Obid Akramxoʻjayev
Obid Akramxoʻjayev | |
---|---|
Tavalludi |
12-oktyabr 1920-yil Toshkent |
Vafoti |
15-sentyabr 1996-yil (75 yoshda) |
Fuqaroligi | Geologiya, geofizika |
Taʼlimi | Oʻrta Osiyo industrial instituti |
Mukofotlari |
Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan fan arbobi |
Obid Murodovich Akramxoʻjayev (1920.12.10 – Toshkent — 1996.15.9) – geolog olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1966), Oʻzbekistonda (1964) va Qoraqalpogʻistonda (1964) xizmat koʻrsatgan fan arbobi, professor, geologiya-mineralogiya fanlari doktori (1959). Oʻrta Osiyo industriya institutini tugatgan (1945).
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Geologiya institutida katta ilmiy xodim, paleogeografiya laboratoriya mudiri (1950—1957), Butunittifoq neft geologik-qidiruv institutining Oʻzbekiston filiali direktori (1957—1959). Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumi aʼzosi, Yer haqidagi fanlar boʻlimi raisi (1964—1976) va 1970-yilgacha Fanlar akademiyasi Ishlab chiqaruvchi kuchlarni oʻrganuvchi kengash raisi. Oʻzbekiston Geografiya jamiyatining prezidenti (1976—1990). 1959—1988-yillarda Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruv ilmiy tadqiqot instituti direktori, 1988—1989-yillarda shu institut maʼmuriyati qoshida maslahatchi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Fanlar akademiyasi Yer haqidagi fanlar boʻlimi raisi (1990—1992), 1992-yildan Fanlar akademiyasining Neft va gaz geologiyasi, geokimyosi markazi rahbari. Akramxoʻjayevning asosiy ilmiy ishlari neftgaz konlari litologiyasi, neft geologiyasi va geokimyosi, neft va gaz zaxiralarini oldindan hisoblashning hajmiy-genetik metodini ishlab chiqishga oid. Akramxoʻjayev rahbarligida va faol ishtirokida 1967-yilda Ustyurt geologiyasi va uning neft hamda gaz sohasidagi istiqboli toʻgʻrisida 2 jildli monografiya nashr etildi. Oxirgi 20 yil ichida neft va gaz karbongidrogenlarining paydo boʻlishi, ularning migratsiyasi, konlarning hosil bulishi va joylanish qonuniyatlarini oʻrganishga salmoqli hissa qoʻshdi. Uning „Nigut gʻorining siri“ ilmiy sarguzasht qissasi shu nomdagi toʻla metrajli badiiy filmga asos boʻldi. „Hayot saboqlari“ esdaliklari (1995) nashr etilgan. Geologlarning xalqaro miqyosdagi bir qancha kongresslari qatnashchisi. Toshkent shahridagi koʻchalardan biri Akramxoʻjayev nomiga qoʻyilgan[1].
Tarjimai holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1920-yil 12-oktyabrda Toshkent shahrida dehqon oilasida tugʻilgan. Otasi 1922-yili Chimkent yaqinida bosmachilar tomonidan oʻldirilgan[2].
1929—1933-yillarda G. V. Chicherin nomidagi bolalar uyida tarbiyalangan.
1933—1936-yillarda Toshkentdagi ishchilar aloqa fakultetida tahsil olgan.
1936—1939-yillarda Oʻrta Osiyo davlat universitetining geologiya va tuproq fakultetida tahsil olgan. 1939-yilda u oʻqigan guruh Oʻrta Osiyo sanoat institutiga koʻchirilib, u yerda 1945-yilgacha, tanaffus bilan – 1940—1944-yillarda oʻqishni davom ettirdi, 1946-yilda Toshkent maktablarida oʻqituvchi va bosh oʻqituvchi boʻlib ishladi.
1947—1951-yillarda aspiranturada oʻqib, „Janubi-sharqiy Fargʻona yuqori boʻr yotqiziqlarining petrografik-mineralogik xususiyatlari“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan[3].
1950-yildan KPSS aʼzosi.
1951—1957-yillarda Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi H. M. Abdullaev nomidagi Geologiya va geofizika institutida katta ilmiy xodim, soʻngra paleogeografiya laboratoriyasi mudiri.
1957-yildan Butunittifoq ilmiy tadqiqot geologiya-qidiruv neft instituti (VNIGNI) Oʻzbekiston filiali direktori, 1959-yildan yangi tashkil etilgan Neft va gaz konlari geologiyasi va razvedkasi instituti(NGKGRI) direktori.
1959-yilda „Fargʻona depressiyasining neft va gazli boʻr konlarining litologiyasi“ monografiyasini nashr ettirdi va shu yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1962-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi, 1966-yildan haqiqiy aʼzosi (akademik) etib saylangan.
1967-yilda neft geologlari jamoasi tarkibida „Gʻarbiy Oʻzbekistonning (Qoraqalpogʻiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi) yangi gaz-neftli rayonini sanoatni rivojlantirish istiqbollari“ asari uchun I. M. Gubkin mukofoti laureati boʻldi.
1979-yilda Oʻzbekiston rif majmualarida gaz, gaz kondensati va gaz oltingugurtning yirik zaxiralarini kashf etgani va oʻrgangani uchun SSSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston hududining neft va gaz tarkibining bir qator prognoz xaritalari uchun SSSR xalq xoʻjaligi yutuqlari koʻrgazmasining kumush (1972) va oltin (1978) medallari bilan taqdirlangan[4].
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Xotini – Fayzullaeva Mamlakat, shifokor.
- 5 nafar farzandi bor (1960-yilga qadar).
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oktyabr Inqilobi ordeni (10.10.1980);
- Mehnat Qizil Bayroq ordeni – ikki marta;
- „Hurmat Belgisi“ ordeni;
- „Shavkatli mehnat uchun“ medali;
- OʻzSSR Oliy Kengashi Prezidiumi, SSSR va OʻzSSR Geologiya vazirliklarining Faxriy yorliqlari;
- Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan fan arbobi.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Paleozoy va mezozoy qatlamlarining petrografik tuzilishi, T., 1960;
- Qoraqalpogʻistonda geologiya va neftgaz mavjudligiga doir baʼzi bir masalalar, T., 1962; Genezis nefti i gaza, M., 1967;
- Geologiya i metodi izucheniya neftegazonosnosti drevnix delt, M., 1986.Ad: Shayxov H., Zamin shaydosi, T., 1990.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Avtobiografiya, 1959-yil.
- ↑ „Академику АН УзССР Абиду Муратовичу Акрамходжаеву- 60 лет“ (ru). geolib.ru. Qaraldi: 30-noyabr 2023-yil.
- ↑ „К 100-летию со дня рождения АКРАМХОДЖАЕВА АБИДА МУРАТОВИЧА“ (ru). ing.uz (2020-yil 15-oktyabr). Qaraldi: 30-noyabr 2023-yil.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
- 12-oktyabrda tugʻilganlar
- 1920-yilda tugʻilganlar
- Toshkentda tugʻilganlar
- 15-sentyabrda vafot etganlar
- 1996-yilda vafot etganlar
- Oktabr Inqilobi ordeni sohiblari
- Mehnat Qizil Bayroq ordeni sohiblari
- Hurmat Belgisi ordeni sohiblari
- Shavkatli mehnat uchun medali sohiblari
- Olimlar haqidagi chala maqolalar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arboblari
- Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi akademiklari
- Toshkent davlat texnika universiteti bitiruvchilari