Kontent qismiga oʻtish

Saʻy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Sa'ydan yoʻnaltirildi)

SaʻySafo va Marva tepaliklari orasida chopish, umra va haj marosimlari shartlaridan biri. Saʻy tavofdan soʻng bajariladi.

Saʻy taxminlarga koʻra, Safo va Marva tepaliklarida turgan Isofa va Noʻila maʻbudlariga sajda qilishning mustaqil marosimi boʻlgan. Musulmon anʻanasida saʻyning kelib chiqishi haqida bir necha fikrlar bor. Shulardan biriga koʻra, nomi zikr etilgan tepaliklar Odamato va Momo Havvoning dam olish joylari boʻlgan ekan, shuning xotirasi sharafiga saʻy bajo etiladi. Boshqa bir fikrga binoan Ibrohim paygʻambar saʻyni bajo etib Allohga ibodat qilish marosimini ado etgan. Uning yoʻliga Iblis turib olgan va Ibrohim paygʻambar qochishga majbur boʻlgan. Hojar va uning oʻgʻli Ismoil paygʻambarning azob-uqubatlari haqidagi fikr eng koʻp tarqalgan. Chanqoqlikdan nobud boʻlayotgan Ismoil paygʻambarni qutqarish uchun Hojar suv izlab yetti marta Safo va Marva oraligʻida chopgan. Tavof qilgach, ziyoratchi al-Masjid al-Haromdan chiqib chap oyogʻi bilan qadam bosishni boshlab safo tepaligiga koʻtariladi, yuzini kaʻbaga oʻgiradi, Allohga iltijo qilib, oʻziga shafqat qilishni va balo-qazolardan saqlashni soʻraydi, soʻngra tepalik etagiga oʻrnatilgan ustun (mil)gacha pastga tushadi, u yerdan Marva etagidagi boshqa bir ustungacha chopadi, shundan keyin shu tepalikka koʻtariladi. U yerda Kaʻbaga qarab duo oʻqiydi va Safoga qaytadi.

Saʻy yetti marta bajariladi. Agarda ziyoratchi „kichik haj“ (umra)ni ado etayotgan boʻlsa, unda saʻydan soʻng ehrom holatidan chiqadi. Agar umradan soʻng haj qilinadigan boʻlsa, ziyoratchi haj tugaguncha ehrom holatida qoladi. Saʻy haj marosimining muhim sharti (rukn al-haj) hisoblanadi, uni bajarish vojibdir. Biroq saʻyni bajarmaslik hajni bekor qilmaydi, kaforat uchun qurbonlik qilinsa bas.