Kontent qismiga oʻtish

Oʻzgan zilzilasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Oʻzgan zilzilasi
Oʻzgan zilzilasi (Qirgʻiziston)
Sana va vaqti 12-iyul, 1924-yil(1924-07-12)
Miqdori 8.9 Mw
Chuqurligi 22.0 km (13.7 mi)
Taʼsir doirasidagi davlatlar (hududlar) Zilzila:
Qirgʻiziston bayrogʻi Qirgʻiziston
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Tojikiston bayrogʻi Tojikiston

Oʻzgan zilzilasi — 1924 y 6 va 12-iyulda Fargʻona vodiysining jan,sharqida Oʻzgan shahri atrofida sodir boʻlgan zilzilalar. Ularning magnitudasi 6,4 va 6,5 boʻlib, birinchisi 7—8 ball, ikkinchisi 8—9 ball bilan tebrangan. Toʻsatdan yer ostidan chiqqan guldiragan kuchli tovush odamlarni vahimaga solgan. Zilzila oʻchoklari yer qaʼrida 22 km dan 14 km gacha boʻlgan chuqurlikda joylashgan. Epitsentr zonalari Qurshob atrofidagi antiklinal geologik strukturalar bilan bogʻliq boʻlib, Qurshob yer yoriqlari boʻyicha yunalgan. Ana shu yer yoriqlarining hozirgi zamon tektonik harakatlari natijasida yer osti qatlamlarning bir-biriga nisbatan siljishi zilzila oʻchoqlarini kelib chiqishiga sabab boʻlgan. Bu zilzilalardan Oʻzgan, Yassi va Andijon shahrilari va atrofdagi qishloqlar katta talafot koʻrgan. Ayniqsa, 12-iyuldagi tebranish natijasida bu joylarda 2000 ga yaqin binolar yer bilan yakson boʻlib, 950 tasiga katta shikast yetgan. Andijon shahrida 1902-yildagi zilziladan soʻng qurilgan yangi imoratlar ham zarar koʻrgan. Uzganda faqat masjid minorasi saqlanib qolgan. Zilziladan Qurshob daryosi sohilida paydo boʻlgan koʻchkilar yoʻl va qishloqlarga yopirilib tushib, bir necha oʻnlab odamlar va chorva mollarini halokatga uchratgan hamda 100 ga yaqin imorat koʻchkilar tagida qolgan. Quduqlarda suv sathi koʻtarilib, baʼzi joylarni suv bosgan.

Oldiyor togʻlari yon bagʻrida yer yorilgan va togʻ jinslari harakatga kelib, kattakatta tosh boʻlaklari qulagan va baʼzi joylarda oʻpirilmalar hosil boʻlgan. Keyingi yillarda seysmotektonik izlanishlar natijasida Qurshob yer yoriqlarida 7—8 balli zilzilalar boʻlish ehtimoli boʻlgan Qurshob seysmogen zonasi ajratilgan. Bu zonaning davomida 1974-yilda bir necha kuchli zilzilalar boʻlgan.