Kontent qismiga oʻtish

Refa bank

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Refa bank
forscha: بانک رفاه
Asosiy maʼlumotlar
Turi Ochiq aksiyadorlik jamiyati
Asos solingan 1960
Boyligi
Aktivlari $11.3 mlrd (2023)
Sof foydasi $392 mln (2023)
Xodimlari 10 774
Rahbariyat Ismoil Lolaqoniy,
CEO
Bosh kompaniyasi Farovonlik va ijtimoiy ishlar vazirligi
Sayti www.refah-bank.ir
Refa bank

Refa Karagan bank, shuningdek Refa bank nomi bilan ham mashhur (forscha: بانک رفاه, Bank Refah), Eronning yirik banklaridan biri sanaladi. Bosh ofisi Tehronda joylashgan Refa bank Eron Ijtimoiy xavfsizlik tashkilotiga tegishli va u tomonidan nazorat qilinadigan chakana xizmatlar koʻrsatish bankidir. Refa bank milliondan ortiq mijozlarga toʻliq mahsulot va xizmatlarni taqdim etadi. Uning SWIFT manzili REFAIRTH.

Ishchilar banki

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Refa bank 1960-yilda Eron ishchilariga asosiy bank xizmatlarini koʻrsatish uchun tashkil etilgan. Ushbu xizmatlar sugʻurta mukofotlarini yigʻish, ish haqi va pensiyalarni toʻlash, ipoteka va jismoniy shaxslar uchun kreditlarni oʻz ichiga olgan. Refa bank 1979-yilda Islom inqilobidan bir yil oʻtmasdan milliylashtirilgunga qadar notijorat bank hisoblangan. Eron Islom Majlisi tomonidan qabul qilingan Milliylashtirish qonuni bilan bank mulki hukumat tasarrufiga oʻtdi. Shuningdek, u tijorat banki sifatida qayta tasniflandi.

Eronning 1959-yilgi moliyaviy byudjetining 39-moddasiga muvofiq, Refa bankning ustav kapitali 400 million Eron rialini (5,7 million AQSh dollaridan sal koʻproq) tashkil etgan. Ustav kapital toʻliq Eron Ijtimoiy xavfsizlik tashkiloti tomonidan shakllantirilgan. Bank 1979-yilda milliylashtirilgan boʻlsa-da, uning boshqaruvi 1993-yilda Ijtimoiy taʼminot tashkilotiga (hozirda Farovonlik va ijtimoiy ishlar vazirligi nomi bilan ataladi) qaytarildi. 2001-yil mart oyida bank kapitali 1,961 milliard rial (taxminan 250 million AQSh dollari) ga koʻtarildi, shundan 94 foizi Eron Ijtimoiy xavfsizlik tashkiloti tomonidan toʻlagan[1]. Hozirda bankning Belarusda Onerbank nomli shoʻba banki faoliyat koʻrsatmoqda[2].

2013-yil 6-sentyabrda Lyuksemburgdagi Yevropa Bosh sudi Eronning yadroviy va raketa dasturlarini qoʻllab-quvvatlagani uchun Refa bankka qarshi 2010-yildan beri amalda boʻlgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini bekor qilish toʻgʻrisida qaror chiqardi. Sud qarori Yevropa Ittifoqi sanksiyalar sababini tushuntira olmagani uchun qabul qilindi[3][4]. 2016-yil holatiga koʻra, Yevropa Ittifoqining bank aktivlarini muzlatish qarori hali ham amalda edi[5].

