Kontent qismiga oʻtish

Orif Olimjonov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Orifjon Olimjonovdan yoʻnaltirildi)
Orifjon Olimjonov
Tavalludi 1898-yil
Vafoti 1929-yil
Leningrad
Faoliyat yillari 1919—1929

Orifjon Olimjonov (1898-yil, Jizzax – 1937-yil 9-oktyabr, Leningrad) – Samarqand viloyati xalq taʼlimi boʻlimi mudiri, OʻzSSR Markaziy ijroiya qoʻmitasi raisi Yoʻldosh Oxunboboyevning shaxsiy kotibi.

Orifjon Olimjonov 1898-yilda Jizzax shahrida tugʻilgan. Dastlabki taʼlimni jadid va rus-tuzem maktablarida olgan. Otasi 1916-yilda sodir boʻlgan Jizzax qoʻzgʻolonining yetakchilaridan biri boʻlgan. Qoʻzgʻolon bostirilgach qamoqqa olingan. Orifjon Olimjonov otasini oqlash maqsadida siyosatga qadam qoʻydi. Orifjon Olimjonov 1919-yildan 1920-yilgacha musulmon yoshlari jamiyatining faol aʼzolaridan boʻlgan. U sovet maʼmurlari nazariga tushib, 1920–yildan 1922-yilga qadar Jizzax shahrining yoshlar ittifoqida (komsomol) mas’ul kotib vazifasida ishlagan.

Orifjon Olimjonov 1922—yilda Samarqand viloyat komsomol kotibi etib saylanadi. Bu vazifada 1923-yilgacha faoliyat yuritgan. 1924-yildan 1925-yilga qadar Samarqand viloyatining APO mudiri lavozimida ishlagan. 1925-yildan boshlab bir yil davomida Samarqand qishloq xoʻjalik texnikumi direktori boʻlgan. 1926—1927-yillarda Samarqand viloyati xalq taʼlimi boʻlimi mudiri vazifasida ishlagan[1]. O. Olimjonov 1927-yilda Erondan qaytgan doʻsti Turobbek Toʻrabekov (Toʻrabekov milliy istiqlolchilik harakati aʼzosi sifatida sovetlarga qarshi kurashgan. Avval Afgʻonistonga, soʻngra Eronga qochib ketgan edi)ga uyida yashab turishga ruxsat beradi.

Orifjon Olimjonov 1928–yildan 1930-yilgacha Yangi turk alifbosi markazi kengashida mas’ul kotib boʻlgan, shu bilan birda Samarqand shahar okrug kompartiyasi tashkiliy boʻlimida mudir oʻrinbosari sifatida ishlagan. Bu vaqt oraligʻida Olimjonovning „Maorif va oʻqitgʻuvchi“ jurnalida bir qator maqolalari chop etilgan Ularning aksariyati lotin alifbosi toʻgʻrisida edi. Olimjonov 1930-yilning mart-iyun oylarida Andijonga yuborilgan va okrug kolxoz ittifoqining raisi vazifasiga tayinlangan. 1930-yil iyundan OʻzSSR Markaziy ijroiya qoʻmitasi raisi Yoʻldosh Oxunboboyevning shaxsiy kotibi lavozimida ishlagan. Biroq Olimjonovga 1929-yilning noyabr oyida soxta ayblovlar qoʻyiladi. Uni 1923-yilda Turkiya va Eronga pul joʻnatgan degan ayblov bilan qamoqqa olinadi. 1932-yilning 14-oktabrda esa OGPUning Oʻrta Osiyo boʻlimi tomonidan 10 yil muddatga mehnat tuzatish lageriga hukm etiladi. Olimjon Orifjonov jazoni Soloves lagerida oʻtaydi. 1937-yilning 9-oktabrida Leningradga keltirilib, otib tashlanadi.

Orifjon Olimjonov 1974-yil 30-avgustda OʻzSSR Oliy sudi tomonidan oqlangan va bu xabar oʻgʻli tibbiyot fanlari doktori, professor Oʻktam Oripovga yetkazilgan[2].