Qirgʻiziston Milliy banki

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qirgʻiziston Milliy banki
Turi davlat markaziy banki
Status Bank
Qachon asos solingan 1991
Joylashuvi Chuy shoh koʻchasi, 168-uy
Hududiy xizmati Qirgʻiziston bayrogʻi Qirgʻiziston
Rais Qubanychbek Bokontaev
Aʼzolari Boshqaruv kengashi
Vebsayti nbkr.kg
Til(lar)i qirgʻiz


Qirgʻiziston Milliy banki ( qirgʻizcha: Кыргыз Республикасынын Улуттук Банкы ) Qirgʻiz Respubliasining markaziy banki boʻlib, birinchi navbatda mamlakatning strategik pul-kredit siyosatini rejalashtirish hamda milliy valyuta somning muomalaga chiqarilishi uchun javobgar bank regulyatoridir.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qirgʻiziston Milliy banki mamlakat 1991-yilda Sovet Ittifoqidan mustaqillikka erishgandan soʻng SSSR Davlat bankining vorisi boʻlgan Rossiya Markaziy bankidan mustaqil bank regulyatori sifatida tashkil etilgan.[1] Mustaqillikning ilk yillarida Qirgʻiziston va boshqa koʻplab postsovet mamlakatlari valyuta sifatida sovet rublidan foydalanishni davom ettirgan. Sovet pulining beqarorligi va koʻplab mamlakatlarning monetar va fiskal siyosat boʻyicha hamkorlik qila olmasligi, Rossiya Markaziy bankining kredit oqimiga cheklovlar oʻrnatishiga va oxir-oqibat rubl zonasidan chiqib ketishiga olib keldi. 1993-yil 10-may kuni Qirgʻiston somning dastlabki seriyasini 200 sovet rubli 1 qirgʻiz somi nisbati boʻyicha muomalaga chiqardi, bu banknotlar "oʻtish davri banknotlari" deb nomlandi. Keyingi yili somning ikkinchi seriyasi chiqarildi, bu banknotlar "barqarorlik davri banknotlari" deb nomlandi. Hukumat va markaziy bankning narxlarni erkinlashtirish, tijorat qonunchiligi, qishloq xoʻjaligini isloh qilish, aktivlarni xususiylashtirish va bozorni tashqi savdoga ochish koʻrinishidagi harakatlari, nihoyat, Qirgʻizistonni 1996-yilgacha boʻlgan har ikki davrda ham qiynab kelgan yirik inflyatsiya va ishsizlikni yengib oʻtishga olib keldi.[2] 1997-yildan somning uchinchi seriyasi muomalaga chiqarildi. 2008-yilda dastlabki ikki seriyada emissiya qilingan banknotlarning chop etilishi toʻxtatildi, shu bilan birga kichik nominaldagi valyutalar muomalasini tashkil qilishdagi qulayligi tufayli ilk marotaba tangalar muomalaga chiqarildi. 2009-yildan somning toʻrtinchi seriyasi muomalaga chiqarildi. 2018-yilda Markaziy bank banknotlarning muomalaga chiqarilishiga 25 yil toʻldi, bir yil avval tagiga chizilgan C ni somning rasmiy valyuta ramzi sifatida tasdiqladi hamda oʻzining birinchi esdalik banknotalarini muomalaga chiqardi.[3] Markaziy bank tomonidan milliy valyuta barqaror ekanligini koʻrsatish uchun ostida chiziqli C somning rasmiy valyuta ramzi sifatida tanlandi.[4]

Vazifalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qirgʻiziston Milliy banki faoliyatining asosiy maqsadi mamlakatda monetar siyosatni amalga oshirish orqali narxlar barqarorligiga erishish va uni saqlashdan iborat. Regulyatorning asosiy maqsadiga erishishga yordam beradigan omillar milliy valyutaning xarid qobiliyatini, Respublika bank va toʻlov tizimining xavfsizligi va ishonchliligini taʼminlash hisoblanadi. Markaziy bank yuqoridagi maqsadiga erishish va oʻziga yuklangan vazifalarni samarali bajarish uchun hukumatdan mustaqil ravishda boshqariladi va harakat qiladi. Qirgʻiziston Milliy banki quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradi:

  1. Qirgʻizistonda pul-kredit siyosatini ishlab chiqadi, belgilaydi va amalga oshiradi;
  2. Qirgʻiziston Milliy banki tomonidan litsenziyalangan banklar va moliya-kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishni amalga oshiradi;
  3. Yagona valyuta siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
  4. Banknotlarni chiqarish uchun mutlaq javobgar hisoblanadi;
  5. Toʻlov tizimining samarali ishlashiga yordam beradi;
  6. Bank tizimi uchun bank operatsiyalarini amalga oshirish, buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish qoidalarini belgilaydi.

Pul-kredit siyosati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Markaziy bankning pul-kredit siyosati umumiy maqsad - mamlakatda narxlar barqarorligini taʼminlashga erishishdan iborat. Regulyator tomonidan belgilab berilgan pul-kredit siyosatining miqdoriy maqsadi oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5-7 foiz oraligʻida ushlab turishdan iborat. Qirgʻiz Respublikasining iqtisodiyoti kichik va ochiqligi tufayli ichki makroiqtisodiy beqarorlik yuzaga kelsa, pul-kredit siyosati choralari inflyatsiya darajasini miqdoriy koʻrsatkichga qaytarishga yoʻnaltiriladi. Ushbu siyosatning oʻrta muddatli maqsadi transmissiya mexanizmida foiz stavkalari kanali faoliyatini kuchaytirishdan iborat. Siyosatni ishlab chiqish foiz stavkalarini maqsadli belgilash asosida amalga oshiriladi, chunki foiz stavkalaridan pul-kredit siyosatining maqsadli sifatida foydalanish Markaziy bankka qisqa muddatli bozor stavkalariga taʼsir koʻrsatish imkonini beradi va shu bilan birga pul va kredit bozorida stavkalarning yaqinlashishi uchun sharoit yaratadi. Mamlakat iqtisodiyoti qishloq xoʻjaligigiga asoslanganligi tufayli Markaziy bank, shuningdek, mamlakatning qishloq joylariga qaratilgan moliyaviy inklyuzivlikni rivojlantirish siyosatini ishlab chiqadi. Ushbu mexanizmlar umuman olganda respublikada uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda yordam beradi.[5]

Valyuta kursi siyosati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Markaziy bank tasdiqlangan suzuvchi valyuta kursi rejimiga amal qiladi, yaʼni som hech qanday valyutaga bogʻlanmaydi va hech qanday valyutaning ham somga nisbatan qatʼiy belgilangan kursi oʻrnatilmaydi. Valyuta kursining keskin tebranishlarini yumshatish maqsadida zarur hollarda regulyator valyuta intervensiyalari amalga oshiriladi. Markaziy bank, shuningdek, tashqi bozorlarda xorijiy valyuta kursining oʻzgarishi taʼsirini yumshatish maqsadida ichki bozorda milliy valyutaga oltin sotib oladi[5]. Bu, shuningdek, markaziy bank rezerv aktivlari qiymatining yomonlashishi xavfini diversifikatsiya qiladi va oltin-valyuta zaxiralarining toʻplanishiga imkon beradi.

Aloqa va hamkorlik siyosati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qirgʻiziston Milliy banki monetar va fiskal siyosatning muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash yigʻilishlari doirasida mamlakat Moliya vazirligi bilan muntazam uchrashuvlar oʻtkazadi. Ushbu siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonida Markaziy bank qarorlar qabul qilish jarayonining shaffofligi va ochiqligini taʼminlash, shuningdek, pul-kredit siyosati bilan bogʻliq masalalarni keng jamoatchilikka taqdim etish maqsadida aholi bilan faol kommunikatsiya siyosatini olib boradi. Kommunikatsiya siyosati har bir yigʻilishdan keyin ikki ish kuni ichida oʻtkaziladigan hamda stavka boʻyicha qabul qilingan qarorlarning sabablariga oydinlik kiritadigan press-relizlar va matbuot anjumanlari shaklida namoyon boʻladi[5]. 2014-12-17. </ref> Shu bilan birga, regulyator har chorakda tashqi va ichki iqtisodiy muhitni tahlil qilish, iqtisodiy istiqbollarni baholash, inflyatsiya tendensiyalari va prognozlarini oʻz ichiga olgan "Pul-kredit siyosati hisoboti (Inflyatsiya hisoboti)"ni eʼlon qiladi.

Qonunlar va tartibga solish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qirgʻiziston Milliy bankining maqomi, maqsadlari, funksiyalari, vakolatlari va tashkil etilishi va faoliyatining tamoyillari Qirgʻiz Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Qirgʻiz Respublikasi Milliy banki, banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonun bilan belgilanadi. Shuningdek, Markaziy bank mamlakatdagi tijorat banklari va aloqador tarmoqlar uchun majburiy xarakterdagi eng kam ustav kapitali va majburiy zaxiralar kabi qoidalar va tartibga solishlarni amalga oshirish vakolatiga ega. Masalan, 2013-yil dekabr oyida Markaziy bank tijorat banklari, moliya va kredit tashkilotlari uchun monopoliyaga qarshi kurash, raqobat va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq qonunlarga oʻzgartirishlar loyihasini eʼlon qildi.[6]

Valyuta emissiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Markaziy bank Qirgʻiz Respublikasi valyutasi - somning banknota va tanga shakllarini muomalaga chiqarish vakolatiga ega. Qirgʻiziston banknotlarining barcha toʻrtta seriyasi hamon qonuniy toʻlov vositasi boʻlib, birinchi ikki seriya Markaziy bank tomonidan faol muomaladan chiqarilganiga qaramay, Qirgʻiziston Respublikasidagi barcha operatsiyalar uchun hali ham qonuniy kuchga ega. Banknotalar Fransiya va Buyuk Britaniyada, tangalar esa Qozogʻistonda zarb qilinadi.[7]

Esdalik pullar[tahrir | manbasini tahrirlash]

1995-yil 11-avgustda Markaziy bank nominal qiymati 100 va 10 som boʻlgan oltin va kumushdan tayyorlangan birinchi esdalik tangalarini muomalaga chiqardi. Ushbu tangalar “Manas” dostonining 1000 yilligini nishonlash uchun chiqarilgan. Oʻshandan beri Markaziy bank Qirgʻiziston hayotining turli jabhalari hamda xalqaro voqealarni aks ettiruvchi boshqa koʻplab esdalik pullarni emissiya qilib keladi. Ushbu esdalik tangalarining bir qanchasi keyinchalik xorijdagi xalqaro tanlovlarda sovrinlarni qoʻlga kiritgan. Masalan, 2013-yilda Markaziy bank mamlakat Mustaqillik kuniga bagʻishlab “Qirgʻizistonning tarixiy va meʼmoriy yodgorliklari” mavzusida Soymalitosh tasviri tushirilgan kumush va mis-nikel tangalar hamda Qirgʻizistonning turli yovvoyi tabiatini aks ettiruvchi "Qirgʻiziston Qizil kitobi" mavzusida oltin va kumush tangalarni emissiya qildi.[8] Soymalitosh aks etgan tangalar keyinchalik sakkizinchi xalqaro esdalik tangalar tanlovida “Yil kumush tangasi” nominatsiyasida uchinchi oʻrinni egalladi. 2017-yilda Markaziy bank valyuta emissiya qila boshlaganining 25 yilligi munosabati bilan 2000 somlik esdalik banknotlarni muomalaga chiqarildi. Bu bankning birinchi esdalik banknoti hamda vertikal yoʻnaltirilgan birinchi som banknoti edi. Keyinchalik bu banknot Markaziy, Sharqiy Yevropa va MDHning turli mamlakatlari orasida “2018-yilning eng yaxshi mintaqaviy banknoti” mukofotiga sazovor boʻldi.

Muzeyi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Markaziy bank Qirgʻiziston Milliy bankining Numizmatik muzeyini ham boshqaradi. Muzey ilk marotaba 1998-yilda milliy valyuta muomalaga kiritilganining besh yilligiga bagʻishlangan koʻrgazma sifatida oʻz faoliyatini boshlagan. Biroq tashrif buyuruvchilarning katta qiziqishi tufayli ushbu koʻrgazma keyinchalik doimiy numizmatik muzeyga aylantirildi. Hozirgi kunda muzey somning yillar davomida oʻzgarishini, shuningdek, milliy valyutaning turli xil dastlabki eskizlarini namoyish etadi.

Kuzatuv kengashi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qirgʻiziston Milliy banki boshqaruvi yetti nafar aʼzodan iborat boʻlib, Milliy bank raisi, uning uch oʻrinbosari va yana boshqaruvning uch nafar aʼzosidan iborat. Boshqaruvning har bir aʼzosi umumiy vakolat va masʼuliyatga ega boʻlib, ular Milliy bank raisi tavsiyasiga koʻra Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti tomonidan yetti yil muddatga tayinlanadi.

Raislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Kemelbek Nanaev, 1992 - 1994 yillar[9]
  • Marat Sultonov, 1994 - 1999 yillar
  • Ulan Sarbanov, 1999-yil yanvar - 2006[10][11]
  • Marat Alapaev, 2006 - 2010 yillar[12]
  • Baxtigul Jeenbaeva, 2010-yil iyul - 2011-yil iyun
  • Zina Asankojoeva, 2011-yil iyun - 2014-yil aprel[13][14]
  • Tolkunbek Abdigulov, 2014-yil may - 2018-yil sentyabr[15]
  • Qubanychbek Qulmatov, 2018-yil sentyabr - 2018-yil dekabr[16]
  • Tolkunbek Abdygulov [fr], 2018-yil dekabr - 2021-yil sentyabr[16]
  • Qubanychbek Bokontaev, 2021-yil sentyabr -[17]

Tashkiliy tuzilmasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qirgʻiziston Milliy banki oʻz vazifasi va funksiyalarini amalga oshirish uchun bank faoliyatining turli jihatlarini hal qiluvchi oʻnta turli boshqarmalardan tashkil topgan. Bundan tashqari 15 ta kichik boʻlimlar ham mavjud, bu esa bankning uzluksiz ishlashini taʼminlaydi.

Bank boshqarmalari Bank boʻlimlari
  • Iqtisodiyot boshqarmasi
  • Pul operatsiyalari boshqarmasi
  • Moliyaviy statistika va tahlil boshqarmasi
  • Tashqi nazorat boshqarmasi
  • Inspeksiya boshqarmasi
  • Nazorat metodologiyasi va litsenziyalash boshqarmasi
  • Naqd pul bilan ishlash boshqarmasi
  • Toʻlov tizimlari boshqarmasi
  • Buxgalteriya hisobi va hisobot boshqarmasi
  • Bank hisob-kitoblari boshqarmasi
  • Yuridik boshqarma
  • Xavfsizlik va axborot xavfsizligi boshqarmasi
  • Maʼmuriyat va logistika boshqarmasi
  • Bank faoliyatini avtomatlashtirish boshqarmasi
  • Ichki audit xizmati
  • Moliya va monitoring boshqarmasi
  • Xodimlar boʻlimi
  • Risklarni nazorat qilish boʻlimi
  • Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi
  • Xalqaro hamkorlik boshqarmasi
  • Davlat tilini rivojlantirish va hujjat aylanishi boshqarmasi
  • Qurilish va taʼmirlash boshqarmasi
  • Xaridlar guruhi
  • Oʻquv dam olish markazi ("Toʻlqin" dam olish markazi)
  • Milliy bankning hududiy boshqarmalari va vakolatxonasi

Markaziy bankning Qirgʻiziston Respublikasining turli hududlarida ham hududiy boshqarmalari mavjud

Mahalliy aloqalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Markaziy bank o‘z targ‘ibot kampaniyasi doirasida fuqarolar, shuningdek, bank sohasida manfaatdor tomonlar bilan muloqot qilish bo‘yicha turli chora-tadbirlarni amalga oshirdi. 1999-yilda Markaziy bank "Som – Qirgʻizistonning yuzi" nomi bilan tanilgan keng jamoatchilik uchun axborot va taʼlim kampaniyasini boshladi. Kampaniyadan koʻzlangan maqsad – aholi eʼtiborini milliy valyutadan foydalanishga jalb qilish boʻlib, kampaniya doirasida koʻplab plakatlar va bukletlar tarqatildi. Markaziy bank tomonidan Qirgʻizistonda faoliyat olib borayotgan turli tijorat banklarining manfaatlarini yanada yaxshiroq ifodalash va huquqlarini himoya qilish uchun tijorat banklarini birlashtirish maqsadida Qirgʻiziston banklari ittifoqi tashkil etilgan. Butun dunyo boʻylab naqd puldagi toʻlovlariga muqobil sifatida elektron toʻlovlarning paydo boʻlishi markaziy bank tomonidan toʻlovning bunday usullarini joriy etish va ulardan foydalanishni targʻib qilishga olib keldi. Milliy toʻlov tizimi sifatida Elkart (Элкарт) joriy etildi va undan foydalanishga ruxsat berish uchun POS-terminallar (POS-терминалдарды) faol ravishda targʻib qilinib, butun mamlakat boʻylab tijorat vakillari va kompaniyalarga berildi[18]. Qirgʻiziston banklarida banklararo pul oʻtkazmalarini amalga oshirish uchun “Real vaqtda yalpi hisob-kitoblar tizimi (Айкын убакыт ыргагында эсептешүүлөрдүн гросстук система)” va “Ommaviy kliring tizimi (Пакеттик клиринг системасы)” banklararo toʻlov tizimi ham ishlab chiqildi.

