Kontent qismiga oʻtish

Sandiqsozlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sandiqsozlik — sandiq yasash kasbi, sandiq bilan savdo qilish[1]. Ushbu atamaning taʼrifini qimmatli buyumlarni saqlovchi matoh sifatida Alisher Navoiy asarlarida uchratishimiz mumkin[2].

Sandiqning tarixi bir necha ming yillarga borib taqaladi. Ayrim manbalarda u neolit davrlaridayoq ixtiro qilingani aytiladi. Aniq maʼlumotlarga koʻra, sandiqdan dastlab qadimgi misrliklar foydalangan. Ular orqali qadimgi Yunon va Rim, keyinchalik Yevropa, Osiyo va Rus, shular qatorida Oʻrta Osiyoga kirib kelgan[3].

Qadimgi Yunonistonda sandiqlar asosan javon oʻrnida ishlatilgan. Bu sandiqlar gardishi qalin, qopqogʻi toʻrt qirrali qilib yasalgan. Bundan tashqari, mayda buyumlar uchun kichik hajmli sandiqchalar — qutichalar ham mavjud boʻlgan. Yunon-Fors qoʻshining sarkardasi, spartalik Pavsaniyning yozishicha, Olimpiya xazinalari orasida kedr yogʻochidan yasalgan, fil suyagiga o’ymakorlik bilan bezak berilgan, oltin suvi yugurtirilgan va afsonaviy sahnalar tasviri tushirilgan sandiq ham topilgan[4].

Qadimgi Rimda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimgi Rimda sandiqlar koʻpincha uy-roʻzgʻor buyumlarini saqlash uchun ishlatilgan. Arca deb ataluvchi sandiq turlaridan birining yuzasi temir bilan qoplangan boʻlib, odatda ayvonda, yaʼni atriumda turgan va hech qayerga siljitilmagan[4].

Gʻarbiy Yevropada

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻarbiy Yevropada sandiqlar nafaqat ritsarlar qasrida, balki monastirlar va badavlat fuqarolar interyerning asosiy unsuri sifatida baholangan. Obroʻli shaxslarga tegishli sandiqlarning sirti ov, geraldika naqshlari, toʻqima qahramonlar sahnasi aks etgan tasvirlar bilan bezatilgan. Uygʻonish davri sandiqsozligida naqshlar mutanosibligi alohida ahamiyat kasb etgan. Sandiqlar yuzasidagi haykaltaroshlikka oid oʻyma naqshlarga alohida gardishlar bilan bezak berilgan[5].

Rus sandiqsozligining ilk namunalari XVII asrga tegishli boʻlib, Rossiya davlat tarixi muzeyi kolleksiyalarida saqlanadi. Aksariyat eksponatlarning muallifi nomaʼlum. Faqatgina bir sandiq peshlavhasida: „Nikita Savinovich Potapov, 1688 yil 11 may“ deb yozib qoʻyilgan. XVII asrlarda liboslar juda ehtiyotkorlik bilan saqlangan. Masalan, podshohlar qasridagi muhim buyumlar sarv daraxtidan yasalgan sandiqda saqlangan. Ushbu sandiqlar maxsus podshoh muhri tushirilgan yopinchiq bilan yopilib, qoʻriqlangan[6].

Oʻzbekistonda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta osiyoda qadimdan hunar oʻrganish muqaddas hisoblangan. Oʻzbekistonda koʻplab hunarmandlar markazi mavjud boʻlgan. Koʻplab hunarlar qatori alohida sandiqchilik bilan shugʻullanuvchi mahallalar mavjud boʻlgan[7]. Oʻzbekistonda

Xalqimizda sandiqdan foydalanish juda qadim davrlarga borib taqaladi. Birgina xalq ogʻzaki ijodining yorqin namunasi boʻlgan „Tohir va Zuhra“ dostonini oladigan boʻlsak, unda dostonning bosh qahramoni Tohirning sandiqda oqishi ham ushbu buyumning xalq orasida maʼlum boʻlganini anglatadi[8]. Amudaryoning oʻng sohilida mahalliy aholi „Tohir va Zuhra koʻshki“ deb ataluvchi Navidah qal’asidan soʻnggi Kushonlar davri (III-IV) asrlarga oid arxeologik materiallar topilgan. Doston tarixidan ham anglash mumkinki, sandiqdan buyum sifatida „Tohir va Zuhra“ afsonasi xalq orasida yoyilgan vaqtlardayoq maʼlum boʻlgan[9]. Bugungi kunda Buxoro davlat muzeyda XIX asrga oid Yaxdon deb ataluvchi, teridan tayyorlangan sandiq saqlanadi. Ushbu sandiq turidan uzoq safarlarga otlanganda, narsa va buyumlarni saqlash maqsadida foydalanishgan.

„Chorsu“ hunarmandlar bozori rahbari Nosirxon Tursunovning bergan maʼlumotlariga koʻra, sandiq turli davrlarda turlicha yasalgan. Poʻlat sandiq, yogʻoch sandiq, hozir plastmassa sandiqlar, laminatdan mebel sandiqlar tayyorlanmoqda.

Yurtimizda sandiq dastlab teridan, keyinchalik chinor, yongʻoq, oʻrik, qayragʻoch yogʻochlaridan, guldor naqsh solib ishlangan. Ammo mamlakaptimizning hamma viloyatlarida sandiqning oldiga temir tunukadan patnos qilish urf boʻlgan. Unga tushirilgan gullar va naqshlarning shakli va turiga qarab sandiqning qaysi viloyatga tegishli ekanini aniqlash mumkin. Masalan, vodiyning sandiqlari voha sandiqlaridan guli va naqshi bilan yaqqol ajralib turadi. Qizigʻi, bir viloyat boshqa bir viloyat sandigʻining naqshini andoza qilib olmaydi. Yaʼni har bir viloyat sandiqsoz ustalarining koʻp yillik tarixiy anʼanalari avloddan avlodga meros tariqasida oʻtib kelmoqda.

Sandiqni yasash uchun, asosan, bolgʻa, randa, poytesha, arra kabi ish qurollari hamda yogʻoch, uning yuza qismiga naqsh ishlash uchun yumshoq tunuka, rangli boʻyoqlar kerak. Mustahkam va quritilgan xomashyo randa bilan silliqlanadi. Keyin esa qumqogʻoz yordamida ishlov beriladi. Tayyor yogʻoch lak bilan boʻyaladi. Shundan soʻng, sandiqning ost qismi qoʻyilib, ustiga yon devorlari qotiriladi, hajmidan kelib chiqib, qopqoq yasaladi. Oʻymakor sandiq boʻlsa, iskana va bolgʻacha yordamida old qismiga naqsh berilib, yuzasi boʻyaladi. Bundan tashqari, tunukadan ham betakror naqshlar yaratish mumkin.

Koʻpincha sandiqning tag patnosi — koʻtarib qoʻyiladigan oyoqchasi boʻladi. Ayrim sandiqlarning tag patnosi 15-20 sm qilib koʻtarib yasaladi. Qozoq xalqida „sichqon chiqmasligi“, oʻzbeklarda „zax boʻlsa, suv boʻlsa, sandiqning tagi chirimasligi“ uchun shunday qilinadi.

Baʼzan qizil yogʻoch, dub yogʻochlaridan sandiqlar yasalgan. Ular juda ogʻir boʻladi. Hozirgi sandiqlarning ikki yonida ushlagich qilingan boʻlsa, u sandiqlarning ikki yonida ikkitadan toʻrtta ushlagich boʻlgan. Bu sandiqlarni baquvvat, kuchli odamlar koʻtara olgan, xolos. Agar ularning ichida narsa boʻlsa, koʻtarishning umuman imkoni boʻlmagan. Chunki haddan ortiq ogʻir boʻlgan. Qadimgi meʼmorchilikda uy qurishda uyning toʻrida katta sandiq, kichik sandiq uchun alohida joy yasalgan. Boy xonadonlarda ustiga koʻrpa taxlash uchun oʻrtaga katta sandiq, ikki chekkasiga koʻrpacha va yostiq taxlash uchun ikkita kichik sandiq uchun taxmon qurilgan[10].

  1. Oʻzbek tilining izohli lugʻati, Abduvahob Madvaliyev, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti, 2006-2008
  2. Farhod va Shirin, Alisher Navoiy, Yangi asr avlodi, 2009
  3. Mebel v BSE 3-go vipuska. // Bolshaya sovetskaya ensiklopediya : [v 30 t.] / gl. red. A. M. Proxorov. — 3-ye izd. — M.:Sovetskaya ensiklopediya, 1969—1978
  4. 4,0 4,1 N. N. Goncharova, Russkie sunduchniye izdeliya XVII-XVIII vv.v kolleksii gosudarstvennogo istoricheskogo muzeya, nauchniy statya, 2012
  5. Sokolova T. Ocherki po istorii xudojestvennoy mebeli XV-XIX vv. L.: Sovetskiy xudojnik, 1967
  6. Zabelin I.Ye. Domashniy bit russkix sarey v XVI i XVII stoletii. M.: Izdatelstvo A. D. Stupina, 1918
  7. K.Gʻulomov, Amaliy sanʼat, T.:Iqtisod moliya, 2007
  8. M.Joʻrayev, F.Mamatqulova, Tohir va Zuhra, Muharrir, 2011
  9. Tursunov S.N, Pardayev T.R, Tursunova N.M, Murtazoyev B. Oʻzbekistonda baxshichilik sanʼatining shakillanishi va taraqqiyoti tarixi, Fan va texnologiya, 2014
  10. Sandiq — uy toʻridagi tantiq, M.Nazarova, Adolat koʻzgusi gazetasi, 2015