Sanjar Siddiq
Sanjar Siddiq | |
---|---|
Asl ismi | Bosit Siddiqov |
Tavalludi |
1902 Toshkent, Saqichmon mahallasi |
Vafoti |
08.10.1938 y Toshkent |
Taxallusi | Sanjar |
Fuqaroligi | O'zSSR |
Faoliyat yillari | 1919-1938 |
Janr | Drama, she'r, notiqlik |
Turmush oʻrtogʻi | Kamola Mavlonova |
Bolalari | Bori, Bahodir, Mashhura va Ma'mura |
Sanjar Siddiq (taxallusi; asl ism-sharifi Siddiqov Bosit) (1902— Toshkent—1938.8.10) – tarjimon, jurnalist va tanqidchi.
Tarjimai holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbek matbuotining yirik namoyandasi Sanjar Siddiq Bosit Isroiljon oʻgʻli 1902 yil Toshkent shahrida Saqichmon mahallasida tugʻilgan. Bosit avval jadid maktablarida soʻng madrasada tahsil oldi, rus-tuzem maktabida oʻqib, rus tili, Ovroʻpo ilm-fani yutuqlari bilan tanishdi. 1918-1919 yillarda "Chigʻatoy gurungi"da ustoz Fitratning tavsiyasi bilan Sanjar nomini oldi. Bosit Siddiqov (Sanjar) oliy maʼlumot ololmadi, hech qachon kommunistlar partiyasi aʼzosi boʻlishga intilmadi.[1]
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mehnat faoliyati 1919-yilda boshlangan.1920 yildan Eski Toshkentdagi 12-sonli maktabda oʻqituvchi, ayni vaqtda „Ishtrokiyun“ gazetasi tahririyatida adabiy xodim va tarjimon vazifalarini bajargan. Qisqa davrda “RosTA” gazetasi va bolalar jurnallarida muharrir, 1922-24 yillarda „Qizil bayroq“ va „Turkiston“ gazetalarida kotib, „Inqilob“ jurnalida adabiy xodim boʻlib ishladi. Soʻnggi yillarda „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasida boʻlim boshligʻi, „Yer yuzi“ jurnalida masʼul kotib (1925). Oʻzbekiston Davlat nashriyotida adabiy xodim va muharrir (1930— 31), „Kitob va inqilob“ (1932—1933) va „Guliston“ (1934—1937) jurnallarida masʼul kotib.1925 yildan „Birov“, „Bir kishi“, „Gazetachi“, „Kaltadum“, „Kitobxon“, „Koʻzquloq“, „S. S.“, „Siddiqov“, „Toshkentlik“ taxalluslari bilan asarlar yozgan.
„Adabiy tarjima sanʼati“ (1936) kitobi muallifi. S. S. adabiy tarjima masalalariga bagʻishlangan „Adabiy tarjima asoslari“, „Sahnada til“, „Odam tushunmaydigan soʻzlar va oson tilda yozish toʻgʻrisida“ maqolalari va kitobi bilan oʻzbek tarjimashunoslik ilmiga asos solgan. U Lope de Veganing „Qoʻzibuloq qishlogʻi“ (1931), N. V. Gogolning „Revizor“ (1934), P.Furmanskiy va YA.Radionovlarning „Van SHi Bin“ (1932), N.F.Pogodinning „Mening doʻstim“ (1934), V. Kirshonning „Ajoyib quyulma“ pyesalari hamda As-Habib Vafoning „Bombey“ (1931), Ubayd Zokoniyning „Mushuk va sichqon qissasi“, L. N. Tolstoyning „Kavkaz asiri“ qissasi, N.Zarxi „Shodlik koʻchasi“ (1938), P. Pavlenkoning „Sharqda“ (1937) romanini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.[2]
Sanjar Siddiq Abror Hidoyatov va Mannon Uygʻurga bagʻishlangan „Yetuklik uchun imtihon“ („Mash’ala“, 2-son, 1934 yil), „Uygʻur“ („Qizil Oʻzbekiston“, 1935 yil, 5 mart) kabi maqolalar ham yozgan. [3]
Taʼqiblar ostida
[tahrir | manbasini tahrirlash]Unga nisbatan taʼqib boshlanganda ham „Guliston“ jurnalida adabiy xodim va mas’ul kotib vazifasida ishlardi. Sanjar Siddiqning yuzdan ortiq publistik maqolalari va teatr taqrizlari nashr etildi. U mas’ul vazifalarni ado etish bilan bir paytda oʻta samarali ijod qildi. Salimxon Tillaxonov oʻz „Xotiralar“ida: "Sanjar hozirgʻi vaqtda Oʻzbekistonda yozuvchilikda birinchilikni oladir. Hozirgʻacha maxsus asar yozmagʻan boʻlsa ham yozuvchilar orasinda eng maʼlumotlisi shul Sanjardir. Sanjarning hamma vaqt yozgʻan asarlari milliy yoʻlda boʻlgʻan.