Xalqaro aloqalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qirgʻiz Respublikasi oʻzining markaziy banki orqali bir qancha xalqaro moliya tashkilotlarining faol aʼzosi hisoblanadi. Mamlakat 1992-yilda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon bankiga, 1994-yilda Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot bankiga, keyinroq 1998-yilda Jahon savdo tashkiloti aʼzoligiga qabul qilindi. Respublika, shuningdek, Moliyaviy inklyuzivlik alyansining aʼzosi hisoblanadi.[19] 2017-yilda eʼlon qilingan yillik bank hisobotiga koʼra, respublikaga qarz bergan uchta eng yirik global moliya muassasalari Jahon banki ($667 mln), Osiyo taraqqiyot banki ($601 mln) hamda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ($200 mln) hisoblanadi[18]. Tashqi qarz asosan mamlakatdagi koʻplab infratuzilma, qishloq xoʻjaligi va sogʻliqni saqlash sohalarini rivojlantirishga sarflangan.

Mamlakatda Elkart milliy toʻlov tizimi bilan bir qatorda Zolotaya Koronaning Oloy-Kard (Золотая корона-Алай-Кард), Visa, Demirbank (Демир Банкы), Mastercard va UnionPay kabi xalqaro toʻlov tizimlari ham faoliyat yuritadi. Zolotaya Korona va Visa Elkartdan keyingi oʻrindagi ikkita eng mashhur toʻlov tizimi hisoblanadi. Bundan tashqari, 2017-yilda Elkartni Rossiya milliy toʻlov tizimi Mir bilan integratsiya qilish boʻyicha yoʻl xaritasi imzolandi. Armaniston, Belarus, Tojikiston va Oʻzbekiston markaziy banklari ham yoʻl xaritasi rejasini imzolaganlar[18].

Statistika[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kredit reytingi
Qirg'iziston Milliy banki
Agentlik Fitch Ratings Moody's Investors Service Standard & Poor's
Joriy reytinglar reyting berilmagan 2004-yildan beri B2/barqaror 2015-yildan beri reyting berilmagan 2016-yildan beri
Oldingi reytinglar CCC/C



B+/B
2001-yildan beri



1998-yildan beri
reyting berilmagan B/B 2015-yildan beri

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Национальный банк Кыргызской Республики | Музей денег“. Muzeydeneg.ru. Qaraldi: 2023-yil 9-aprel.
  2. „Kyrgyzstan economy“ (2003-yil 1-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 9-aprel.
  3. „Kyrgyz currency symbol approved by National Bank“ (2017-yil 10-fevral). Qaraldi: 20e23-04-09.
  4. „Collection coins of the series "Historical events"“ (2018-yil 7-fevral). Qaraldi: 2023-yil 9-aprel.
  5. 5,0 5,1 5,2 „MAIN DIRECTIONS OF THE MONETARY POLICY FOR THE MEDIUM-TERM“ (2014-yil 17-dekabr). Qaraldi: 2023-yil 9-aprel.
  6. Barnett, Ryan. „National Bank of the Kyrgyz Republic posts draft amendments“. CISTRAN Finance (2013-yil 27-dekabr). Qaraldi: 2014-yil 3-yanvar.
  7. „Kyrgyz currenсy printed in France and UK, coins minted in Kazakhstan – NBKR“ (2017-yil 2-iyun). Qaraldi: 2023-yil 9-aprel.
  8. Waits. „National Bank of the Kyrgyz Republic announces Independence Day collectible coins“. Cistran Finance (2013-yil 9-sentyabr). 2013-yil 29-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 25-oktyabr.
  9. Pastor. „The IMF and the Ruble Area, 1991-93“. International Monetary Fund (2001-yil 22-aprel).
  10. „САРБАНОВ Улан Кытайбекович | ЦентрАзия“.
  11. „Kyrgyz Rep's Sarbanov resigns“. Central Banking (2006-yil 10-aprel).
  12. „National Bank of the Kyrgyz Republic“. www.nbkr.kg.
  13. „АСАНКОЖОЕВА Зина Мукаевна | ЦентрАзия“.
  14. „National Bank of the Kyrgyz Republic“. www.nbkr.kg.
  15. „State secretary takes over at Kyrgyz central bank - Central Banking“ (2014-yil 7-may).
  16. 16,0 16,1 „NBKR's Abdygulov returns to top job after stint in government“. Central Banking (2018-yil 4-yanvar).
  17. MASALIEVA. „Parliament approves Kubanychbek Bokontaev as head of National Bank“. 24.kg (2021-yil 29-sentyabr).
  18. 18,0 18,1 18,2 „National Bank of the Kyrgyz Republic Annual Report 2017“ (2018-yil 14-mart). Qaraldi: 2023-yil 9-aprel.
  19. „AFI members“. AFI Global (2011-yil 10-oktyabr). 2012-yil 20-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 23-fevral.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]