Kontent qismiga oʻtish

Sulaymon Buxoriy

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Sulaymon Buxoriy, Shayx Sulaymon Buxoriy Qudratulloh al-Qunduziy (1821 – Buxoro viloyati Qorakoʻl tumani Qunduz qishlogʻi – 1880) – tilshunos olim, shoir, elchi va sayyoh. Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Sharq mamlakatlari boʻylab sayohat qilgan. 1846-yilda uni Buxoro amiri Nasrulloxon Usmonli turk sultonligiga elchi va Istanbuldagi oʻzbek qavmi raisi qilib tayinlagan. Istanbulda koʻp yillar yashab, matbaa ishlari bilan shugʻullangan. Yassaviy, Soʻfi Olloyor, Umarxonning kitoblarini nashr ettirgan. Sulaymon Buxoriy koʻp yillik ilmiy tadqiqotlarini jamlab, „Lugʻati chigʻatoiy va turki usmoniy“ (2 jildli) lugʻatini tuzgan. Lugʻat muqaddimasiga 186 misrali „Manzumai chigʻatoy“ avtobiografik sheʼriy asarini kiritgan. Lugʻatning 1-jildi 8 ming soʻzdan tarkib topgan va Istanbulda nashr etilgan (1882). Oʻrta Osiyo turkiy badiiy adabiyotidan namunalarni oʻz ichiga olgan 2-jildi, muallif uni tugallangan deb aytgan boʻlsa-da, hozircha topilmagan. Sulaymon Buxoriy lugʻati geografiya atamalari va joy nomlari jihatidan ham qimmatli manbadir. Unda Yaqin va Oʻrta Sharqdagi shaharlar va boshqa aholi maskanlari haqida nodir maʼlumotlar bor.

Sulaymon Buxoriy „Naqshiy“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Turkiy xalqlarning etnografiyasi va xalq ogʻzaki ijodini toʻplash hamda oʻrganish bilan shugʻullangan.

  • Hasanov H., Sayyoh olimlar, T., 1981: N urmatov Sh., Qorakoʻl taronasi, T., 1996.