Kontent qismiga oʻtish

Ruanda

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Ruanda Respublikasidan yoʻnaltirildi)
Ruanda Respublikasi
Repubulika y'u Rwanda
République Rwandaise
ShiorUnity, Work, Patriotism
Madhiya: Rwanda nziza
Location of Ruanda
Poytaxt Kigali
Rasmiy til(lar) Kinyaruanda tili, Ingliz tili, Fransuz tili, Suaxili tili
Hukumat Prezidentlik Respublika
• Prezident
Paul Kagame
Bernard Makuza
Mustaqillik (BMT vasiylikdagi Belgiya ma'muriyatidan)
• Sana
1-iyul 1962
Maydon
• Butun
26,338 km2 (148-oʻrin)
• Suv (%)
5.3
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
8,440,820 (87-oʻrin)
• Zichlik 320/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$11,260 mil. (135-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$1,334
Pul birligi Rwanda Franc (RWF)
Vaqt mintaqasi UTC+2
• Yoz (DST)
UTC+2
Qisqartma RW
Telefon prefiksi 250
Internet domeni .rw

Ruanda (Rwanda), Ruanda Respublikasi (République Rwandaise) – Sharqiy Afrikadagi davlat. Maydoni 26,3 ming km². Aholisi 7,4 mln. kishi (2002). Poytaxti – Kigali shahri. Maʼmuriy jihatdan 12 prefektura (prefecture)ra boʻlinadi.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ruanda – respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1995-yil 5 mayda qabul qilingan. Davlat boshligʻi – prezident (2000-yildan Pol Kagame). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Oʻtish davri milliy majlisi, ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Ruanda yer yuzasi vodiylar bilan parchalangan yassitogʻlik (1500–2000 m), asosan, tokembriy kristalli va metamorfik jinslardan iborat. Yassitogʻlikning 2500–3000 m gacha koʻtarilgan gʻarbiy chekkasi Kivu koʻliga tik tushgan. Shimoli-gʻarbda Virunga vulkanli togʻi (eng baland nuqtasi Karisimbi togʻi, 4507 m) joylashgan. Iqlimi subekvatorial, mavsumiy nam iklim. Yillik oʻrtacha temperatura 20–21°, yogʻin 1000–1500 mm (Virunga togʻlarida 2000 mm gacha). Daryo tarmogʻi zich, yirik daryosi – Kagera Nil havzasiga mansub. Togʻ kizil tuproklarda savanna tipidagi oʻsimlik koʻp, togʻ yon bagʻirlari doim yashil oʻrmonlar bilan krplangan. Yirik hayvonlarning koʻpchiligi Kagera (kiyikning har xil turlari, buyvol, karkidon, zebra, sher, fil, begemot, timsoh) va Virunga (togʻ gorillasi) milliy bogʻlari hamda qoʻriqxonalarda saqlanib qolgan.

Aholisining aksariyatini bantu tillarida soʻzlashuvchi ruanda, rundi xalqlari va tva pigmeylari tashkil etadi. Bundan tashqari, asosan, shaharlarda suaxili, luba va sudan arablari, vallonlar va boshqa yashaydi. Rasmiy tillar – kinyaruanda, fransuz va ingliz tillari. Aholining 3/5 qismi mahalliy anʼanaviy dinlarga eʼtiqod qiladi. 2/5 qismi – xristian (asosan, katoliklar), ozroq sunniy musulmonlar ham bor. Shahar aholisi 5,8%. Yirik shaharlari: Kigali, Butare, Nyanza, Giseni.

Ruandaning qad. va oʻrta asrlar tarixi kam oʻrganilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, mil. 2ming yillikning 1-yarmida bu joyga xutular, taxminan 16-asrda tutsi koʻchmanchi chorvadorlari koʻchib kelgan. 16-asrda tashkil topgan ilk davlat tuzilmasiga oliy hukmdor (mvami) boshchilik qilgan, tutsilar ustunlik mavqeida boʻlgan. Shimolidagi xutularning alohida manzilgoxlari mvami hokimiyatini tan olishdan bosh tortgan. 19-asr 2-yarmida Ruanda xududida markazlashgan davlat paydo boʻldi. U Kigeri Rvabugiri qirolligi davri (1853– 95)da birmuncha yuksalib, chegarasi kengaydi. Uning vorisi Yuxa Musinga davri (1895– 1931)da mamlakatni mustamlakachilar bosib oldi.

