Salahitdin Mazitov
Salahitdin Mazitov | |
---|---|
Tavalludi |
Simbirsk guberniyasi, Bunnsk uyezdi |
Kasbi | Pedagog |
Salahitdin Mazitov — pedagog, Qoʻqon shahridagi birinchi jadid maktabi asoschisi. Millati — tatar[1].
XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Qoʻqonda yashagan tatar maʼrifatparvari va pedagogi. 1899-yilda Simbirsk guberniyasi Bunnsk uyezdidan kelgan S.Mazitov dastlab tatar savdogari Axmad Husainovning ishonchli vakili Aliasqar Sutushevning oʻgʻlini oʻqitgan[2]. S.Mazitovning bir oy ichida qoʻlga kiritgan yutuqlarini koʻrgan A.Sutushev undagi muallimlik iqtidorini yuqori baholab, A.Husainov bilan kelishgan holda yangi usul maktabi ochib berishga qaror qilgan. Shu tariqa Qoʻqonda 1900-yil 11-fevralda dastlabki jadid maktabi faoliyat koʻrsata boshlagan[3]. Oradan olti oy oʻtib, oʻtkazilgan imtixonga tatarlardan tashqari mahalliy oʻzbeklar ham tashrif buyurganlar. 8-9 yoshli bolalarning yozishlari, kitob oʻqishlari, hisob, geografiya va tarix bilimini egallaganliklari hamda Qur’onni erkin tilovat qilishlari yigʻilganlarni hayratga solgan. Imtixondan soʻng maktabdagi bolalarning soni keskin ortgan. Maktabning ovozasi butun Qoʻqon uyezdiga tarqalib, S.Mazitov kunduzi yuzdan ortiq bolalarni, kechalari yoshi kattaroq yigitlarni oʻqita boshlagan. Maktabga oʻquvchilar sigʻmay qolgach, Qoʻqonning yirik boylaridan Mirzo Umar hoji oʻz mahallasida yangi maktab qurib, S.Mazitovni oʻqituvchilikka taklif etgan[4].
Birinchilardan boʻlib jadid maktabi ochgan, mashhur oʻzbek jadidlaridan Abduqodir Shakuriyning bu harakatga kirib kelishida ham tatar maʼrifatparvari S.Mazitov katta oʻrin tutgan. A.Shakuriy 1901-yilning boshida mulla Baxriddin ismli tatar soatsoz qoʻlida "Tarjimon" gazetasini koʻrib, u bilan tanishgan. Usuli jadid maktabiga ishtiyoqi ortgan A.Shakuriy 1903-yili Qoʻqonda dong taratayotgan S.Mazitov huzuriga kelgan va uning oʻqitish usullari oʻrganib, oʻsha yili oʻz maktabiga asos solgan[5].
Musulmon harakati boʻyicha maxfiy josus „Qoʻqonlik“ sartlar Qoʻqonda yangi ochilayotgan maktabga Mazitov Salahitdin domlani ishga taklif qilishayotganini, domla ruslarga fanatik darajada qarshiligi haqida maʼlumotlar beradi. Mahalliy aholining oʻqimishli tatarlarga nisbatan ishonchi va hurmati josuslar ishini yanada murakkablashtirgan.
Qoʻqon uyezdi boshligʻining 1910-yil 25-sentabridagi 115-sonli xabariga koʻra, Salahitdin Mazitov 10 yil yangi usul maktabini yuritib mahalliy aholi bolalariga dars oʻtgan va 1911-yilning 1-yanvaridan boshlab xalq oʻquv yurtlari inspektorining farmoyishi bilan u tatar millatiga mansub boʻlganligi uchun dars berish huquqi bekor qilingach, savdo-sotiq bilan shugʻullanadi. Keyinchalik, Namanganda Yoʻldoshboy Yusupov ismli boyning qoʻlida ishlab ikki yildan soʻng Qoʻqonga koʻchib ketadi va u yerda maxsus ruxsat bilan faqat tatar bolalarigagina dars beradi. Mahalliy aholi farzandlariga dars berishi esa qatʼiy taqiqlanadi[6].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Tarixning noma'lum sahifalari (3-kitob). TOSHKENT O'zbekiston 2012 — 124-bet. ISBN 978-9943-01-810-5.
- ↑ „МЕЖДУНАРОДНЫЕ НАУЧНЫЕ ЧТЕНИЯ - 2023 : сборник статей Международной научно-практической конференции (28 февраля 2023 г.)“. sciencen.org. Петрозаводск : МЦНП «Новая наука», 2023.. 2023-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 24-iyun 2023-yil.
- ↑ Alisher EGAMBERDIEV „Qo‘qonda dastlabki jadid maktabi qachon faoliyat ko‘rsata boshlagan?“. uza.uz. Qaraldi: 24-iyun 2023-yil.
- ↑ Долимов У. Туркистонда жадид мактаблари. Toshkent, Universitet, 2006 — 19-bet. ISBN 9789943305007.
- ↑ Расулов Абдулла „ТАТАРСКОЕ ПРОСВЕТИТЕЛЬСТВО И СИСТЕМА НАЦИОНАЛЬНОГО ОБРАЗОВАНИЯ В ТУРКЕСТАНЕ (КОНЕЦ XIX - НАЧАЛО XX ВВ.)“. cyberleninka.ru. Qaraldi: 24-iyun 2023-yil.
- ↑ Республика илмий анжумани. Фаргона водийси тарихи янги тадқиқотларда. Фарғона 2012 — 198-bet.