Kontent qismiga oʻtish

Qosim ogʻa masjidi

Koordinatalari: 41°01′44″N 28°56′20″E / 41.0290°N 28.9390°E / 41.0290; 28.9390
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Masjid
Qosim ogʻa masjidi
turkcha: Kasım Ağa Mescidi
Mamlakat  Turkiya
Istanbul Fotih tumani
Koordinatalar 41°01′44″N 28°56′20″E / 41.0290°N 28.9390°E / 41.0290; 28.9390
Masjid turi Masjid
Meʼmoriy uslub Vizantiya meʼmorchiligi
Qurilish materiali gʻisht, yoʻnilgan tosh
Holati amaldagi

Qosim ogʻa masjidi (turkcha: Kasım Ağa Mescidi; shuningdek, Qosim Bey Mescidi, bu yerda mescit turkcha soʻz boʻlib, kichik masjid degan maʼnoni anglatadi) – Turkiyaning Istanbul shahrida Usmonlilar imperiyasi tomonidan masjidga aylantirilgan Vizantiya binosi. Oxirgi restavratsiya davridagi tadqiqotlar ham, oʻrta asr manbalari ham binoning qachon va kimga atab qurilganligi toʻgʻrisida qoniqarli javob topishga imkon bermagan. Kichik masjid Vizantiya monastirining bir qismi boʻlishi mumkin, aosiy cherkov binosi Usmonlilar imperiyasi davrida Odalar masjidi sifatida tanilgan, biroq uning ham kimga atab qurilganligi nomaʼlum[1]. Bino Konstantinopoldagi Vizantiya arxitekturasining kichik namunalaridan biri hisoblanadi.

Masjid Istanbulning Fotih tumani, Salmatomruk mahallasi, Edirnekapidan (qadimiy Charisius darvozasi) uncha uzoq boʻlmagan joyda, Kariye masjidi va Fethiye masjidi oʻrtasida[2], Odalar masjidi qoldiqlaridan taxminan 100 metr (330 fut) janubi-gʻarbda joylashgan[3].

Vizantiya Konstantinopol xaritasi. Qosim ogʻa masjidi quruqlik devorlarining sharqiy qismida, Charisius darvozasidan taxminan 300 metr (980 fut) janubi-sharqda joylashgan.

Qosim ogʻa masjidi Konstantinopolning oltinchi tepaligida Usmonlilar davrida Boĝdan Saray nomi bilan ataluvchi nomaʼlum Vizantiya binosi bilan chegaralangan hududda qurilgan[2]. Vizantiya davridagi bino haqida hech qanday maʼlumot mavjud emas[2]. Ushbu majmua uchun suv taʼminoti, shubhasiz, yaqin atrofdagi Ipek sardobasidan olingan[1][2]. 1453-yilda Konstantinopolning fathi paytida bino allaqachon vayronaga aylantirib yuborilgan edi[1].

Konstantinopol zabt etilgandan soʻng, bino atrofidagi mahallaga, asosan, nasroniy aholi joylashib olgan. Shunga qaramay, 1506-yilda Sulton Boyazid II hukmronligi davrida Qosim Bey ibn Abdulloh bino vayronalari ustiga kichik masjid qurdirgan. Masjidga yaqin atrofda bir qancha doʻkonlar va yer uchastkalari vaqf qilingan[1]. Kichkina masjid 1894-yil Istanbulda sodir boʻlgan zilzila[4] va 1919-yil 2-iyuldagi Salmatomruk yongʻinidan katta zarar koʻrgan, natijada faqatgina tashqi devorlar va minora poydevori saqlanib qolgan[1]. Keyinchalik, XX asrning oʻrtalarida tashlab ketilgan masjid tashlandiq bino sifatida foydalanilgan (turkcha: Gecekondu), lekin 1970-yillarga kelib toʻliq qayta tiklangan va hozirgi kunga qadar faoliyatini davom ettirmoqda[1].

1919-yilgi yongʻindan keyin vayronaga aylangan masjidning janub tomondan koʻrinishi. Uning oʻng tomonida joylashgan Odalar masjidi minorasi ham yonib ketgan. Uzoqdagi minora Kariye masjidiga tegishli.

Binoning qurilish rejasi shimoli-sharqiy va janubi-gʻarbiy tomonga yoʻnaltirilgan kvadrat shaklga ega. Maydoni nisbatan kichikroq boʻlganligi sababdan binoni cherkov deb atash biroz qiyin, shu sababli, bino monastirga tegishli kichik bino boʻlishi mumkin degan taxminlar mavjud. Inshootni qayta tiklash davrida olib borilgan bir qancha tekshiruv ishlari davomida qurilishda foydalanilgan gʻishtlar binoning turli davrlarda qurilgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi[1], shuningdek, masjid poydevori va saqlanib qolgan devorlari gʻisht va toshdan yasalganligi aniqlangan[3]. Bundan tashqari, tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, 1506-yilda cherkov masjidga aylantirilganda mehrobning atriumi va devori qayta tiklanishi kerak boʻlgan. Ayni vaqtda binoning shimoli-sharqiy tomonida ulkan minora mavjud[1].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 Müller-Wiener (1977), p. 164.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 Westphalen (1998), p. 1.
  3. 3,0 3,1 Eyice (1955) p. 72
  4. Mamboury (1953), p. 309
  • Mamboury, Ernest. The Tourists' Istanbul. Istanbul: Çituri Biraderler Basımevi, 1953. 
  • Eyice, Semavi. Istanbul. Petite Guide a travers les Monuments Byzantins et Turcs (French). Istanbul: Istanbul Matbaası, 1955. 
  • Müller-Wiener, Wolfgang. Bildlexikon zur Topographie Istanbuls: Byzantion, Konstantinupolis, Istanbul bis zum Beginn d. 17 Jh (German). Tübingen: Wasmuth, 1977. ISBN 9783803010223. 
  • Westphalen, Stephan. Die Odalar Camii in Istanbul. Architektur und Malerei einer mittelbyzantinischen Kirche (German). Tübingen: Wasmuth, 1998. ISBN 3-8030-1741-6.