Kontent qismiga oʻtish

Ruslan Sharipov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ruslan Sharipov
Tavalludi 10-sentyabr 1966-yil
Vafoti 28-iyul 2020-yil(2020-07-28)
(53 yoshda)
Toshkent, Oʻzbekiston
Janrlar Rok, pop
Guruhlari Bayt
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Amplua Qoʻshiqchi, musiqachi, produser, bastakor, qoʻshiqnavis

Ruslan Tagirovich Sharipov (1966-yil 10-sentyabr, Samarqand, Oʻzbekiston SSR — 2020-yil 28-iyul, Toshkent, Oʻzbekiston) — oʻzbekistonlik bastakor, musiqachi, qoʻshiqchi, qoʻshiqnavis, produser. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (2000).

Koʻplab oʻzbek qoʻshiqchilari uchun qoʻshiqlar yozgan va musiqalar bastalagan. Turli yillarda „Bayt“, „Bolalar“, „Setora“ guruhlarining tashkil topishida hissa qoʻshgan[1]. „Xoʻja“, „Shahzod“ guruhlari uchun qoʻshiqlar yozgan. Yulduz Usmonova, Dildora Niyozova bilan duetlar kuylagan. Laylo Aliyeva, Bonu kabi sanʼatkorlarga kompozitsiyalar yaratib bergan.

Shaxsiy hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ruslan Sharipovning birinchi xotini qoʻshiqchi Nargiz Zokirovadir. Ular Sharipovning konsertida tanishib qolishgan, soʻngra turmush qurishgan. Nargiz Zokirova homiladorlik paytida Ruslan Sharipov gastrolga ketib, unga xiyonat qilgan. Nargiz Zokirova bu xiyonatni kechira olmagan, ular ajrashishgan. Ulardan bir nafar Sabina ismli qiz farzand tugʻilgan[2].

Ruslan Sharipovning ikkinchi turmushi ham ajrashish bilan tugagan. Ikkinchi turmushdan Kamila va Yasmina ismli ikki nafar qizi bor[2].

Onasining vafotidan soʻng (tm. 2019-yil) tushkunlikka tushib qolgan[3].

1983-yil „Sado“ ansambli Samarqandga gastrolga borganida ularga 20 ta konsert uchun musiqachi va qoʻshiqchi kerak boʻlib qoladi. Chunki „Sado“ning musiqiy rahbari konservatoriyaga tezda imtihon topshirishi va AQShga ketishi kerak boʻlgan. „Sado“ ansambli gitarachisi Ruslan Sharipovga ular bilan birga sahnaga chiqishni taklif etgan, shundan boshlab Ruslan Sharipov katta sahnaga ilk qadamini qoʻygan[4]. Ruslan Sharipov 1980-yillarda „Bayt“ guruhining asoschilaridan biriga aylanadi. „Bayt“ Shvetsiyaning „Europe“ guruhi uslubiga yaqin rok qoʻshiqlar ijro etgan. Guruh Oʻzbekistonda keng omma eʼtiboriga tushgan. Guruhning konsertlarida koʻplab muhlislar yigʻilgan. Ruslan Sharipov xotini Nargiz Zokirovani ham „Bayt“ guruhiga qoʻshmoqchi boʻladi ammo guruhning boshqa aʼzolari saflarida ayol kishi boʻlishini istashmaydi. Shundan soʻng Ruslan Sharipov „Bayt“ guruhi tarkibidan chiqib, turmush oʻrtogʻi (Nargiz Zokirova) bilan „Olov“ nomli guruh tuzib, birgalikda konsertlar beradi (tm. 1988-yil). Bu paytda u qoʻshiq kuylash bilan birga musiqa bastalash, aranjirovkalash va qoʻshiqlar yozish bilan ham shugʻullanadi[5]. Ruslan Sharipov 1989-yil tuzilgan „Bolalar“ guruhining ilk badiiy rahbari edi. Hatto guruhning nomini ham Ruslan Sharipov qoʻygan[3].

Sanʼatkor Ziyod Eshonxoʻjayev bilan doimiy ijodiy hamkorlik qilgan[6]. 1991-yildan keyin qoʻshiqchi Layloga atab 2 ta albom yozgan[7].

Ruslan Sharipov 2007-yildan 2017-yilgacha katta sahnada koʻrinish bermagan. 2017-yil yangi qoʻshiqlar bilan shou-biznesga qaytgan[8].

