Kontent qismiga oʻtish

Piri-piri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Piri-piri (ˌpɪriˈpɪri, piri-piri, shuningdek, peri peri yoki pili pili deb ham yoziladi; boshqa nomlari — Afrika qush koʻzi (inglizcha: African bird’s eye) yoki Afrika iblisi (African Devil) yovvoyi tabiatda ham, qishloq xoʻjaligi ekini sifatida ham oʻsadigan Xitoy garmdorisi (Capsicum chinense) turiga mansub chili qalampiri navi. U Afrika mamlakatlarida oʻsadi va portugallar tomonidan Hindistonning Gujarot va Goa hududlariga olib kelingan.

Piri-piri soʻzi Suahili tilidan „qalampir-qalampir“ deb tarjima qilinadi. Nomning boshqacharoq koʻrinishlari ham bor, ushbu mahsulotni Kongo Demokratik Respublikasidagi pili pili, Malavida peri peri deb atashadi, bularning barchasi bantu tilida soʻzlashuvchi mintaqalardagi turfa talaffuzlarga asoslangan. Piri-piri — nomning portugal tilida, xususan, Mozambikning portugal tilida soʻzlashuvchi aholisi orasida keng tarqalgan yozilishidir.

Ingliz tilining Oksford lugʻatida piri-piri xorijiy soʻz sifatida keltiriladi va „qizil chili qalampiridan tayyorlangan oʻta achchiq qayla“ degan maʼnoni anglatadi, uning kelib chiqishi ронга(ingl.) (Janubiy Mozambik) tiliga borib taqaladii va bu tilda „qalampir“ degan maʼnoni berishi aytiladi[1].

Oʻsimlikning xususiyatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻsimlik odatda juda qalin boʻlib oʻsadi, uzunligi 4-7 sm va kengligi 1,3-1,5 sm boʻlgan barglari bilan 45-120 sm balandlikkacha oʻsishi mumkin. Mevalari odatda toʻmtoq nuqtagacha toraygan boʻladi, uzunligi 8-10 sm ni tashkil qiladi. Qalampirning yetilmagan holatdagi rangi yashil, yetilgani och qizil yoki binafsharang boʻladi. Baʼzi navlari achchiqligi boʻyicha Skovill shkalasiga koʻra 175 000 birlikkacha boʻlgan reytingga ega.

Aksariyat chili qalampirlari singari piri-piri ham Janubiy Amerika navlaridan kelib chiqqan, asrlar davomida Afrikaning yovvoyi tabiat sharoitida oʻsgan va hozirda Zambiya, Uganda, Malavi, Zimbabve[2] va Ruanda[3] da tijorat maqsadida yetishtiriladi. U asosan Malavi, Zambiya, Janubiy Afrika, Gana, Nigeriya, Zimbabve va Mozambikda oziq-ovqat hamda farmatsevtika sanoati uchun oʻstiriladi. Piri-piri yetishtirish katta va mashaqqatli mehnatni talab qiladi[2].

"Piri-piri" qaylasi ziravor yoki marinad sifatida ishlatiladi, kelib chiqishi Portugaliyaga borib taqaladi, Angola, Namibiya, Mozambik va Janubiy Afrikada keng tarqalgan. U odatda maydalangan chili, sitrus poʻstlogʻi, piyoz, qalampir, sarimsoq, tuz, limon sharbati, dafna yaprogʻi, paprika, pimento, rayhon, oregano va estragondan tayyorlanadi[4].

Retseptlar mintaqalarga koʻra farqlanadi, ammo chili, limon, yogʻ va qizil bulgʻor qalampiri har bir mintaqada asosiy tarkibiy mahsulot boʻlib qolaveradi.

  1. Angus Stevenson. Oxford Dictionary of English. Oxford: Издательство Оксфордского университета, 2010 — 1352-bet. ISBN 978-0-199-57112-3. 
  2. 2,0 2,1 Dave DeWitt. „Pepper Profile: African Birdseye“ (inglizcha). Fiery Foods & Barbecue Central (1-iyun 2008-yil). 15-dekabr 2018-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 14-mart 2018-yil.
  3. „About AKABANGA 4U“ (inglizcha) (deadlink). Akabanga. 5-fevral 2018-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 14-mart 2018-yil.
  4. David A. Bender „piri-piri“, . A Dictionary of Food and Nutrition. Oxford: Издательство Оксфордского университета, 2014. ISBN 978-0-192-51842-2.