Sara Serraiocco 1990-yil 13-avgustda ItaliyaningPescara shahrida tugʻilgan. Yoshligidan raqs va kinoga ishtiyoqi baland boʻlgan. Aktyorlik karyerasini boshlashdan oldin biroz muddat raqs oʻqituvchisi boʻlib ishlagan[1]. 2010-yilda Serraiocco Rimga koʻchib oʻtgan va u yerda Centro Sperimentale di Cinematografia nomli Italiya milliy kino maktabida oʻqigan[2].
Serraiocco „RS Roma“ nomli jinoyiy serialning bir epizodida rol ijro etganidan soʻng, 2013-yilda „Salvo“ filmida rol oʻynagan va 2013-yilgi Kann kinofestivalida „Tanqidchilar haftaligi“ Gran-prisi bilan taqdirlangan. Ushbu filmdagi Palermo chekkasida tarbiyalangan koʻzi ojiz qiz roli unga yana bir nechta mukofotlarni, jumladan, eng yaxshi aktrisa nominatsiyasida Italiyaning Oltin globus mukofotini va eng yosh isteʼdod yoʻnalishida „Guglielmo Biraghi“ Nastro d’Argentoni mukofotini keltirgan.
2014-yilda Serraiocco rejissyor Liliana Cavani tomonidan suratga olingan „Francesco“ mini-serialida Saint Clare rolini oʻynash uchun tanlab olingan.
2015-yilda esa rejissyor Lamberto Sanfelicening „Cloro“ nomli filmida rol oʻynagan. Film Robert Redfordning Sundance kinofestivalida ham, 65-Berlinale festivalida ham namoyish etilgan. Serraiocco ushbu roli uchun 2015-yilgi Globo d’oro mukofotida eng yaxshi aktrisa nominatsiyasiga sazovor boʻlgan. Oʻsha yili u Enrico Pau tomonidan suratga olingan „Accabadora“ filmida Tecla rolini oʻynash uchun tanlangan. Keyin esa 2015-yilgi Rim kinofestivalida hakamlar hay’ati tarkibiga taklif qilingan.
Serraiocco 66-Berlin xalqaro kinofestivalida Yevropaning eng yaxshi isteʼdodi sifatida Shooting Stars mukofotiga sazovor boʻlgan. Shu orada, u Marco Danielining „Worldly Girl“ nomli debyut badiiy filmida bosh rolni ijro etgan. Bu film Venetsiya kinofestivali doirasida oʻtkazilgan GdA dasturida namoyish etilgan. Uning ushbu filmdagi ijrosi bir qator eʼtiroflarga sazovor boʻlgan: eng yaxshi aktrisaga nomnatsiyasida Premio Pasinetti (Kino tanqidchilari milliy uyushmasi mukofoti), Globo d’oro va Nastri d’argento mukofotlari. Bundan tashqari, u Michele Riondino bilan birgalikda yilning eng yaxshi aktyorlik juftligi sifatida Oltin Ciak mukofotini qoʻlga kiritgan[1][3].
U 2017-yilda Giovanni Veronesi rejissyori boʻlgan „No Country for Young Men“ filmida Nora rolini ijro etgan boʻlib, film Radio 2 radio tarmogʻida Danieli tomonidan olib boriladigan radio shousidan ilhomlanib yaratilgan. Filmdagi roli uchun Serraiocco 2017-yilda „Bosh roldagi eng yaxshi aktrisa“ yoʻnalishida Nastri d’Argento mukofotiga nomzod sifatida koʻrsatilgan. Shuningdek, u 2017-yilgi Venetsiya kinofestivalining Orizzonti boʻlimida taqdim etilgan Cosimo Gomezning „Brutti e Cattivi“ nomli debyut filmida bosh qahramon rolini oʻynagan. Serraiocco „Counterpart“ teleserialida Oscar mukofoti sovrindori J. K. Simmons bilan birgalikda Bolduin rolini ijro etgan. Ushbu filmdagi ijrosi unga „Eng yaxshi ikkinchi plandagi aktrisa“ yoʻnalishida Autostraddle TV mukofotini keltirgan.