1937 yil 4 avgustda „Guliston“ jurnali adabiy xodimi Sanjar Siddiqqa nisbatan aksilinqilobchi aybini oʻylab topadi. 1937 yil 16 avgustda Sanjar Siddiqning Toshkent shahri, Oktyabr rayoni, Oxunboboev mahallasi 312-uyda tintuv oʻtkazildi va bor bisoti davlat tomoniga musodara etildi. Uning 65 yoshli onasi Zubayda Abdugʻofurova, ukasi Maqsud, xotini Kamola Mavlonova, oʻgʻillari Bori, Bahodir va qizi Mashhuralar oʻz jigarlarining ortidan qon yigʻlab qoldilar.
1937 yil 31 avgustda birinchi soʻroq oʻtkazilib otasining Toshkent atrofida 2 ga bogʻi boʻlganidan boshqa maʼlumot chiqmadi. 1937 yil 10 sentyabr kuni Hamza nomidagi Milliy teatr repertuaridan Sanjar Siddiq tarjimalari asosida yaratilgan „Mening doʻstim“ (N. F. Pogodin), „Qoʻzibuloq qishlogʻi“ (Lope de Vega), „CHudesniy splav“ (Kirshona), „Van SHi Bin“ (Furmanskiy va Radionov)lar olib tashlandi. Bu koʻpchilik uchun uning „xalq dushmani“ sifatida „fosh etilgan“ligini isbotlar edi. 1937 yil 2 oktyabrda oʻtkazilgan qayta soʻroqda u oʻziga qoʻyilgan millatchilik faoliyati haqida toʻqib chiqarilgan ayblovlarning barchasini qatʼiyyan rad etdi. N. I. Trigʻulov tomonidan oʻtkazilgan vahshiyona „vositalar“ hech qanday samara bermadi, uning irodasini sindira olmadi.
Yuzlashtirishlarda Sanjar Siddiq hech qanday aybi yoʻq ekanligini maʼlum qildi. Shundan soʻng Sanjar Siddiq ishlagan „Guliston“dagi faoliyatini „tekshirish“ xulosasida: „Avantyurist“ maqolasida Anvar poshoni ideallashtirgan, uni qahramon sifatida tasvirlagani, koʻkkoʻz ruslarga qarshi kurashuvchi Ibrohimbekka yordamga kelgani, tojik qishloqlari 1928 yilgi ocharchilikda Anvar poshoni najotkor sifatida tilga olishganini yozgan edi.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]1938 yil 8 oktyabr kechasi soat 2:10 dan 2:30 gacha davom etgan „uchlik“ yigʻini biror aybi isbotini topmagan, oʻzi ayblovlarni qatʼiyan rad etgani holda ham S.Siddiqni otuvga hukm etdi. Oila aʼzolari uchun hech qanday maʼlumot berilmadi. Stalinizm fosh etilishi bilan S. Siddiqning „ishi“ ustida ham qayta koʻrib chiqildi. 1956 yil 6 fevralda bu paytda Toshkentdagi 84-zavodda sex boshligʻi oʻrinbosari boʻlib ishlayotgan N. I. Trigʻulov qayta soʻroq qilinadi. U oʻz vaqtida tergov jarayoni va yuzlashtirishlarning „qonuniy“ oʻtganini aytadi. Biroq, S. Siddiqni eslay olmasligini maʼlum qiladi. Nazir Safarov (1905), Zinat Fatxullin (1903)lar S. Siddiq haqida faqat yaxshi gaplarni aytdilar. S. Siddiq 1956 yil 26 iyulda SSSR Oliy sudi tomonidan toʻliq oqlandi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |