Kontent qismiga oʻtish

Rauf-Rafail Katsenovich

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Rauf-Rafail Katsenovich
Tavalludi 7-sentyabr 1920-yil
Toshkent
Vafoti 20-oktyabr 2003-yil(2003-10-20)
(83 yoshda)
Mayami, Florida, AQSh
Istiqomat joylari Toshkent
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Sohasi Tibbiyot
Taʼlimi Toshkent tibbiyot instituti
Mukofotlari Xalqlar doʻstligi ordeni

Rauf-Rafail Aleksandrovich Katsenovich (1920-yil 7-sentyabr, Toshkent – 2003-yil 20-oktyabr, Mayami AQSh) – terapevt, kardiolog va fizioterapevt. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (2000), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1968), tibbiyot fanlari doktori (1964), professor (1966). Toshkent tibbiyot akademiyasini tugatgan (1945).

Bosh turkman kanali qurilishida 1-tibbiyot-sanitariya qismining boshligʻi (1951—1953), Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi Salomatlikni tiklash va fizioterapiya ilmiy tadqiqot institutida ilmiy kotib (1953—1958), direktor oʻrinbosari (1958—1972), ayni vaqtda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida kafedra mudiri. 1972-yildan Toshkent tibbiyot akademiyasi (1990-yildan 2-Toshkent tibbiyot akademiyasi) gospital terapiya kafedrasi mudiri, Kardiologiya ilmiy tadqiqot instituti direktori (1976—1997), 1997-yildan yurakning ishemik kasalligi laboratoriya mudiri.

Katsenovich revmatizm, ovqat hazm qilish aʼzolari kasalliklari, yurakning ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligini aniqlash va davolash usullari ustida ilmiy ish olib borgan. Kurortologiya, fizioterapiya va yurak-tomir sistemasi kasalliklariga oid asarlar muallifi[1]

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1920-yil 7-noyabrda Toshkent shahrida tibbiyot fanlari doktori, professor Aleksandr Lvovich Katsenovich va Xaverxonim Toyirovalar oilasida tugʻilgan[2].

1945-yilda Toshkent Davlat tibbiyot institutini (TOSHMI) tamomlagan[2].

1945—1951-yillarda – Toshkent tibbiyot instituti terapiya kafedrasida ordinator va assistent[2].

1951—1952-yillarda – tez tibbiy yordam xizmatining bort shifokori[2].

1952—1953-yillarda – Bosh Turkman kanali qurilishi 1-tibbiyot boʻlimi boshligʻi[2].

1953—1958-yillarda – Semashko nomidagi Toshkent kurortologiya va fizioterapiya ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, ilmiy kotibi.

1958—1972-yillarda – Semashko nomidagi Toshkent kurortologiya va fizioterapiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori oʻrinbosari.

1964-yilda – tibbiyot fanlari doktori.

1964—1971-yillarda – Toshkent tibbiyot malakasini oshirish institutida kurortologiya va fizioterapiya kafedrasi mudiri.

1966-yilda – professor.

1968-yilda – Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan fan arbobi.

1972-yildan – Toshkent tibbiyot instituti gospital terapiya kafedrasi mudiri.

Rauf-Rafail Aleksandrovich (oʻngda) ota-onasi va ukasi bilan

1976-yildan – Toshkent kardiologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori.

1979-yilda – Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi.

2000-yilda – Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi.

100 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi[3].

Asosiy tadqiqotlari Markaziy Osiyoda gepatitning xususiyatlari, fizioterapiya va klimatoterapiya muammolari, yurak-qon tomir tizimi, oʻpka, buyraklar, ovqat hazm qilish organlari kasalliklariga bagʻishlangan. Uning rahbarligida Markaziy Osiyoda birinchi marta JSST dasturi boʻyicha yurak ishemik kasalliklari va bolalar gipertoniyasi epidemiologiyasi oʻrganildi, qon bosimini pasaytirishning dori-darmonsiz usullari ishlab chiqildi[2].

2003-yil 29-oktyabrda AQShning Florida shtati Mayami shahrida vafot etgan. Toshkentdagi Botkin qabristoniga dafn etilgan[4].

Ilmiy ishlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Gidroaeroionizatsiya va gidroaeroionoterapiya. Toshkent, 1966-yil.
  • Oshqozon osti bezi va jismoniy omillar. Toshkent, 1976-yil.
  • Konjestif qon aylanish yetishmovchiligi Vladimir Kukes, Vadim Menshikov, Ivan Sivkov, Rafail Katsenovich. Tibbiyot, 1978-yil
  • Gipertenziyaning fizioterapiyasi R.-R. A. Katsenovich, I. N. Vozovikov. – Toshkent: Tibbiyot, 1979-y.
  • Gipertenziya va yurak-qon tomir kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlar uchun ish va dam olish rejimi [Matn] / R.-R. A. Katsenovich, S. Z. Kostko; Toshkent: Tibbiyot, 1981-yil.
  • Yurak xurujiga uchraganlar uchun… Toshkent: Tibbiyot, 1985-yil.
  • Kardiologiyada profilaktik farmakologiya. Moskva, 1988-yil.
  • Kardiologiyaning dolzarb muammolari, Toshkent: Tibbiyot, 1991-y.
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 „КАЦЕНОВИЧ Рафаил Александрович“ (ru). rujen.ru. Moskva: Rossiya yahudiylar ensiklopediyasi. Qaraldi: 29-noyabr 2023-yil.
  3. Primeneniye antagonista kalsiya korinfara u bolnix stenokardiyey napryajeniya – nekotorie aspekti izucheniya i optimizatsii terapii, T., 1994
  4. „Каценович Рафаил Александрович“. 2021-yil 12-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 28-iyun.