga oshiradi. O‘zRda Notarial harakatlar va ularni amalga oshirish qoidalari avvalo Notariat to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 26-dekabrdagi qonuni (o‘zgartish va qo‘shimchalar 2003-yil 25-aprelda kiritilgan), shuningdek, adaga oid Adliya vazirligi chiqargan qo‘llanma hamda boshqa huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Qonunga ko‘ra, davlat notarial idoralarida ishlovchi notariuslar: bitimlarni vasiyatnomalarni tasdiqlaydi, er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga mulk huquqi to‘g‘risidagi guvohnomalarni beradi; mol-mulkni o‘zga shaxsga o‘tkazishni taqiqlab qo‘yadi va taqiqni bekor qiladi; merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma beradi; meros mol-mulkning qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlar ko‘radi; hujjatlar nusxalarining bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qilinganligini; hujjatlardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlaydi; ko‘chmas mulk ochiq savdoda sotib olinganligi haqida guvohnoma beradi; fuqaroning tirik ekanligi, muayyan joyda ekanligi, fotosuratda aks ettirilgan shaxs ekanligini tasdiqlaydi va hokazo. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar mol-mulkni o‘zga shaxsga o‘tkazishni taqiqlab qo‘yish va taqiqni bekor qilish, merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish va meros mol-mulkni qo‘riqlash chora-tadbirlarini ko‘rish harakatlaridan boshqa barcha notarial harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega. Shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yig‘inlarining raislari (oqsoqollari) quyidagi Notarial harakatlarni amalga oshiradi: vasiyatnomalarni, ishonchnomalarni tasdiqlaydi, avtotransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar bundan mustasno; meros mol-mulkning qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlar ko‘radi; hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan ko‘chirmalarning to‘g‘riligini shahodatlaydi, ma’lumot haqidagi hujjat nusxalari bundan mustasno; hujjatlardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlaydi. O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalari quyidagi Notarial harakatlarni amalga oshiradi: bitimlar, shartnomalar, vasiyatnomalar, ishonchnomalar va hokazo)ni tasdiqlaydi. O‘zRdagi uy-joylarni boshqa shaxsga o‘tkazish va garovga qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomalar bundan mustasno; fuqaroning tirik ekanligi, fotosuratda aks etgan shaxs ekanligi va shaxsini tasdiqlaydi.
Notarial harakatlar notarial idora yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi joylashgan binoda, fuqaro kasalligi, nogironligi tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra bora olmaydigan ayrim hollarda mazkur fuqaro turgan joyda, kasalxonada yoki boshqa joyda amalga oshirilishi mumkin. Notarial harakatlar haq to‘langanidan so‘ng zarur bo‘lgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kuni amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasida Notarial harakatlar davlat tilida olib boriladi. Rasmiylashtirilgan hujjat matni fuqarolarning talabiga binoan, notarius yoki Notarial harakatlarni amalga oshiruvchi shaxs tomonidan rus tilida yoki imkon bo‘lsa, boshqa maqbul tilda beriladi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |