Qoraxoldor kaltakesak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qoraxoldor kaltakesak
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Hayvonlar
Tip: Xordalilar
Sinf: Sudralib yuruvchilar
Oila: Lacertidae
Urugʻ: Kaltakesakchalar
Turlari: Qoraxoldor kaltakesak
Xalqaro ilmiy nomi
Eremias nigrocellata Nikolsky, 1896

Qoraxoldor kaltakesak ( lotincha: Eremias nigrocellata) — asl kaltakesaklar turkumiga mansub.

Tashqi ko‘rinishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mayda kaltakesak turi bo‘lib, tana uzunligi 8 sm.ni tashkil etadi. Jag‘lari orasidagi qalqon balandligi uning kengligidan kamroq. Ko‘z ostidagi qalqonlari og‘iz chetiga dahldor emas.  Peshona qalqoni uzunlamasiga tumshug‘igacha borgan. Orqa oyoqning to‘rtinchi barmog‘i pastda ikki bir qator barmoqlar orasida plastinkalar bilan qoplangan. Yuqori qismi kulrang. Tana bo‘ylab qora doiralar bilan o‘ralgan och kulrang yoki oq dog‘larning uzunlamacha qator joylashgan. Orqa tomonida bu "ko‘zlar" zaif ifodalangan yoki umuman yo‘q. Voyaga yetgan kaltakesaklarda xoldorligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Hayot tarzi[tahrir | manbasini tahrirlash]

U taqirsimon cho‘llarda yashaydi, ba’zan tog‘ etaklarining pastki qismlariga kirib boradi. Qumli cho‘llarda uchramaydi. Fevral-noyabr oylarida faol hayot kechiradi. O‘z inida yoki hasharotlar va kemiruvchilar uyalarida yashaydi hamda o‘sha yerda qishlaydi. Mart oyida juftlashadi. Bir yilda 2–3 marta – aprel–iyun oylarida – 4–9 tadan tuxum qo‘yadi. Bolalari may–iyul oyida tuxumni yorib chiqadi va keyingi yili bahorda jinsiy voyaga yetadi. Mayda hasharotlar, ko‘poyoqlilar va o‘rgimchaksimonlar bilan oziqlanadi.Tuxumni yorib chiqqan kaltakesaklarning uzunligi 2,7-3,2 sm.ni tashkil etadi.

Yashash joyi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Cho‘lning qattiq taqirsimon, shag‘alli, sariq tuproqli va o‘simliklari siyrak sho‘rxok yerlari.

Tarqalishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoraxoldor kaltakesak Turkmanistonning janubi-sharqida, O‘zbekistonning janubida, Eronning shimoli-sharqida va Afg‘oniston shimolida tarqalgan.

Soni[tahrir | manbasini tahrirlash]

1980-yillarda lokal populyasiyalarda bir gektar maydonda 2–3 donagacha hisobga olinar edi, hozirda soni keskin kamayib ketgan. 2007-yil aprelda Bobotog‘ adirlarida soni gektariga 4 tagacha bo‘lgan.

Muhofaza etish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoraxoldor kaltakesak Turkmaniston va O‘zbekiston Qizil kitoblariga kiritilgan. Saqlanib qolgan barcha lokal populyasiyalarini aniqlash, tur va ularning yashash joylari muhofazasini tashkil qilish, tutqunlikda ko‘paytirish choralarini ko‘rish lozim.

Cheklovchi omillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qo‘riq yerlarning o‘zlashtirilishi, ayniqsa, yerlarning shudgorlanishi va sug‘orma dehqonchilik, shuningdek, chorva mollarining haddan tashqari ko‘p boqilishi turlarning yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ананьева Н. Б., Боркин Л. Я., Даревский И. С., Орлов Н. Л. Пятиязычный словарь названий животных. Амфибии и рептилии. Латинский, русский, английский, немецкий, французский. / под общей редакцией акад. В. Е. Соколова. — М.: Рус. яз., 1988. — С. 224. — 10 500 экз. — ISBN 5-200-00232-X.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Банников А. Г., Даревский И. С., Рустамов А. К. Земноводные и пресмыкающиеся СССР / под ред. проф. А. Г. Банникова. — М.: Мысль, 1971. — С. 163—164. — 303 с.
  • Ананьева Н. Б., Орлов Н. Л., Халиков Р. Г., Даревский И. С., Рябов С. А., Барабанов А. В. Атлас пресмыкающихся Северной Евразии (таксономическое разнообразие, географическое распространение и природоохранный статус). — СПб.: Зоологический институт РАН, 2004. — С. 97. — 1000 экз. — ISBN 5-98092-007-2.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]