Kontent qismiga oʻtish

Patologik fiziologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Patologik fiziologiya - kasal organizm (odam va hayvon)ning hayot faoliyati, undagi funksional oʻzgarishlar, kasallikning paydo boʻlishi, avj olishi, kechishi va oqibati qonu-niyatlarini oʻrganadigan fan. Patologik fiziologiya normal fiziologiya, patologik anatomiya, xususiy patologiya bilan chambarchas bogʻlangan. Patologik fiziologiya umumiy va xususiy qismdan iborat.

Umumiy qismda kasallik biologik qonuniyat, bir butun organizmning reaksiyasi sifatida oʻrganiladi. Kasallik negizi, rivojlanishi, kechish davrlari va oqibatlari (sogʻayish, oʻlim) tasnifi kabi masalalarni oʻrganish ham shu qismga kiradi. Bunda orga-nizmning reaktivligi, nevrogen, gumo-ral, endokrin va boshqa omillar roli, umumiy va mahalliy oʻzgarishlarning oʻzaro munosabati, patologik jarayon u yoki bu toʻqima va sistemalarda roʻy bergandagi xususiyatlar, jarayonning orga-nizmga tarqalish yoʻllari aniqlanadi. Yalligʻlanish, isitma, qon aylanishining mahalliy buzilishi, gipoksiya, moddalar almashinuvinint izdan chiqishi kabi patologik jarayonlar oʻrganiladi. Funksiyalar buzilganda moslanish (qarang Adaptatsiya) va ularning tiklanish mexanizmlari tekshiriladi; patologik jarayonlarni davolab barta-raf etish yoʻllari (eksperimental terapiya) ishlab chiqiladi.

Xususiy qismda turli aʼzo va sistemalar (mas, yurak, jigar, nerv sistemasi, ichki sekretsiya bezlari va boshqalar) funksiyasining buzilish sabablari, rivojlanishi, kechishi va oqibatining umumiy qonuniyatlari oʻrganiladi. Bunda ayrim kasalliklarning mexanizmlarini oʻrganish uchun eksperiment sharoitida ularning andoza (model)lari yaratilib tekshiriladi.

Patologik fiziologiyada turli usullar, asosan, patofiziologik eksperiment usulidan foydalaniladi: hayvonlarda turli kasalliklar paydo qilinib, ularning sabablari, rivojlanishi va hokazo oʻrga-niladi. Shu boisdan Patologik fiziologiya eksperimental fan hisoblansada, asosiy vazi-fasi klinikaga yordam berish boʻlgani uchun bevosita bemorlarni tekshiradi.

I. M. Sechenov, I. P. Pavlov, I. Ye. Dyad-kovskiy, A. A. Bogomolets kabi rus olimlari, fransuz olimi K. Bernar va boshqa Patologik fiziologiya ning rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi.

Oʻzbekistonda tibbiyot oliy oʻquv yurtlari — Toshkent tibbiot akademiyasi, SamTI, Andijon tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot pediatriya intida Patologik fiziologiya kafedralari, ayrim tibbiyot ilmiy tadqiqot institutlari (mas, Oʻzbekiston gematologiya va qon quyish instituti, Oʻzbekiston teri-tanosil kasalliklari instituti va hokazo)da Patologik fiziologiya lab.lari mavjud. Oʻzbekistonda Patologik fiziologiya fanining shakllanishi va rivojlanishi professor V. V. Vasilevskiy, M.N.Xanin, X. R. Far-hodiy, N. H. Abdullayev, M. M. Haqber-diyev, 3. N. Karimov, H. Yo. Karimov, Yu. O. Otabekov va boshqa nomi bilan bogʻliq.

70-yillardan boshlab jigar va boshqa ichki aʼzolar shikastlanishida mikrotsirkulyasiya, funksional va metabolik oʻzgarishlar mexanizmi hujayra va hujayra tuzilmalari (monooksigenezlar) darajasida oʻrganilmoqda. Pato-genetik davolanishning yangi yoʻllarini tajribada asoslash va ularni amaliyotga joriy etish ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Ilmiy ishlarni Oʻzbekistonda Sogʻliqni saqlash vazirligi ilmiy tibbiyot kengashi qoshidagi umumiy patologiya muammolari komissiyasi muvofiqlashtirib turadi.

  • Alpern D. Ye., Patologik fiziologiya, T., 1956; Rukovodstvo po patologicheskoy fiziologii, t. 1—4, M., 1966; Patologicheskaya fiziologiya, M., 1973; Abdullayev N. H., Karimov H. G., Patologik fiziologiya, T., 1998.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil