Rabbanaqul Avezov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Rabbanaqul Rahmonovich Avezov
Tavalludi 1942-yil 8-mart
Buxoro viloyati Olot tumani Xalifa qishlog‘i
Vafoti 2021-yil
Fuqaroligi O‘zbekiston SSR, O‘zbekiston Respublikasi
Kasbi geliofizik olim, ixtirochi
Sohasi geliofizika, geliotexnika
Ish joylari

Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti);

S. Azimov nomidagi „Fizika-Quyosh“ ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Fizika-texnika instituti.
Taʼlimi Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)
Ilmiy darajasi texnika fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor
Tezis sarlavhasi

„Bino va inshootlarni isitish va sovutish uchun mujassamlashgan gelioqurilmalardan foydalanish“ (nomzodlik, 1971);

„Issiqlik ta'minoti tizimlarida past potensialli quyosh isitkichlaridan foydalanish samaradorligini oshirish“ (doktorlik, 1990)
Mukofotlari „Mehnat shuhrati“ ordeni (2003)

Rabbanaqul Rahmonovich Avezov (1942—2021) — geliofizika sohasi olimi, texnika fanlari doktori, professor.

Ta'limi va ish faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rabbanaqul Avezov 1942-yil 8-martda Buxoro viloyati Olot tumanining Xalifa qishlog‘ida tug‘ilgan. 1959-yilda Olot tumanidagi o‘rta maktabni tugatdi. 1960-yilda Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning Fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1965-yilda Fizika va industrial ishlab chiqarish asoslari ixtisosligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamonmladi. U talabalik davridayoq o‘zining ilmiy faoliyatini boshlab institut Umumiy fizika kafedrasi mudiri Q.B.Boybo‘tayev rahbarligida quyosh suv isitkichlari mavzusi ustida ilmiy ish olib borilayotgan tajribaviy izlanishlarda faol qatnashdi. 1963-yildan boshlab institut huzuridagi „Yer sun’iy yo‘ldoshlarini vizual kuzatish stansiyasi“ laboranti lavozimiga ishga qabul qilindi.

1965-yilda o‘qishni tugatgach, u dastlab institut Umumiy fizika kafedrasida o‘qituvchi, keyinchalik stajor-tadqiqotchi lavozimida ishladi. 19661967-yillarda Turkmaniston Fanlar akademiyasi „Quyosh“ ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida akademik B.A.Baum rahbarligida quyosh suv chuchitkichlarini amaliy va nazariy o‘rganish borasida ilmiy izlanishlar olib bordi.

Ilmiy tadqiqoti va pedagogik faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rabbanaqul Avezov 19671970-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti aspiranti, 1975-yildan Fizika-texnika institutida laboratoriya mudiri bo‘ldi[1]. 1971-yilda Toshkentda „Bino va inshootlarni isitish va sovutish uchun mujassamlashgan gelioqurilmalardan foydalanish“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 1990-yilda Moskva Energetika institutida „Issiqlik ta’minoti tizimlarida past potensialli quyosh isitkichlaridan foydalanish samaradorligini oshirish“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1994-yilda „Qayta tiklanadigan energiya turlarini o‘zgartirish va ular asosidagi qurilmalar“ ixtisosligi bo‘yicha professor unvoniga ega bo‘lgan.

U O‘zbekistonda quyosh energiyasidan foydalanishning ilmiy asoslarini yaratish va uni amaliyotga tatbiq etish sohasida o‘ziga xos yo‘nalish yaratgan taniqli olim hisoblanadi. Uning izlanishlari natijalari O‘zbekistonda quyosh isitkichlarining bir necha avlodini yaratishga asos qilib olingan. Ilmiy tadqiqotlari natijalari 300 dan ortiq ilmiy maqola, 7 ta monografiya, 10 ta darslikda e'lon qilingan. U 16 ixtiro muallifi[2], 25 dan ortiq fan doktori va fan nomzodlarini tayyorlagan. Ulardan biri S.Batmunx Mongoliya Fanlar akademiyasining akademigi.

Mustaqillik yillarida o‘z faoliyatini O‘zbekiston energiya va resurslarni tejash dasturi bo‘yicha quyosh energiyasidan foydalanishning samarasini oshirish ustida tadqiqotlar olib borishga qaratdi. O‘zi tashkil qilgan birlashmada yaratilgan boshqa ishlanmalar bo‘yicha O‘zbekiston xalq xo‘jaligi ehtiyoji uchun geliotexnik qurilmalar ishlab chiqargan „Qurilishgelioservis“ qo‘shma korxonasining asoschilaridan biri. Bu korxona tomonidan yasalgan qurilmalar O‘zbekistonning turli tarmoqlarida foydalanilgan.

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rabbanaqul Avezov o‘zining uzoq yillar davomida olib borgan ilmiy faoliyati, O‘zbekiston ilm-fani, xususan, Quyosh energiyasini issiqlikka aylantirish hamda undan respublika iqtisodiyotining turli sohalarida samarali foydalanish yo‘nalishini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 18-dekabrdagi farmoni asosida „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan taqdirlangan[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Раҳматов И. Бухоролик гелиофизик олимлар, Бухоро, 2009 — 14 bet. 
  2. „Композиция для получения пенопласта“. Qaraldi: 2023-yil 10-iyul.
  3. „O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 18-dekabrdagi „O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 60 yilligi munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to‘g‘risida“ PF-3365-son Farmoni“. Qaraldi: 2023-yil 10-iyul.