Kontent qismiga oʻtish

Shavkat Mirzayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shavkat Mustakimovich Mirzayev
Tavalludi 1953-yil 12-sentyabr
Buxoro shahri
Fuqaroligi O‘zbekiston SSR, O‘zbekiston Respublikasi
Kasbi fizika va texnika sohalaridagi olim, professor-o‘qituvchi
Sohasi atom yadrosi, elementar zarralar fizikasi, texnika
Taʼlimi Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)
Ilmiy darajasi texnika fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor
Tezis sarlavhasi „Пути повышения энергоэффективности адсорбционных циклов“ (doktorlik, 2005)

Shavkat Mustakimovich Mirzayev (1953-yilda tug‘ilgan) — fizika va texnika sohalaridagi olim, texnika fanlari doktori, professor.

Shavkat Mirzayev 1953-yil 12-sentyabrda Buxoro shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Otasi Mustaqim Mirzayev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor, o‘zbek tilshunosligiga asos solgan olimlardan. Shavkat Mirzayev 1970-yilda Buxoro shahridagi 10-sonli o‘rta umumta’lim maktabini a’lo baholarga tugatgan. 1971-yili Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning fizika-matematika fakultetiga fizika-umumtexnika fanlari ixtisosligi bo‘yicha o‘qishga kirgan. O‘qishni tugatgach, 1976—1978-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan.

Ilmiy-pedagogik faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1979—1980-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida ilmiy izlanishlar olib bordi. 1981-yilda shu institutning kunduzgi bo‘lim aspiranturasiga o‘qishga qabul qilindi. 1984-yilda aspiranturani muvaffaqiyatli tugatib, o‘sha yili Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy kengashda fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun «Исследование и разработка методов визуализации двумерного распределения потоков ионизирующих излучений» mavzusida atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi mutaxassisligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi[1]. Ilmiy rahbari — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Vafo Arabovich Mo‘minov.

1984-yildan Buxoro davlat pedagogika instituti fizika-matematika fakultetida umumiy fizika kafedrasi o‘qituvchisi, 1986-yilda shu kafedra dotsenti lavozimlarida ishladi. 1988—1992-yillarda fizika-matematika fakulteti dekani bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. 1992-yildan boshlab umumiy fizika kafedrasi dotsenti, 2002—2007-yillarda Buxoro davlat universitetida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo‘yicha prorektor bo‘ldi. 2005-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Energetika va avtomatika ilmiy tadqiqot institutidagi ixtisoslashgan ilmiy kengashda «Пути повышения энергоэффективности адсорбционных циклов» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ilmiy maslahatchisi — texnika fanlari doktori, professor Yunus No‘monovich Yoqubov.

2007-yildan 2019-yilgacha Buxoro davlat universiteti fizika-matematika fakulteti dekani lavozimida ishlagan. 2019-yildan Fizika kafedrasi professori lavozimida, 2022-yildan Geliofizika va qayta tiklanuvchi energiya manbalari kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda[2].

Ilmiy-uslubiy ishlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shavkat Mirzayev 1976—2019-yillar davomida Respublika ilmiy jurnallarida 100 dan ortiq ilmiy maqolalari va 150 dan ortiq tezislari bilan ishtirok etgan. Hammualliflikda yaratilgan 10 ta o‘quv qo‘llanma va 6 ta uslubiy qo’llanmasi nashr etilgan. 2006—2008-yillarda „Suv nasos chuchitkichi gelioqurilmasini yaratish“ mavzusidagi davlat grantiga ilmiy rahbarlik qilgan.

  1. Раҳматов И. Бухоронинг гелиофизик олимлари. Тошкент: Фан, 2009 — 18-bet. 
  2. „Mirzayev Shavkat Mustakimovich“. 2023-yil 12-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 13-iyul.