Islom bankchilik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Erondagi barcha banklar 1983-yilda Eron Islom Majlisi tomonidan qabul qilingan Eronning Islom bankchiligi qonunida koʻzda tutilgan bank tamoyillari va amaliyotlariga amal qilishlari kerak[6]. Ushbu qonunga koʻra, banklar faqat foizsiz islomiy operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin (foiz sudxoʻrlik yoki ribo hisoblanadi va Islom dini va Qurʼoni karim tomonidan taqiqlangan). Qonun ulushdan „foyda olish“ evaziga tovar va xizmatlar almashinuvini oʻz ichiga olgan tijorat operatsiyalari amalga oshirish imkonini beradi. Bu kabi barcha operatsiyalar Muzoraba, Forush agʻsati, Joala, Salaf va Qarz hasana kabi islomiy shartnomalar orqali amalga oshiriladi. Ushbu shartnomalar va tegishli amaliyotlar tafsilotlari Eronning Foizsiz bank qonunchiligi va uning koʻrsatmalarida keltirilgan.

2007-yil iyul oyida bank „Oltin tangalar depozit hisobi“ nomli yangi bank xizmatini ishga tushirdi[7]. Ushbu yangi xizmat orqali Refa bank mijozlari oltin tangalarini maxsus depozit hisobvaragʻiga qoʻyishlari va buning evaziga ballarni olishlari mumkin, keyinchalik ushbu ballar kelajakda kreditlar va qarzlarga almashtirilishi mumkin. Eron OAVda katta eʼtirof etilgan ushbu noyob omonat hisobining ochilishi Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajodning prezident nutqida ham tilga olindi[8].

Bank boshqaruv raisi Payman Nuri 2007-yilning mart oyida uning bankiga Eron Markaziy banki tomonidan xalqaro kredit kartalarini chiqarish vakolati berilganini eʼlon qildi[9].

Moliyaviy raqamlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2010-yil 16-iyun holatiga koʻra (1 AQSh dollari 10 400 Eron rialiga teng)[10]:

  • Jami aktivlar = 41,453 mlrd rial
  • Kapitalizatsiya = 895 mlrd rial
  • Jami daromad = 1,614 mlrd rial
  • Jami kreditlar = 29,441 mlrd rial
  • Jami depozitlar (qisqa va uzoq muddatli) = 25,719 mlrd rial
  • Filiallar soni = 1128
  • Xodimlar soni = 9570
  • Bozor ulushi = jami depozitlarning 6,8% va jami kreditlarning 5%

Hozirgi boshqaruv raisi va boshqaruv aʼzolari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Doktor Ismoil Lolaqoniy, Boshqaruv raisi
  • Vohid Xonlariy
  • Najot Aminiy
  • Mustafo Sargulzaiy
  • Hamidrizo Fathi Beyranvand

Muhim binolari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Valiasr binosi — Tehron, Valiasr shoh koʻchasi, 2584-uy
  • Pardis binosi — Tehron, Sheroz Shomali, 40-uy

Boshqaruv raisining toʻlovlar boʻyicha munozarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2016-yil iyun oyida maʼmurlarning huquq va imtiyozlari haqidagi yangiliklar saytida bank boshqaruv raisi (Ali Sidqiy)ning daromadlar haqidagi yangiliklar relizi tez-tez tortishuv va munozaralarga sabab boʻldi.

Axborot texnologiyalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Refa bank 1970-yillarning boshida oʻzining birinchi maʼlumotlarni qayta ishlash boʻlimini tashkil etdi. Maʼlumotlarni qayta ishlash boʻlimi kichik IBM 370 Mainframe kompyuteri bilan jihozlangan boʻlib, qurilma asosan depozit va ipoteka hisoblarini paketli qayta ishlash uchun foydalanilgan. Keyinchalik 1976-yilda bankning axborot texnologiyalari boʻlimi tugatildi va uning xodimlari Eron Ijtimoiy xavfsizlik tashkilotining (ISSO) IT boʻlimiga koʻchirildi. Oʻsha paytda AQShning Elektron maʼlumotlar tizimlari (Electronic Data Systems, EDS) Eron Ijtimoiy xavfsizlik tashkiloti uchun ijtimoiy xavfsizlik dasturini ishlab chiqqan va ISSO axborot markazini boshqarar edi. 1978-yildagi inqilobdan keyin ISSO va EDS bilan tuzilgan shartnoma bekor qilindi. Refa bank ISSO axborot markazidan foydalanishni toʻxtatdi va maʼlumotlarga ishlov berish jarayoni qoʻlda amalga oshirishga qaytarildi. Barcha tuzilmalar va bank filiallariga mijozlar va hisob kitoblarini qogʻozda tashkil etish topshirildi.