1890-yillarda Ruandaga nemislar kirib kela boshladi. Kirol Musinga nemis rezidentligini tan oldi. Ruanda Germaniya Sharqiy Afrikasiga qoʻshib yuborildi. Birinchi jahon urushi yillarida Ruandani Belgiya qoʻshinlari ishgʻol qildi (1916). Urushdan soʻng Ruanda qoʻshnisi Burundi bilan Belgiyaning RuandaUrundi mandatli hududiga aylantirildi. 1925-yilda esa u maʼmuriy jihatdan Belgiya Kongosi bilan birlashtirilib, alohida vitsegeneral gubernatorlikka ajratildi. 1946-yil dekabrda BMT RuandaUrundini Belgiya vasiyligidagi hududdeb eʼlon qiddi. 50-yillarningoxiridan ozodlik harakati avj oldi. Xutu ozodlik harakati (Parmexutu), Ruanda milliy ittifoqi va boshqa partiyalar tashkil topdi. 1960-yil oxirida Ruanda muvaqqat hukumati, 1961-yil 28 yanvarda monarxiya tugatilib, Ruanda respublikasi tuzildi. 1961-yil parlament saylovida Parmexutu partiyasi gʻalaba qozondi. 1962-yil 1 iyulda Ruanda mustaqil davlat deb eʼlon qilindi.

1990-yil oktabrda asosan tutsi elatidan tashkil topgan Ruanda vatanparvarlik fronti Uganda hududidan harakat boshlab, xutu elatiga mansub J. Xabiarimana rejimini agʻdarib tashlashga urindi. Bu harakat xutu va tutsilar oʻrtasidagi etnik mojaro tusini oldi. 1993-yil prezident J. Xabiarimana aviatsiya falokatida halok boʻldi. 1994-yil 17 iyulda Ruanda vatanparvarlik fronti oʻtish davri uchun milliy birlik hukumati tarkibini eʼlon qildi. Mamlakat aholisining koʻpchiligini tashkil etuvchi xutu elatiga mansub Paster Bizimungu 5 yil muddatga Ruanda prezidenta etib tayinlandi. 2000-yil 17 aprelda xukumat bilan parlamentning qoʻshma majlisida tutsi elatining vakili Pol Kagame prezident lavozimiga saylandi. Ruanda – 1962-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami – 1 iyul – Mustaqillik kuni (1962).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Demokratiya va taraqqiyot uchun respublikachilar milliy harakati, 1975-yil tashkil etilgan; Respublikachilar demokratik harakati, 1957-yil tuzilgan; Ruanda vatanparvarlik harakati 1987-yil asos solingan; Xristiandemokratik partiya, 1990-yil tashkil topgan. Ruanda mehnatkashlari millim kasaba uyushma birlashmasi, 1985-yil asos solingan.

Ruanda – agrar mamlakat. Iqtisodiyotning asosini qishloq xoʻjaligi tashkil etadi, bu tarmoq eksport kilinadigan ekinlar mahsuloti yetishtirishga va qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Sanoatning konchilik, qayta ishlash va gidroenergetika tarmoklari vujudga kela boshladi. 1997-yil yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligi ulushi 36%, sanoatning ulushi 24%, xizmat koʻrsatish sohasining ulushi 40%ni tashkil kildi.

Qishloq xoʻjaligi mahsuloti mamlakat eksportining 80%ni tashkil qiladi. Ayni vaqtda qishloq xoʻjaligi oldiga mamlakatni oziq-ovqat bilan toʻla taʼminlash vazifasi qoʻyilgan. Mayda xususiy yer egaligi ustun. Mamlakat hududining 42% (1,25 mln.gektar) yerida dehqonchilik qilinadi. Asosiy oziq-ovqat ekinlari: oq joʻxori, batat, maniok, loviya, makkajoʻxori, kartoshka, banan, sholi. Eksport uchun kofe (baland togʻli joylarda "arabika", pastroq va issiq joylarda "robusta"), choy, piretrum, shuningdek, paxta yetishtiriladi, xin daraxti ekiladi. Yaylov chorvachiligida qoramol, echki, qoʻy, choʻchqa, xonaki parranda boqiladi. 13 ming ga tabiiy oʻrmon, 90 ming ga daraxtzor bor. Baliqchilik suyet rivojlangan.

Sanoatida konchilik muhim oʻrin olgan. Mamlakat markaziy va gʻarbiy qismlarida qalay, shimolida volfram, Ruxengeri atrofida tantalit, berilliy, oltin kazib olinadi. Kofe, choy, tamakini kayta ishlaydigan, spirtsiz ichimliklar, qandshakar, charm, gugurt, poyabzal, plastmassa buyumlar, kir yuvish va kosmetika vositalari, boʻyoqlar ishlab chiqaradigan, tikuvchilik, korxonalari bor. Sement va gʻisht zavodlari qurilgan. Yiliga oʻrtacha 166 mln. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi.

Temir yoʻlilar yoʻq. Yuk tashishda avtomobil transporti asosiy rol oʻynaydi. Avtomobil yoʻllari uzunligi 8,1 ming km. Kigali yaqinida Kamembe xalqaro aeroporti bor. Chetga kofe, choy, mineral xom ashyo, xinin, piretrum, xom teri chikaradi, chetdan isteʼmol mollari, transport vositalari va mashinauskunalar, issiklik va elektr energiyasi, binokorlik ashyolari oladi. Tashqi savdodagi hamkorlari: Belgiya, Germaniya, Fransiya, AQSH va boshqa Pul birligi – ruanda franki.

Tibbiy xizmati, maorifi va ilmiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Davlat kasalxonalari bilan birga xususiy shifoxonalar ham bor. Vrachlar Butare universitetining tibbiyot fakultetida tayyorlanadi. Xalqtabobati masalalari (asosan, mamlakatdagi shifobaxsh oʻsimliklarni oʻrganish) bilan shugʻullanuvchi tadqiqot markazi tuzilgan. Davlatga qarashli dastlabki dunyoviy oʻquv yurtlari 1950-yillarda ochildi. Zamonaviy maorif tizimi 7 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun majburiy va bepul taʼlimni joriy etish toʻgʻrisidagi 1985-yil krnuniga asoslanadi. 8 yillik oʻrta maktabda kinyaruanda tilida oʻqitiladi, fransuz tili ham oʻrgatiladi. Oliy maktabda taʼlim fransuz tilida olib boriladi. Kasbhunar va texnika taʼlimi boshlangʻich maktab negizida 6 yil davomida amalga oshiriladi. Oliy oʻquv yurtlari: Ruanda universiteti (1963-yilda asos solingan), Milliy pedagogika instituta (1966), Tibbiyot instituti (1969), Texnika kolleji (1959), Iqtisodiyotstatistika instituti (1975). universitet kutubxonasi, Ruanda Geologiya mahkamasining kutubxonasi, Butareda Milliy muzey mavjud. Bir qancha ilmiy tadqiqot institutlari va markazlari, Ruanda Madaniyat akademiyasi ishlaydi.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

"Kinyamateka", ("Gazeta", kinyaruanda va fransuz tillarida 2 haftada bir marta chikadigan gaz., 1933-yildan), "Revyu dialog" ("Muloqot jurnali", fransuz tilida chikadigan oylik jurnal, 1967-yildan), "Relev" ("Oʻrinbosar", hukumat axborot mahkamasi tomonidan fransuz tilida chiqariladigan oylik jurnal, 1976-yildan). Ruanda axborot agentligi hukumat mahkamasi boʻlib, 1977-yil tashkil etilgan. Ruanda radiosi (1961-yil tashkil etilgan) va Ruanda televideniyesi hukumat nazoratida ishlaydi.

Adabiyoti ogʻzaki xalq ijodiyoti, ayniqsa, sheʼriyatdan boshlangan. Turli davrlarga mansub tanikli shoirlari: Maguta (17-asr), Bagozori, Musare, Semidorogo (18-asr), Bamenya, Bikvakvanya, Sekarama, Munyanganzo (19-asr). Ruandaning yozma adabiyoti 20-asrda vujudga keldi. Uning asoschisi – faylasuf sotsiolog A. Kagame xalq ogʻzaki ijodiyoti namunalarini toʻplagan, fransuz, kinyaruanda tillarida ilmiy asarlar nashr etgan va ona tilida dostonlar yozgan. Fransuz tilida ijod qiluvchi adib J. S. Naygizikining "Ruanda eskapadasi", "Oʻttiz yoshimdagi kulfatlarim" romanlari mashhur. 20-asrning oxirlarida adabiyot maydoniga kirib kelgan adib Viktoriya Kantengva, Agnes Niyonkinda fransuz tilida, shoir B. Nkiylinngon kinyaruanda tilida ijod qila boshladi. Dramaturgiyasi ilk rivojlanish bosqichida turibdi (J. S. Naygizikining "Optimist" pyesasi va boshqalar).

Meʼmorligi va amaliy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ruanda xalqlarining asosiy turar joylari aylana tarxli, yogʻoch sinchli, qamish tomli guvalak kulbalardan iborat. Ayrim joylarda gʻishtdan ikki nishabli, cherepitsa tomli, peshayvonli va derazali uylar ham qurilgan. Faqat Kigali va Butare shaharlarida yevropacha uylar paydo boʻla boshladi. Badiiy hunarmandchilikda savat, boʻyra, gilam toʻqish va roʻzgʻor anjomlari yasash, ularga oq, qora, qizil gullar solish, yogʻochsozlik, kulolchilik rivojlangan.

Musiqa madaniyati xutu va tutsilar hamda tva pigmeylari musiqasini oʻz ichiga oladi, cholgʻudan koʻra tovush ustunlik qilishi uning oʻziga xos xususiyatidir. Qoʻshiq turlari xilma-xil – yakkaxonlik bilan yoki koʻpchilik boʻlib aytiladigan qoʻshiqlar, erkaklar va ayollar qushiqlari. Cholgʻular orasida torli, shu jumladan, 7–8 torli inanga deb atalgan sitra, umuduli yoki umunaxi, 1 torli iningiti skripkasi, qamish, bambuk yoki yogʻochdan yasalgan 2 – 4 teshikli umvirongi, kiyik shoxidan yasaladigan ixembe fleytasi, 1 membranali ingaraba, 2 membranali ingana barabanlari, shuningdek, turli qoʻngʻiroq, shaqildoqlar bor. Ruanda musiqa madaniyati kup jihatdan uz anʼanalarini saqlab krlgan va unda, umuman, Yevropa musiqasining taʼsiri juda kam.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil