Oqgulli shirach
Oqgulli shirach | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Yuksak oʻsimliklar |
Sinf: | Bir urugʻpallalilar |
Turkum: | Shirach |
Oila: | Piyozdoshlar |
Binar nomi | |
Eremurus lactiflorus |
Oqgulli shirach (lotincha: Eremurus lactiflorus) – bir urugʻpallalilar sinfi, piyozdoshlar oilasi, lshirach turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Piskom, Ugom, Chotqol, Qorjontov tog‘ tizmalarida tarqalgan[1].
Tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Boʻyi 45-100 sm gacha yetadigan koʻp yillik gulli oʻsimlik. Ildizpoyasi urchuqsimon yogʻonlashgan. Barglari keng qalami nashtarsimon, eni 13-25 mm yuzasi silliq, tuksiz. Guloldi bargchalari ingichka uchburchak nashtarsimon. To‘guli shingil. Gulqoʻrgʻoni oddiy tuzilgan, bir tomirli, bo‘laklari o‘zaro qo‘shilmagan, erkin. Changchilari notekis taqsimlangan, gultojibarglaridan qisqaroq. Gultojibarglari oq yoki och sariq tusda. Gulkosachabarglari olti dona, yashil rangda. Gullari ikki jinsli. Hasharotlar yordamida changlanadi. May-iyun oylarida gullab, mevasi iyulda pishib yetiladi. Mevasi quruq koʻsakcha, yumaloq, uch boʻlakli, silliq, eni 20-30 mm. Urug‘i va vegetativ yoʻl bilan koʻpayadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kichik toʻplar hosil qilib oʻsadi, Toshkent viloyati hududida oʻsuvchi 50.000 tupi borligi aniqlangan. Piskom, Chotqol, Qorjontov togʻ tizmalarida tarqalgan. Togʻlarning oʻrta qismidagi toshli va shagʻalli tuproqlarda oʻsadi. Aholi tomonidan chora mollarining boqilishi, yangi yerlarning oʻzlashtirilishi va manzarali oʻsimlik sifatida yigʻilishi sababli areali qisqarib ketgan. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Botanika bogʻida ekib oʻstirilmoqda. Chotqol biosfera qoʻriqxonasi va Ugom Chatqol davlat milliy tabiat bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Eremurus lactiflorus“.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.