Kontent qismiga oʻtish

Burxoniylar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sadrlardan yoʻnaltirildi)

Burxoniylar, Sadrlar — XII asrda Buxoroni idora qilgan va Sadri Jahon unvoni bilan mashhur boʻlgan badavlat hukmdor xonadon.[1] Burxoniylar aslida shaharning xanafiya mazhabidagi musulmonlar jamoasi boshligʻi, tasavvufning xojagon (keyinchalik naqshbandiya) tariqati izdoshlari boʻlmish maʼrifatli kishilar boʻlish bilan birga shahar maʼmuriyati ham ularning qoʻlida boʻlgan. Shuning uchun Buxoroni bosib olgan ajnabiy hukmdorlar ham burxoniylarga va ularning mol-mulkiga daxl qilmaganlar. Burxoniylarning zamondoshi boʻlgan Bundoriy va Nizomi Aruzi Samarqandiylarning maʼlumot berishlaricha, 1141-yili qoraxitoylar Samarqand yonida, Qatavon choʻlida Sulton Sanjar (1118-1157) qoʻshinini tor-mor keltirib, Samarqand va Buxoroni Xorazmshoh Otsizning qarindoshi Otmtakinga topshirgan. Otmtakinni esa burxoniylar oilasidan boʻlmish imom Toj ul-islom ibn Abdulazizning ixtiyoriga topshirib, unga imomning soʻzlaridan chiqmaslikni buyurgan. Kitobi Mullazoda muallifining aytishicha, burxoniylar xonadoniga Abdulaziz ibn Umar vafotidan keyin bu lavozim oʻgʻli Muhammadga berilgan. Abdulaziz ibn Umarning avlodlari 1207-yilgacha Buxoroda mustaqil hukmronlik qildilar. Soʻng Sadri Jahon Burxoniddin ibn Ahmad oʻsha yili Xorazmshoh Takash (1172-1193) tarafidan mansabidan tushirildi. Burxoniylarning baʼzi namoyandalari ilgarigidek nufuzga ega boʻlmasalar-da, imtiyozlari moʻgʻullar davrida ham asosan saqlanib qolgan. Ular somoniy amirlaridek toʻq va farovon hayot kechirganlar/ Saroyi hamisha ulamo, shuaro jamoasi bilan gavjum boʻlgan.

Buxoro sadrlaridan biri bunyodkorlik sohasida oʻzidan unutilmas esdalik qoldirgan. XII asr oxirida uning koʻrsatmasiga binoan Buxoro yaqinidagi Vobkentda hozirda shu shahar nomi bilan atalivchi minora qurilgan.

  1. Ahmedov, Boʻriboy. Tarixdan saboqlar. Toshkent: Oʻqituvchi, 1994 — 404-bet. ISBN 5-645-02198-3. Qaraldi: 2015-yil 9-fevral.  (Wayback Machine saytida 2015-02-09 sanasida arxivlangan)