Kontent qismiga oʻtish

Queen's universiteti

Koordinatalari: 44°13′30.000000000005″N 76°29′42.000000000016″W / 44.22500000000000142°N 76.49500000000000455°W / 44.22500000000000142; -76.49500000000000455
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kingstondagi Queen's universiteti
Asl nomi Queen's University at Kingston
Shiori lotincha: Sapientia et Doctrina Stabilitas
Asos solingan 16-oktyabr, 1841-yil (182 yil avval) (1841-10-16)[1]
Oʻquv yurti turi ilmiy tadqiqotlarga ixtisoslashgan davlat universiteti
Rektori Owen Crawford-Lem[2]
Talabalari 33,842 (2022)[3]
Bakalavriat 26,052[3]
Kampusi Asosiy kampus: 40 ga
Gʻarbiy kampus: 27 ga[4]
Manzili Kingston, Kanada
Vebsayti www.queensu.ca/

44°13′30.000000000005″N 76°29′42.000000000016″W / 44.22500000000000142°N 76.49500000000000455°W / 44.22500000000000142; -76.49500000000000455

Kingstondagi Queen's universiteti (inglizcha: Queen's University at Kingston[1][5][6]; talaffuzi: Kingstondagi Kuins universiteti) – Kanadaning Kingston shahrida joylashgan, ilmiy tadqiqotlarga ixtisoslashgan davlat universiteti. Xalq orasida shunchaki Queen's universiteti yoki Queen's oʻlaroq maʼlum. Universitet Ontario boʻylab 1 400 ga yerga ega boʻlib, Angliyaning East Sussex shahridagi Herstmonceux qasri ham unga tegishlidir[4]. Queen's universiteti sakkiz fakultet va maktabga boʻlingan.

Shotlandiya cherkovi qirolicha Victoria chiqargan farmon asosida 1841-yil Queen's kollejiga asos solgan. Ikki nafar oʻqituvchi va 15 nafar talaba ishtirok etgan ilk darslar 1842-yilning 7-martida oʻtkazilgan va talabalarni ruhoniylik ishiga hozirlashni koʻzlagan[7]. Oliygoh 1869-yil Dengiz boʻyi provinsiyalaridan gʻarbdagi hududda ayollarni qabul qilgan ilk universitetga aylangan[1]. Universitetdagi tibbiyot kurslariga ayollar qabul qilinganiga erkak xodimlar va talabalar salbiy munosabat bildirgani tufayli 1883-yil ayollar uchun tibbiyot kolleji ochilgan[8][9]. 1912-yil universitet presviterianlik cherkovi bilan aloqani uzgan[5] va hozirgi nomiga oʻtgan[10][1]. XX asrning oʻrtalarida bir necha fakultet va maktabga asos solingan, yangi binolar qurilib, oliygoh kampusi kengaytirilgan.

Queen's 33 mingdan oshiq talaba hamda jahon boʻylab 131 mingdan oshiq bitiruvchiga ega[11][12]. Oliygohni tamomlagan taniqli shaxslar orasida davlat arboblari, olimlar, tadbirkorlar hamda 57 nafar Rhodes stipendiyasi sovrindori bor[13]. 2022-yil holatiga koʻra, besh nafar Nobel mukofoti sovrindori hamda bir nafar Turing mukofoti gʻolibi Queenʼs universiteti bilan aloqadordir.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

XIX asr[tahrir | manbasini tahrirlash]

Universitet kampusi 1899-yilda

Queen's universitetining tarixi presviterianlarning 1830-yillardagi taʼlim tashabbuslariga borib taqaladi. Universitetga asos solish boʻyicha dastlabki reja 1839-yil boʻlib oʻtgan sinod yigʻinida taqdim etilgan. 1840-yilda Yuqori Kanadaning 13-Parlamenti yigʻinida universitetni ochish boʻyicha oʻzgartirilgan qonun loyihasi koʻrib chiqilgan[14]. 1841-yilning 16-oktyabrida qirolicha Victoria nomidan xartiya eʼlon qilinib, Kingstonda Queen's kollejiga asos solingan. Queen's presviterianlarning oʻsib borayotgan Yuqori Kanada koloniyasida ruhoniylar tahsil olishi hamda yoshlarni fan va adabiyot sohalarida oʻqitishga qaratilgan bir necha yillik saʼy-harakatlari natijasidir. Universitet Ediburg hamda Glazgo universitetlaridan oʻrnak olib tuzilgan[1]. Ikki nafar oʻqituvchi hamda 15 nafar talaba ishtirok etgan ilk darslar 1842-yilning 7-martida kichik yogʻoch uyda boʻlib oʻtgan[7].

