Parfyumeriya-kosmetika sanoati
Parfyumeriya-kosmetika sanoati — atir sovun, efir moyi, sintetik xushboʻy moddalar ishlab chiqaradigan sanoat tarmogʻi (qarang Parfyumeriya, Kosmetika).
Sharq mamlakatlarida atir, mushk, surma, mushk-anbar, upa-elik kabi mahsulotlarni tayyorlash qadimdan yoʻlga qoʻyilgan. Ulardan xotin-qizlar, erkaklar pardoz-andoz va gigiyena vositasi tarzida keng foydalanganlar. Attorlar bu mahsulotlar bilan butun Sharq mamlakatlari boʻylab savdosotiq ishlarini olib borishgan.
Parfyumeriya-kosmetika sanoat tarmogʻi tarzida 17-asr oxirida Fransiyada, keyinchalik Italiya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarda paydo boʻlgan. Oʻzbekistondagi Parfyumeriya-kosmetika sanoati korxonalarida odekolon (xushboʻy suvlar), sovgʻa yigʻmalari, upa, tish poroshogi, gigiyenik va profilaktik tish pastalari, krem, loson, shampun va boshqa kosmetik mahsulotlar ishlab chiqariladi. Tarmoqdagi eng yirik korxo-na Toshkent parfyumeriya-kosmetika fabrikasi 1942-yil koʻchirib keltirilgan Krasnodar parfyumeriya fabrikasi asosida tashkil qilingan. Fabrika dastlab bir xil flakonlarda odekolon, qogʻoz pa-ketlarda upa va tish poroshogi ishlab chiqargan. Mavjud sexlarning rekonstruksiya qilinishi va yangi sexlar qurilishi ishlab chiqarish hajmini oshirishga, yuqori navli parfyumeriya mahsulotlari, sovgʻa yigʻmalari va chiroyli qulay qutichalarda buyumlar ishlab chiqarishga imkon berdi. Korxona 120 nomda parfyumeriya-kosmetika mahsulotlari ishlab chikardi. 1985-yilda fabrika "Lola" parfyumeriya-kosmetika fabrikasi deb nomlandi.
90-yillardan boshlab Oʻzbekistonda oʻtkazilgan iqtisodiy islohotlar davomida Parfyumeriya-kosmetika sanoatining ayrim korxonalari xususiylashtirildi yoki mahalliy hokimiyat organlari tasarrufiga oʻtkazildi. 1997-yil martda "Lola upa" korxonasi ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. 2001-yildan Toshkent shahrida Rossiyadagi "Kalina" konsernining shoʻʼba korxonasi — "Palladavostok" faoliyat olib boradi.
Rivojlangan mamlakatlarda Parfyumeriya-kosmetika sanoati korxonalari yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega boʻlgan, oʻz mahsulotlarini butun dunyoga sotadi. "Eyvon prodakts", "Prokter end Gembl" (AQSH), "Oreal", "Lankom" (Fransiya), "Sardli", "Maks Fektor" (Buyuk Britaniya), "Shvarskof Xengel" (Germaniya), "Adam" (Italiya), "Siseydo" (Yaponiya) firmalari ayniqsa mashhur. Bu firmalarda 500 dan ziyod kosmetika va 700 dan ziyod parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Abdurahim Ortiqov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |