Sayyid Baraka
Sayyid Baraka, Mir Sayyid Baraka (?— 1404) — Amir Temurning piri.
Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, asli Makka shahridan boʻlib, Amir Temur bilan dastlab Termiz shahrida uchrashgan. Makka va Madinaning vaqflarini (Makka va Madina shaharlari islom olamida muqaddas shaharlar deb atalgani sababli islom davlatlari hukmdorlari har yili bu shaharlarga vaqf mablagʻi, yaʼni belgilangan miqdordagi mablagʻni yuborib turishni sharafli burch deb bilganlar) undirish uchun Balxga Amir Husayn huzuriga kelgan. Amir Husayn u talab qilgan mablagʻni berish u yoqsa tursin, hatto Sayyid Barakaga iltifot ham koʻrsatmaydi. U bunday sovuq munosabatdan xafa boʻlib Termizga qarab ketadi va Termiz yaqinida Amir Temur bilan uchrashadi. Amir Temur u talab qilgan mablagʻni ortigʻi bilan beradi. Sayyid Baraka Amir Temurga nogʻora bilan bayroq tortiq qiladi. Amir Temur 1370-yil saltanatni qoʻlga olgach, Andxoʻy (Afgʻoniston) viloyatini barcha qishloqlari bilan Sayyid Barakaga „iqtoʻ“ tarzida inʼom qiladi. Sayyid Baraka Sohibqironning Mozandaron, Dashti qipchoq harbiy yurishlarida unga hamroh boʻlgan, qoʻshinning ruhini koʻtargan. Sayyid Baraka harbiy safarlarga qatnashmagan paytda Samarqand va Andxoʻyda yashagan. 1404-yil qishda Sayyid Baraka ogʻir kasallikdan soʻng vafot etadi. Bu xabarni eshitgan Amir Temur Sayyid Barakaning jasadini Andxoʻyda dafn etishni buyuradi. 1409-yil Shohrux Mirzo Movarounnahr taxtini Xalil Sultondan tortib olgach, Sayyid Barakaning xokini Andxoʻydan Samarqandga keltirib, Amir Temur maqbarasiga dafn ettiradi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |