Ruhlar isyoni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ruhlar isyoni
Muallif(lar) Erkin Vohidov
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i doston
Nashriyot Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1980
Sahifalar soni 144

„Ruhlar isyoni“oʻzbek shoiri Erkin Vohidov qalamiga mansub bengal shoiri Nazrul Islom haqidagi doston. Doston bir necha rivoyatdan iborat boʻlib, ularda turli tarixiy va tarixiy boʻlmagan shaxslar haqida soʻz yuritiladi. Ibrohim Gʻofurov doston haqida „Menga u koʻp jihatlardan bugungi oʻzbek sheʼriy tafakkurining – lirik tafakkurining choʻqqisi boʻlib koʻrinadi“, deb yozgan[1].

Vohidov dostonni 1978-1979-yillarda yozgan. Muallif dostonning yaratilishi haqida shunday degan:

Doston oʻzining isyonkor sheʼrlari bilan butun Hindistonni erk uchun, ozodlik uchun kurashga ruhlantirgan otashin bengal shoirining orzu-armonlari, jasorati, fojiaviy qismati haqida. „Ruhlar isyoni“ garchi Nazrul Islom haqida boʻlsa-da, unda men shoir hayoti bahonasida oʻzimning umuman shoirlik, insonlik, fidoyilik, erkka tashna ijod ahlining zamonasi, xalqi bilan murakkab munosabati, qolaversa, inson hayotining maʼnosi, hayotning ham shafqatsiz, ham adolatli haqiqati haqidagi oʻy-mulohazalarimni kitobxon bilan baham koʻrishga intildim[2].

Doston ilk bor „Sharq yulduzi“ jurnalida chop etilgan. Kitob oʻlaroq birinchi marta 1980-yil Toshkent shahrida Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida chop etilgan[3]. Ilk nashrni tayyorlashda quyidagi shaxslar ishtirok etgan: Q. Rahimboyeva – muharrir, V. Apuxtin – rassom, I. Kiriakidi – badiiy muharrir, E. Potapova – texnik muharrir, Sh. Soatova – musahhih. Kitob adadi – 5 000 nusxa.

Dostonni Aleksandr Faynberg rus tiliga tarjima qilgan. Ruscha nashr 1983-yil Moskva shahrida „Sovetskiy pisatel“ nashriyotida chop etilgan[4]. Doston keyinchalik Vohidovning bir necha sheʼriy toʻplamiga, jumladan, „Sharqiy qirgʻoq“ (1980), „Sadoqatnoma“ (1986), „Sheʼr dunyosi“ (2001) hamda „Zamin sayyorasi“ (2014) toʻplamlariga kiritilgan. Bundan tashqari, dostondagi rivoyatlar „Qumursqalar jangi“ (1993) toʻplamidan ham oʻrin olgan."Ruhlar isyoni"dostonida xalqlar,dinlar,millatlar õrtasidagi nizolar bashariyatga naqadar katta falokatlar olib kelishini teran tasvirlagan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Vohidov, Erkin. Sharqiy qirgʻoq. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1981 — 124 bet. 
  2. Gʻulomova, Nazira. Ona tili va adabiyot. Toshkent: „Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2014. 
  3. „Ruhlar isyoni“ (ruscha). Rossiya davlat kutubxonasi. Qaraldi: 2017-yil 27-iyun.
  4. „Ruhlar isyoni“ (ruscha). Rossiya davlat kutubxonasi. Qaraldi: 2017-yil 28-iyun.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]