Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston sanatoriysi (Sochi)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekiston sanatoriysi
Санаторий Узбекистан
Umumiy maʼlumot
Shahar Sochi
Mamlakat Rossiya Rossiya
Balandligi
Eng yuqori qavati 14
Dizayn va konstruksiya
Meʼmor
  • V.Shavernev
  • A.Potrebich
  • B.Usmonov
  • D.Latipov
Muhandis
  • I.Yaroshevskiy
  • V.Ochinskiy
Boshqa dizaynerlar Abdurahmon Sultonov
Mukofotlar "Hamza" mukofoti

Oʻzbekiston sanatoriysi – Rossiyaning Sochi shahrida joylashgan sanatoriy[1][2]. 1977-yil 7-yanvarda Sochi shahrida ochilgan boʻlib, SSSR davrida faoliyat yuritgan. SSSRning qulashi oqibatida, oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Rossiya Ichki ishlar vazirligining „Salyut“ sanatoriysi tarkibida.

Sanatoriyning qurilishi oʻzbek siyosatchisi Sharof Rashidov nomi bilan bogʻliq[3]. XX asrning 70-yillarida Oʻzbek SSR hukumati tomonidan Moskvaga Sochi shahrining Matsesta mikro hududi yaqinida sanatoriy qurish uchun ruxsat xati yuboriladi.

Loyiha bosh meʼmori Vnukov sanatoriy qurilishi haqida mualliflik kitobida shunday degan[4]:

...Oʻzbekiston vazirlar kengashidan bizning ijroiya qo'mitaga sanatoriy qurish uchun yer maydon ajratib berish uchun xat kelgandi. Shahar rahbariga bu haqida xabar berdim hamda u maʼqulladi. Biz oʻzbek hukumatiga javob yubordik. Oradan 3-4 oy oʻtdi. Ular allaqachon sanatoriyning loyihalash ishlarini boshlab yuborgan ekanlar. Qurilishga Toshkentdan ko‘plab rassomlar, xalq hunarmandlari, yog‘och o‘ymakorlari jo‘natilgan...

Loyihalash ishlariga koʻra, qurilish ishlari 2 bosqichda amalga oshirilishi kerak boʻlgan. Biroq, faqatgina 1-bosqich muvaffaqiyatli yakunlangan. 2-bosqich amalga oshirilmagan.

Rus muhandisi Igor Yaroshevskiy „Arxitektura va kuch“ kitobida qurilish jarayonlari haqida fikr bildirgan:

O‘zbekiston sanatoriysi haqidagi hikoya alohida hikoya qilishga arziydi. V.Ochinskiy loyiha ustida ishlay boshladi. Keyin u meni qo‘shilishga taklif qildi. A.Potrebich va V.Shavernev bilan birgalikda o‘z variantimni tuzib, institutimizga kelgan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy komitetining birinchi kotibi Sharof Rashidovich Rashidovga ko‘rsatdim. Ikki karra Sotsialistik mehnat qahramoni Rashidov ancha jiddiy yozuvchi edi va u bilan bahs olib borish mushkul edi. Loyihamizni ma’qullab, zudlik bilan qurilishni boshlash haqida buyruq berdi. Biz oʻzbek milliy naqshlaridan iborat dizaynni tayyorladik. Sanatoriy ochilishida Medunov va respublika rahbarlari mehnatimizni yuqori baholadilar. Afsuski biz loyihani to'liq amalga oshira olmadik...

2014-yilda Sochida oʻtkazilgan 2014-yilgi Qishki Olimpiada oʻyinlari sabab, sanatoriyning koʻp qavatli binosi taʼmirlangan.

Qurilish ishlarida ishtirok etgan V.Shavernev, A.Potrebich, B.Usmonov, D.Latipov, I.Yaroshevskiy va V.Ochinskiylar 1976-yilda Hamza mukofoti bilan taqdirlangan.