Kontent qismiga oʻtish

Odiljon Yusupov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Odiljon Yusupov
Tavalludi 1928-yil 19-may
Vafoti 1993-yil 4-sentyabr
Toshkent
Kasbi Qoʻshiqchi, sozanda
Unvoni Oʻzbekiston xalq hofizi

Odiljon Yusupov (1928-yil 19-may Baliqchi tumani — 1993-yil 4-sentyabr) — qoʻshiqchi, sozanda (doira, dutor, gʻijjak). Oʻzbekiston xalq hofizi (1991)[1].

Odiljon Yusupov 1928-yil 19-mayda Andijon viloyati Baliqchi tumani Xoʻjaobod qishlogʻida dunyoga kelgan. Oʻzi ustazoda boʻlsa-da, Odiljon Yusupov andijonlik Moʻmin qori, H.Fozilov, M.Nishonov, Mamatxoʻja eshon, Saidali qori, Shokir qori va Joʻraxon Yusupovlardan xonandalik sanʼati hamda katta ashula yoʻllarini oʻrgangan. Keyinchalik ular bilan hamnafas boʻlgan. Shuningdek, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Mashrab, Yassaviy, Muqimiy, Furqat, Mahtumquli, Haziniy, Habibiy singari hassos shoirlarning gʻazallari bilan kuylanuvchi qoʻshiqlarni oʻrgangan. Shunday qilib, Odiljon Yoqubov, oʻzbek mumtoz sanʼatining eng kichik boʻgʻini „katta ashula“ ijrochilik sanʼati darslarini oʻrgangan.

Odiljon Yusupov „Jononim mening“, „Sarafroz etgali keldik“, „Aylansin koʻngling“, „Qoyilman“, „Dugohi Husayniy“ singari qoʻshiqlarni ijro etgan.

Odiljon Yusupov 1972-yili Oʻzbekiston televideniyesi orqali efirga uzatiluvchi „Marhabo, talantlar“ koʻrsatuvida qatnashgan. 1981-yil Namangan madaniy oqartuv texnikumini tugatgan[2].

1950—1955-yillari Norin tumani xalq teatrida xonanda boʻlib faoliyat yuritgan. Baliqchi tumanida „Zilol“ nomli badiiy havaskorlik ansambli yaratilib, keyinchalik Oʻzbekistin xalq etnografik ansambli unvoni bilan taqdirlangan. 1956-yildan ushbu tumanda ansambl rahbari boʻlgan. Huddi shu yili „Tarona“ nomli ansambl ham tuzgan, ushbu ansamblga ham xalq ansambli nomi berilgan.

Odiljon Yusupov kuchli, baland, jarangdor ovoz sohibi, ijrosiga badihagoʻylik xos.

Repertuaridan katta ashula („Boʻlib dilbar“, „Ey sanam“, „Quling“, „Ey dilbari jononim“ va boshqalar), ashula va maqom yoʻllari („Yor kelib ket“, „Keldim“, „Boqqancha boʻlmas“, „Dugohi Husayniy“ va boshqalar) oʻrin olgan.

Aka uka Vahobovlar, A.Shokirov, M.Rahmatullayev, oʻgʻillari — Abduvahob, Abdusattor, Zokirjon Odilovlar va boshqalarga ustozlik qilgan.

Odiljon yusupov 1985-yili katta ashula ijrochisi sifatida hamnafas shogirdi Nabijon Saidnazarov bilan birga Yevropa mamlakatlarida gastrol safarida boʻlib, Italiya, Fransiya, hamda Sheysariyada boʻlib oʻtgan festivalda qatnashgan.

Odiljon Yusupov hofiz boʻlish bilan birga sozandalik bilan ham shugʻullangan. Gʻijjak, tor, tanbur hamda doira usullarini chala bilgan.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi „Oltin fondi“da Odiljon Yusupov ijro etgan ashulalari, shuningdek, „Ochun“, „Odil hofiz“, „Meros“ kabi videofilmlari saqlanib kelinmoqda.

Odiljon Yusupov respublikada oʻtkazilgan koʻpgina musiqa festivallari va tanlovlari sovrindori. Baliqchi tumanida katta ashula ijrochilik mahorati maktabini tashkil qilgan (1990).

Odiljon Yusupov 1993-yil 4-sentyabr sanasida 65 yoshida vafot etgan.

Shaxsiy hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odiljon Yusupov Qiyomxon Yusupova bilan turmush qurib oʻn bir nafar farzand dunyoga keltirgan. Farzandlarining toʻrt nafari: Abduvahob, Abdusattor, Abdumannob va Zokirjon Yusupov otasi kabi sanʼat sohasida faoliyat olib boradi.

Mukofot va unvonlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odiljon Yusupov 1990-yilda „Oʻzbekiston xalq hofizi“ nomli unvon bilan taqdirlangan.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 226-bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. Qaraldi: 15-iyun 2023-yil.