Bir necha yil oʻtgach, 1988-yilda bankning oʻsha paytdagi boshqaruv raisi Muhammad Hussayn Kozimiy Namin bank uchun birinchi shaxsiy kompyuterni sotib oldi. Keyin u IT-mutaxassislar guruhini ishga oldi va maʼlumotlarni qayta ishlash boʻlimini qayta tashkil etdi. Bir yil oʻtgach, u katta sarmoya kiritdi va Birlashgan Qirollikdan IBM 4381 Mainframe kompyuterini sotib oldi. Oʻshandan beri bankning IT boʻlimi bir nechta kichik va katta kompyuterlar va dasturiy taʼminot toʻplamlarini sotib oldi, ishlab chiqdi va joriy qildi. Biroq, saʼy-harakatlarga qaramay, uning IT infratuzilmasi va tizimlari zamonaviy gʻarb va mintaqa banklaridan ancha orqada edi. Malakali IT-resurslarning yetishmasligi, yuqori tezlikda maʼlumotlar uzatish liniyalarining mavjud emasligi, yetarli darajada sarmoyalar, yomon IT rahbariyati va xorijiy sanksiyalar Eron banklarida maʼlumotlarni qayta ishlashning sekin rivojlanishiga sababchi boʻldi va Refa bank ham bundan mustasno emas.

2007-yilning bahorida Refa bank Tehronda ikkita bankomat va toʻrtta axborot kioskasi boʻlgan oʻzining birinchi bank xodimisiz filialini ochdi. Ushbu filial Tehronning Katta bozori yaqinidagi Galubandakda joylashgan.

Refa bank Tehron va boshqa shaharlardagi filiallarida 500 dan ortiq bankomatlar oʻrnatdi. Bankomatlar tarmogʻi Eronning Shitob tarmogʻiga ulangan boʻlib, mijozlarga mamlakatdagi istalgan bankomatdan naqd pul yechib olish imkonini beradi.

  1. „General information about the bank“. Bank Refah. 2003-yil 10-noyabrda asl nusxadan arxivlangan.
  2. „Iran?s Onerbank registered in Belarus - Economy / News / Belarus News | Belarusian news | Belarus today | news in Belarus | Minsk news | BELTA - Belarus News | Belarusian news | Belarus today | news in Belarus | Minsk news | BELTA“. news.belta.by. 2011-yil 6-iyulda asl nusxadan arxivlangan.
  3. James Kanter. „E.U. Wrongly Imposed Sanctions on 7 Iranian Companies, Court Rules“. New York Times (2013-yil 6-sentyabr). Qaraldi: 2013-yil 6-sentyabr.
  4. „The General Court annuls the acts of the Council freezing the funds of seven companies and one person in connection with the restrictive measures taken against Iran with the aim of preventing nuclear proliferation“. General Court of the European Union (2013-yil 6-sentyabr). Qaraldi: 2013-yil 6-sentyabr.
  5. „European Union and United Kingdom Sanctions Update: March 2016“. K&L Gates (2016-yil 17-mart). Qaraldi: 2016-yil 21-may.
  6. „Iran's interest-free banking law“. Central Bank of Iran. 2007-yil 3-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 15-aprel.
  7. „Bank Refah's Gold Deposit Account“. Bank Refah. 2007-yil 28-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan.
  8. „Mahmoud Ahmadinejad speaks at Bank Refah's ceremony“. Bank Refah. 2007-yil 28-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan.
  9. „Bank Refah to Issue International Credit Cards“. Iran Daily, March 8, 2007. 2007-yil 30-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan.
  10. „Bank Refah's financial statements as of March 20, 2005“. Bank Refah. 2006-yil 24-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan.