Kontent qismiga oʻtish

Pervushin merosxo‘rlarining vino zavodi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Pervushin merosxo‘rlarining vino zavodi (Винокуренный завод наследников Первушина)
Qurilgan 1868
Joylashuv Qurama (Toshkent) uyezdi
Sanoat vinochilik
Mahsulotlar meva spirti va bug‘doy spirti
Egasi Ivan Andreyevich Pervushin va uning o‘g‘illari

Pervushin merosxoʻrlarining vino zavodi (Vinokurenniy zavod naslednikov Pervushina) – XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Salor arigʻining boʻyida, Qoʻyliq va Marin shohkoʻchalari oraligʻida (tahminan hozirgi Fargʻona yoʻli va Elbek koʻchalari kesishgan joyda) joylashgan va faoliyat yuritgan zavod. Savdogar Pervushinning oʻgʻillariga tegishli boʻlgani sababli shunday nomlangan.

Mazkur zavod taniqli rus savdogari Ivan Andreyevich Pervushin tomonidan 1868-yili ochilgan va keyinroq oʻgʻillariga meros boʻlib qolgan[1]. Zavod binosi xom gʻishtdan qurilgan. Zavod dastlab bugʻ, keyinchalik toshkoʻmir vositasida isitilgan va binolari ham koʻpaygan. 1873-yilda zavodda bir prussiyalik mutaxassis va oʻnta ishchi ishlagani maʼlum. Mazkur vino zavodida meva spirti va bugʻdoy spirti ishlab chiqilib, buning uchun mayiz, bugʻdoy uni va soloddan foydalanilgan[2].

Zavod shahar hududidga juda yaqin yerda joylashgani sababli, garchi Salor arigʻining chap tomonida boʻlsa ham, baʼzi hujjatlarda shaharga tegishli korxonalar roʻyhatida keltirilgan. Toshkent atrofida, shuningdek, Pervushinning dalahovlisi ham bor edi. Zavod va dalahovli oʻrtasida Childuxtaron qishlogʻi joylashgan. Pervushin dalahovlisining yerlari tahminan hozirgi „Toshkent“ va „Mashinasozlar“ oraligʻidagi, aniqrogʻi „Mashinasozlar“ metro bekati atrofidagi maydonga toʻgʻri keladi. Dalahovli savdogar Pervushinning mulki boʻlgani bois uning nomi bilan atalgan.

Toshkentda Pervushinlarga tegishli Komissioner idora ham ishlagan (1869-yili ochilgan). Mazkur idora vositachi savdo tashkiloti boʻlib, Rossiyadan Toshkentga, Toshkentdan Rossiyaning Orenburg, Moskva, Nijniy Novgorod, Peterburg va boshqa shaharlariga tovar olib kelish va joʻnatish ishlarini amalga oshirib, bu xizmatlari uchun umumiy qiymatning 10 foizini olib qolgan. Shuningdek, idora Toshkentdan joʻnatilgan paxta, shoyi va boshqa tovarlarni Rossiyada sotilishini ham yoʻlga qoʻygan. Rus manbalarida 1886-yili Toshkentda Pervushin merosxoʻrlariga tegishli yana bitta vino, bitta aroq va bitta tamaki-papiros zavodlari boʻlgani qayd etilgan.

  1. Мусаев Н.У.. XIX асрнинг иккинчи ярми – ХХ аср бошларида Туркистонда саноат ишлаб чиқаришининг шаклланиши. Тошкент: Iqtisod-moliya, 2008 — 46-bet. 
  2. Бўриева Х. Тошкет шаҳрининг тарихий топонимияси (XIX аср охири — ХХ аср бошлари). Тошкент: Noshirlik yog‘dusi, 2009 — 212-bet.