Kontent qismiga oʻtish

Rentgenologik tekshirish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Rentgenologik tekshirish — aʼzo yoki sistemaning morfologik va funksional faoliyatini rejali tekshirish, uning normal yoki patologik holatiga baho berish, ob`ektiv diagnostik maʼlumot olish uchun ko‘rilgan tadbirlar.

Rentgenologik tekshirishlar natijasi asosan rentgendiagnostika kabinetlarining jihozlanishi va taʼmin etilishiga, tanlangan usulning to‘la javob berishi va texnika nuqtai nazaridan bajarilishiga, rentgenologning ilmi, tajribasi, malakasi va tekshirishning o‘z vaqtida o‘tkazilishiga bog‘liq.

Zamonaviy rentgenologik tekshirish usullari juda ko‘p. Shu sababli ularni quyidagi guruhlarga bo‘lish maqsadga muvofiqdir:

  • asosiy;
  • qo‘shimcha va murakkab;
  • rentgenkontrast;
  • rentgenfunksional;
  • aʼzo va sistemalar tasvirini olishning yangi zamonaviy usullari.

Asosiy rentgenologik tekshirish usullariga: rentgenoskopiya, rentgenografiya, flyuorografiya va elektrrentgenografiya kiradi.

Rentgenoskopiya yo‘li bilan o‘pka, yurak, katta qon tomirlar, ko‘ks oralig‘i va diafragmani tekshirish mumkin, buning uchun bemor ekran bilan rentgen trubka orasida, shtativ oldida turadi. Ko‘krak qafasini rentgenoskopiya qilganda yukori kuchlanishli tok 50-70 kV (ob`ektning qalinligiga qarab), tok kuchi 3-4 mA bo‘lishi kerak. Ekranni yoritish yo‘li bilan qizilo‘ngach, meʼda, o‘t pufagi va siydik yo‘llarini ko‘rganda texnik ko‘rsatkichlar oshiriladi. Rentgenoskopiya aʼzo yoki sistemaning har xil sharoitda va holatda (proeksiya) tekshirishga imkon beradi. U orqali organni (qovurg‘a, diafragma, yurak, meʼda, ichak va hokazo) kuzatib, uning vazifasini o‘rganish mumkin. Aʼzoni rentgen nuri bilan tekshirganda o‘zgargan joy zichlashgan bo‘ladi, siyraklanish ro‘y beradi yoki to‘qima yo‘q bo‘lsa, o‘rnini havo yoki gaz egallaydi. Rentgenoskopiyada zichlashgan joy intensivligiga qarab turli soya (qorayish) hosil qiladi, to‘qimaning siyraklashgan yoki yo‘qolgan joyi esa ekranda juda yorug‘ ko‘rinadi. Rentgenoskopiya taxminiy tekshirish usuli bo‘lib, u aʼzo morfologiyasi va funksiyasi to‘g‘risida fikr beradi, shuning uchun o‘zgarish topilganda rentgenografiya qilish kerak, unda o‘zgargan joy yaxshi tasvirlanadi va jarayonni har taraflama o‘rganish mumkin bo‘ladi. Rentgenoskopiya va rentgenografiya usullari bir-birini to‘ldirib, aʼzo holati to‘g‘risida yetarli maʼlumot olishda kasallikni aniqlash va tashhis qo‘yishda katta yordam beradi.

Rentgenografiya — rentgen nurlari yordamida surat olish usuli. Asosiy, klassik va ishonchli usul bo‘lib, tekshirilayotgan aʼzo soyasining rentgen plyonkada tasvirlanishiga asoslangan. Rentgenografiya natijasi rentgenogramma deb ataladi .

Rentgenogramma (surat) o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, tasvirlangan ob`ekt tuzilishini ravshan va tiniq ko‘rsatadi, bu esa ko‘p maʼlumot olish, jarayonni dinamik kuzatish va bemorni har xil mutaxassis bilan konsultasiya qilishga imkon beradi.

Rentgenogramma — tekshirilayotgan aʼzo tasviri to‘g‘risidagi yuridik va rentgenologik hujjat bo‘lib, u rentgen kabint arxivida belgilangan muddatgacha saqlanishi kerak.

Flyuorografiya — flyuoressyensiyalangan ekrandan foto plyonkaga yoki flyuorografiya plyonkasiga kichkina surat olish usuli.

  1. T. N.ILYOSOV Klinik radiologiya asoslari ―O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi‖ Davlat ilmiy nashriyoti Toshkent-2010