Ruslan Sharipov umumiy hisobda „Sado“, „Bayt“, „Bolalar“, „Original“, „Eski shahar“, „Oʻzbek sistem“, „Shahzod“, „Al Vakil“, „Setora“, „Yalla“, „Xoʻja“, „Shod“, Bonu, Laylo, Nargiz Zokirova, Yulduz Usmonova, Ravshan Sobirov, Avazbek Olimov, Dildora Niyozova kabi sanʼatkorlar uchun musiqalar va qoʻshiqlar yozib bergan. Shoira Otabekovaning katta sahnaga chiqishiga sababchi boʻlgan[3]. 2000-yil Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvonini olgan[9].

Diskografiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. 2000 — Sevgilim
  2. 2011 — Bosh saminiy
  3. 2011 — Dost Namangon
  4. 2012 — Chilla
  5. 2012 — Oila
  6. 2012 — Sevgilim bilan
  7. 2014 — Yayra Oʻzbekiston
  8. 2014 — Togʻda oʻsgan qiz
  9. 2015 — Yoʻqchilik
  10. 2016 — Buxoro
  11. 2016 — Goʻzal yor
  12. 2016 — Hasrat
  13. 2017 — Otam qabri
  14. 2017 — Tegaman

Ruslan Sharipov 2020-yil 28-iyul kuni Toshkent shahrida soat 17:30 atrofida[10] insultdan vafot etdi[2], ijtimoiy tarmoqlarda Sharipov koronavirus sababli vafot etgani haqida gaplar tarqaldi[11] lekin Ruslan Sharipovning yaqinlari bu mish-mishlarni rad etishdi va Ruslan Sharipov aynan insult oqibatida vafot etganini tasdiqlashdi[12].

2022-yil yozida Ruslan Sharipovning qizlari Kamilla va Yasmina Sharipovalar Ruslan Sharipovga atab uning „Otam qabri“ qoʻshigʻini yangi talqinda „Otajonim“ nomi ostida kuyladilar[13]. Bundan tashqari, 2022-yilning 9-iyun kuni Toshkentdagi Xalqlar doʻstligi saroyida Ruslan Sharipov xotirasiga bagʻishlangan konsert dasturi boʻlib oʻtdi[14].

  1. Abdullayev, Sunnatilla. „Ruslan Sharipov vafot etdi“. Qalampir.uz (28-iyul 2020-yil). Qaraldi: 7-iyun 2022-yil.
  2. 2,0 2,1 2,2 Загребская, Нинель „Руслан Шарипов“. 24smi.org. 24СМИ. Qaraldi: 7-iyun 2022-yil.
  3. 3,0 3,1 3,2 YouTube logotipi Ruslan Sharipov oʻlimining sababi, qarovsiz va koʻchada qolgan degan boʻhtonlar, soʻnggi videosi YouTubeda // intervyuTV
  4. YouTube logotipi "Екасан" -"Байт" гурухи - Руслана Шарипов. YouTubeda // Хусан Садиков
  5. „Руслан Шарипов: краткая биография, факты из жизни“. Autogear.ru. Новости и общество. Qaraldi: 8-iyun 2022-yil.
  6. YouTube logotipi Руслан Шарипов - сунги интервью. YouTubeda // Хусан Садиков. 2019-yil, may
  7. YouTube logotipi РУСЛАН ШАРИПОВДАН БОНУ ВА ЛАЙЛО ХАҚИДА СЕНСАЦИОН ИҚРОРЛИКЛАР YouTubeda // Sayyod
  8. „Руслан Шарипов возвращается на сцену спустя 10 лет“. Uznews (2017-yil 17-iyul). Qaraldi: 9-iyun 2022-yil.
  9. „Известный певец и композитор Руслан Шарипов скончался в возрасте 54 лет“. Ozodlik (2020-yil 28-iyul). Qaraldi: 9-iyun 2022-yil.
  10. „Ушел из жизни узбекский певец и композитор Руслан Шарипов“. Sputniknews (2020-yil 28-iyul). Qaraldi: 9-iyun 2022-yil.
  11. „Скончался известный певец и композитор Руслан Шарипов“. Kun.uz (2020-yil 28-iyul). Qaraldi: 9-iyun 2022-yil.
  12. „«Он не умер от коронавируса», — названа причина смерти певца Руслана Шарипова“. UPL (2020-yil 28-iyul). Qaraldi: 9-iyun 2022-yil.
  13. YouTube logotipi Камилла & Ясмина Шариповалар - "Отажоним YouTubeda // Хусан Садиков. 2022-yil
  14. YouTube logotipi Руслан Шарипов хотирасига багишланган концерт дастури YouTubeda // Хусан Садиков. 2022-yil 10-sentyabr