Kontent qismiga oʻtish

Proteksionizm

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Proteksionizm (lotincha: protectio -panalash, xrmiylik) – davlatning ichki bozorni chet el raqobatidan himoya qilish va tovar ishlab chikaruvchilarning tashqi bozorga chiqishini ragʻbatlantirishga qaratilgan iqtisodiy siyosati. Yevropada kapitalning dastlabki jamgʻarilishi davri (XVI-XVIII asrlar)da paydo boʻldi va yuzaga kelayotgan sanoatni rivojlantirishga yordam koʻrsatdi. Oʻsha davrda Proteksionizm import sanoat mahsulotlari uchun yuqori boj va oʻz sanoat mahsulotlari uchun eksport mukofotlari belgilashda yaqqol koʻrinadi. Ayni paytda tanqis xom ashyo importi uchun bojlar bekor qilingan holda, shunday muhim xom ashyo va mahsulotlar uchun eksport bojlari joriy qilingan. Dastlabki bosqichda Proteksionizm mamlakatlarni industriyalashtirishga xizmat qilgan va ijobiy rol oʻynagan. I va II jahon urushi yillarida va, ayniqsa, 1929—33-yillardagi jahon iqtisodiy tangligi davrida Proteksionizm siyosati kuchaydi. Urushdan keyingi yillarda iqtisodiyotning baynalminallashuvi sharoitlarida rivojlangan mamlakatlarda oʻta Proteksionizmdan voz kechish va tashqi savdoni erkinlashtirishga oʻtish yuz berdi, lekin jahon iqtisodiyotida Proteksionizm hamon davlat tomonidan tartibga solishning taʼsirchan quroli boʻlib qolmoqda. Jahonda iqtisodiy integratsiyaning borishi jamoaviy Proteksionizmni paydo etdi (Yevropa Ittifoqi, OPEK va boshqalar). Rivojlangan mamlakatlarda oʻz fermerlarini koʻllab-quvvatlash va ichki oziq-ovqat bozorini himoya qilishga qaratilgan agrar Proteksionizm keng qoʻllanadi. Jahon savdo tashkiloti Proteksionizm tadbirlarini bir qadar cheklashga qaratilgan siyosat olib boradi. Bu tashkilotga aʼzo mamlakatlar bojxona boji miqdorini import qilinadigan tovarlar qiymatining 10% dan oshirmaslik tartibiga rioya qilishlari kerak. Jahon xoʻjaligida globallashuv jarayonlari milliy bozorlarning jahon bozoriga integratsiyalashuviga olib kelmoqda. Milliy bozorlarning erkinlashtirilishi milliy iqtisodiyotning yuksalishini taʼminlaydi va Proteksionizm siyosatining ahamiyatini pasaytiradi. Oʻzbekistonda ham tashqi savdoni davlat tomonidan tartibga solishda Proteksionizm siyosati qoʻllanadi. Bu siyosat asosida import oʻrnini bosuvchi va eksport bop mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, eksport toʻlovlarini kamaytirish, ichki bozorni sifatli tovar bilan taʼminlash, tashqi savdoni mamlakat iqtisodiyoti manfaatlariga toʻla boʻysundirish strategiyasi turadi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil