Turobbek Toʻrabekov
Turobbek Toʻrabekov | |
---|---|
Tavalludi |
1898-yil |
Vafoti |
1929-yil Jizzax |
Faoliyat yillari | 1917—1929 |
Turobbek Toʻrabekov (1898-yil, Jizzax – 1929-yil, Jizzax) – Sovet hukumatiga qarshi kurashgan milliy istiqlolchilik harakati aʼzosi.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]1898-yili Zomin tumanining Achchi qishlogʻi Qultepa mahallasida dehqon oilasida tugʻilgan. Toʻrabekov dastlab eski maktabda, soʻng rus-tuzem maktabida tahsil olgan. 1917-yilning fevral oyigacha Zomin pristavida tilmoch sifatida ishlagan. 1917-yilgi oktabr inqilobidan keyin 1919-yilga qadar Qoratosh volost ijroiya komitetida rais boʻlgan. T.Toʻrabekov Jizzax ijroiya qoʻmitasiga saylanadi. Toʻrt oy oʻtib esa Jizzax militsiya boshligʻi lavozimiga tayinlanadi.
Turobbek Toʻrabekov 1921-yilning oktabr oyida Samarqand ChKga ishga kiradi. Shundan keyin esa Jizzax VChKning rahbarlik lavozimiga tayinlanadi. 1922-yilning mayida Turobbek Toʻrabekov Jizzax ugormilitsiyasi boshligʻi M.Yoʻldoshev, Jizzax volost ijroiya komiteti raisi A.Jonsoʻfiyevlar – hammasi 10 yigiti bilan „bosmachi“lar tomoniga oʻtib ketadi. Ular Sangzor vodiyda samarqandlik Ochilbek qoʻrboshi bilan uchrashgan. Bu vaqtda Zarafshon vodiysida Ochilbek, Hamroqulbek, Matcho beklari hamda Oʻratepada Xolboʻtabek qoʻrboshilar sovet hukumatiga qarshi kurashayotgan edi. T.Toʻrabekov, M.Yoʻldoshev, A.Jonsoʻfiyevlar 200 yigit bilan 1923-yilga qadar bolsheviklarga qarshi jang olib borgan. Milliy istiqlolchilik harakati aʼzolariga Anvar poshoning yigitlaridan Yusuf Ziyobey va Zaki Validiy Toʻgʻon, bir nechta tatar harbiylar maslahatchi boʻlgan. Biroq, qoʻrboshilar sovet askarlari bilan kurashlarda tinimsiz qurbonlar berishda davom etgan. Qoʻrboshilarning baʼzilari Sovet Ittifoqi bilan kelishib kafolat xati oladi. Turobbek Toʻrabekov yigitlari bilan Afgʻonistonga chekinadi.
Keyinchalik toshkentlik muftiy Sadriddinxon bilan Eronga koʻchib oʻtadi. Toʻrabekov Mashhad shahriga borib 1927-yilga qadar har xil ishlar bilan shugʻullangan. Muftiy Sadriddinxon huzuriga tez-tez tashrif buyurib, uning holidan xabardor boʻlib turadi. Yurtdoshlari bilan aloqani uzmaslik maqsadida shaharda etikdoʻzlik bilan shugʻullanadi. 1927-yilning mart oyida maxfiy sur’atda Oʻzbekiston SSRga qaytib, biroz muddat yashaydi. 1927-yilda yana Eronga borib, Turkistonda koʻrgan-bilganlarini Zaki Validiy Toʻgʻon va Mustafo Choʻqayevlarga yozib joʻnatadi. Toʻrabekovning xabarlari 1927-yilda „Yangi Turkiston“ gazetasining 5–6-sonlarida maqola sifatida chop etiladi va unda sovetlarning barcha kirdikorlari ochiq bayon qilingan edi[1].
Turobbek Toʻrabekov 1928-yilning avgustda akalari Usmonbek, Hazratqul va boshqalar bilan birga Erondan SSSRga qaytadi. Tugʻilgan joyida dehqonchilik qilib kun kechiradi. 1929-yili kuzda Munavvarqori Abdurashidxonov va uning „Milliy ittihod“ jamiyatiga qarshi ochilgan soxta jinoiy ish doirasida boshqa jizzaxlik ziyolilar qatori qamoqqa olinadi va otib tashlanadi[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Irzayev, B „Surgun, otuv hukmi, o‘ttiz yildan keyingi oqlov – Jizzax “Milliy ittihod” sho‘basi a’zolari qismati“. oyina.uz (2022-yil 11-mart). 2023-yil 25-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 23-sentabr 2023-yil.
- ↑ Ne'matov, F „Айбини билмай кетганлар“. Qaraldi: 23-sentabr 2023-yil.