Kollej hozirgi adresida oʻrnashishidan oldin 11 yil davomida bir necha marta koʻchirilgan[1]. Kanada konfederatsiyasidan oldin Shotlandiya cherkovi, Kanada hukumati hamda individual shaxslar kollejni moliyalashtirgan[1]. 1869-yil oliygoh Dengiz boʻyi provinsiyalaridan gʻarbdagi hududda ayollarni qabul qilgan ilk universitetga aylangan[1].

Konfederatsiyadan keyin federal hukumat kollejga moliyaviy yordam koʻrsatishni toʻxtatgan, Oʻrta yer tumanining tijoriy banki (inglizcha: Commercial Bank of the Midland District) bankrot boʻlishi ortidan esa Queen's oʻz endaumentining uchdan ikki qismidan mahrum boʻlgan. Bu ikki holat kollej taqdiriga tahdid solgan. Direktor[izoh 1] William Snodgrass hamda boshqa rasmiylar Kanada boʻylab mablagʻ toʻplash kampaniyasini boshlab, kollejni saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan[1][15].

Moliyaviy muammolar asr yakuniga qadar kollej maʼmuriyatini tashvishga solgan. 1880-yillarga qadar Kingstonni tark etib, Toronto universiteti bilan birlashish masalasi koʻrib chiqilgan[1]. Ilk asosiy homiy Robert Sutherland qoʻshimcha mablagʻ meros qilib qoldirishi ortidan kollej moliyaviy qiyinchiliklardan qutulgan va mustaqil faoliyatini saqlab qolgan[16]. 1881-yilning 17-mayida Queen's universitet maqomini olgan[17].

1880-yilda universitetning tibbiy kursiga uch nafar ayol talaba qabul qilingan, ammo bunga erkak talabalar va xodimlar shu qadar salbiy munosabat bildirganki, 1883-yil ayol talablarni oʻqishdan chetlatishga qaror qilingan[8]. Uchala talaba oʻqishni tamomlashiga imkon yaratish maqsadida Ayollar tibbiyot kollejiga asos solingan[17][9]. XIX asr oxirida 1880-yilda qurib bitkizilgan teologiya binosi (inglizcha: Theological Hall) universitetning asosiy binosi oʻlaroq xizmat qilgan[18].

XX asr[tahrir | manbasini tahrirlash]

1912-yilda Queen's universiteti Shotlandiyaning presviterian cherkovidan ajralib chiqdi va oʻz nomini „Kingstondagi Queen's universiteti“ga (inglizcha: Queen's University at Kingston) oʻzgartirdi[1]. Queen's ilohiyot kolleji 1925-yilga borib Kanada Birlashgan cherkoviga qoʻshilguniga qadar Kanadadagi presviterian cherkovi nazorati ostida qoldi[6]. Ilohiyot kolleji Queen's universitetining dinshunoslik kafedrasi bilan birlashtirildi va dastur 2015-yilga kelib yopildi[19].

Universitet Birinchi jahon urushi yillarida talabalar, xodimlar va professor-oʻqituvchilar harbiy xizmatga jalb etilishi bilan bogʻliq abituriyentlar sonidagi keskin pasayish tufayli yana bir moliyaviy inqirozga duch keldi. 1 000 000 dollar mablagʻ toʻplangan kampaniya hamda 1918-yilda erishilgan sulh universitetni saqlab qoldi[1]. Urushda oliygohning qariyb 1 500 talabasi jang qildi, ularning 187 nafari halok boʻldi[20].

1938-yil 18-avgustda, yaʼni Ikkinchi jahon urushi boshlanishidan bir yil oldin AQSh prezidenti Franklin Roosevelt faxriy darajani qabul qilish uchun Queen's universitetiga keldi. Butun dunyo boʻylab efirga uzatilgan murojaatida prezident Amerikaning Kanada bilan oʻzaro ittifoq va doʻstlik siyosatini e’lon qildi[21]. Ikkinchi jahon urushida universitetning 2 917 nafar bitiruvchisi qurolli kuchlarda xizmat qildi, ularning 164 nafari halok boʻldi[22]. John Deutsch markazining Memorial binosidagi xotira xonasida jahon urushlarida halok boʻlgan universitet talabalari ismlari qayd etilgan[23].

AQSh prezidenti Franklin Roosevelt Queen's universitetidan faxriy daraja olganidan keyin nutq soʻzlamoqda

Queen's universiteti urushdan keyingi yillarda tez surʼatda oʻsdi. Bunga urushdan keyin iqtisodiyot kengayishi va 1960-yillarda avjiga chiqqan demografik oʻsish turtki boʻldi. 1951-yilda abituriyentlar soni 2 000 dan oshiqroq boʻlgan boʻlsa, 1961-yilga kelib 3 000 nafardan oshdi[1]. Bu davrda qurilish dasturi yoʻlga qoʻyildi va oʻn yildan kamroq vaqt ichida beshta talabalar turar joyi qurildi.

1950-yillarning oʻrtalarida Ontarioda yuridik taʼlim qayta tashkil etilganidan soʻng, 1957-yilda yangi John A. Macdonald binosida yuridik fakultet ochildi. 1950-yillarda amalga oshirilgan boshqa loyihalar orasida maʼmuriy idoralar uchun qurilgan Richardson binosi hamda Dunning binosi eʼtiborga molik[1]. Boshqa koʻplab Kanada universitetlari singari, 1960-yillarning oxiriga kelib Queen's universitetida ham abituriyentlar soni uch barobarga oshdi, professor-oʻqituvchilar va xodimlar soni koʻpaydi, universitetdagi shart-sharoitlar yanada yaxshilandi. Bunga demografik oʻsish hamda davlat sektoridan ajratilgan moddiy yordam turki boʻldi. 1970-yillarning oʻrtalariga kelib, universitetdagi kunduzgi talabalar soni 10 000 nafarga yetdi[1]. Bu davrda qurilgan yangi obyektlar koʻproq odam yashashi uchun moʻljallangan yana toʻrtta turar joyni oʻz ichiga oladi. Bular An Clachan, Elrond College (hozirgi kunda Princess Towers deb nomlanadi), hozirgi kunda universitetga tegishli boʻlmagan kooperativ turar joy, gʻarbiy kampusda joylashgan John Orr Tower binosi hamda Jean Royce binolaridir[24]. Bundan tashqari, matematika, fizika, biologiya va psixologiya, ijtimoiy fanlar va gumanitar fanlar kafedralari uchun alohida binolar qurildi.

Bu davrda Queen's Musiqa maktabi, Davlat boshqaruvi maktabi (hozirgi Siyosiy tadqiqotlar maktabi tarkibida), Reabilitatsiya terapiyasi maktabi hamda Shahar va mintaqaviy rejalashtirish maktablariga asos solindi. 1968-yilda universitetdan bir kilometr gʻarbda Taʼlim fakulteti tashkil etilishi ortidan universitetning gʻarbiy kampusi yuzaga keldi[1]. Queen's kompyuterlashtirilgan huquqiy tadqiqotlarni ilgari surgan ilk oliygohlardan biridir. 1968-yildan 1973-yilgacha universitetda QUIC/LAW Kanada huquqiy tadqiqot loyihasi yuritildi. 1973-yilda loyiha universitetdan ajralib chiqib, tijoratlashtirildi. QUIC/LAW dasturiy ta’minoti 1976-yilda Westlaw ma’lumotlar bazasining asosi oʻlaroq „West Publishing“ nashriyotiga rasman oʻtkazib berildi[25]. 2002-yilda oʻsha davrga kelib „Quicklaw“ oʻlaroq tanilgan butunkanada huquq bazasi „West Publishing“ nashriyotining raqibi „LexisNexis“ shirkatiga sotildi[26]. 1980-yilning 23-oktyabrida Queen's universitetining ilk ayol kansleri Agnes Richardson Benidickson yangi lavozimiga kirishdi[17].

1991-yilda Queen's universiteti oʻzining yuz ellik yillik yubileyini nishonladi. Nishonlash tadbirlarida Uels shahzodasi Charles va uning oʻsha paytdagi rafiqasi Diana Spencer ishtirok etdi. Shahzoda Cherles universitetni tashkil etish boʻyicha qirolicha Victoria 1841-yilda chiqargan farmon nusxasini taqdim etdi. Farmon nusxasi universitetning John Deutsch markazida namoyishga qoʻyilgan[27]. 1993-yilda bitiruvchi Alfred Bader Herstmonceux qasrini Queen's universitetiga sovgʻa qildi. Qasrda ayni damda Bader kolleji faoliyat yuritadi[28][29].

Izohlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Shotlandiyadagi kabi, Queen's rahbari „rektor“ yoki „prezident“ emas, balki „direktor“ (inglizcha: principal) deb nomlanadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 1,13 1,14 1,15 „General History“. Queen's University. 2011-yil 6-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 26-iyul.
  2. „Administration/Governance“. Governance. 2016-yil 1-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 4-may.
  3. 3,0 3,1 „Student Enrolment“. Office of Planning & Budgeting. Queen's University. 2018-yil 27-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 4-may.
  4. 4,0 4,1 „Inventory and Assessment“. Campus Plan 2002. Queen's University (2002). 2015-yil 24-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 26-iyul.
  5. 5,0 5,1 „Consolidation of The Royal Charter of Queen's University and its Amending Statutes“. Queen's University (2011-yil oktyabr). 2015-yil 10-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 9-dekabr.
  6. 6,0 6,1 „An Act Respecting the Incorporation of Queen's Theological College“. Queen's University (2005-yil iyul). 2011-yil 27-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 26-iyul.
  7. 7,0 7,1 Neatby, Hilda. Queen's University, Vol I: Volume I, 1841–1914: And Not to Yield. McGill-Queen's University Press, 1978 — 3 bet. ISBN 0-7735-0336-6. 
  8. 8,0 8,1 „Women Medical Students, Expulsion of | Queenʼs Encyclopedia“. queensu.ca. 2019-yil 11-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 11-oktyabr.
  9. 9,0 9,1 Neatby, Hilda. Queen's University: Volume I, 1841–1917: And Not to Yield. McGill-Queen's University Press, 1978 — 214–216 bet. ISBN 0-7735-6074-2. 
  10. S. C., 1912, c. 138
  11. „Queen's Quick Facts“. Queen's University. 2014-yil 25-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 29-sentyabr.
  12. Category: | Queenʼs University News Centre (Wayback Machine saytida 12 April 2013 sanasida arxivlangan). Queensu.ca. Retrieved on 2013-08-12.
  13. „Queen's Gazette“. Queen's University (2016). 2016-yil 24-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 23-noyabr.
  14. Neatby, Hilda. Queen's University, Vol I: Volume I, 1841–1914: And Not to Yield. McGill-Queen's University Press, 1978 — 25 bet. ISBN 0-7735-0336-6. 
  15. „Commercial Bank of the Midland District“. Queen's University. 2012-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 30-sentyabr.
  16. Frankson, Greg „Profile of Robert Sutherland“. Queen's University (2001). 2012-yil 30-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 8-avgust.
  17. 17,0 17,1 17,2 Pound, Richard W.. 'Fitzhenry and Whiteside Book of Canadian Facts and Dates'. Fitzhenry and Whiteside, 2005. 
  18. "Theological Hall". Queen's Encyclopedia. Queen's University. http://www.queensu.ca/encyclopedia/t/theologicalhall.html. <!--->
  19. „Theological Studies program at Queen's“. 2019-yil 10-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 16-mart.
  20. Wilgar, W.P. „Queen's Remembers: The First World War“. Queen's University. 2008-yil 2-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 24-iyun.
  21. „Franklin D. Roosevelt Address at Queen's University, Kingston, Ontario, Canada.“. University of California, Santa Barbara (2011). 2012-yil 2-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 26-iyul.
  22. „Queen's Remembers: The Second World War“. Queen's University. 2008-yil 2-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 24-iyun.
  23. "Memorial Room". Queen's Encyclopedia. Queen's University. http://www.queensu.ca/encyclopedia/m/memorialroom.html. <!--->
  24. „Residences Queen's Encyclopedia“. queensu.ca. Qaraldi: 2023-yil 10-aprel.
  25. Bourne, Charles P.; Hahn, Trudi Bellardo. A History of Online Information Services, 1963-1976. Cambridge: The MIT Press, 2003 — 313–315 bet. ISBN 0-262-02538-8.  Available via IEEE Xplore.
  26. Martin, Sandra. „Prof's system revolutionized legal practice“. The Globe and Mail. Toronto: The Globe and Mail Inc. (2009-yil 26-sentyabr). Qaraldi: 2018-yil 2-dekabr.
  27. „Royal Visits“. Queen's University. 2011-yil 15-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 8-avgust.
  28. „About the Bader International Study Centre (BISC)“. Queen's University. 2012-yil 10-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 2-mart.
  29. „Bader International Study Centre renamed to Bader College“ (en). The Journal (2022-yil 22-iyun). Qaraldi: 2022-yil 22-iyun.