Sirojiddin Zaynobiddinov
Sirojiddin Zaynobiddinov | |
---|---|
Tavalludi |
22-dekabr 1945-yil Buloqboshi tumani, Andijon viloyati, Oʻzbekiston SSR |
Fuqaroligi | Oʻzbekiston |
Ish joylari | Andijon davlat universiteti |
Taʼlimi | Toshkent davlat universiteti |
Ilmiy darajasi | fizika-matematika fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | akademik |
Sirojiddin Zaynobiddinov (1945-yil 22-dekabr, Buloqboshi tumani, Andijon viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sirojiddin Zaynobiddinov 1945-yil 22-dekabr Buloqboshi tumani Andijon shaharchasida tugʻilgan[1]. 1963—1968-yillarda Toshkent davlat universiteti fizika fakultetini yarimoʻtkazgichlar va dielektriklar fizikasi mutaxassisligi boʻyicha tugatgan. 1996—2006-yillarda Andijon davlat universitetining rektori, 1992—2011-yillarda Oʻzbekiston fizika jamiyati raisi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Andijon-Namangan ilmiy markazining rahbari lavozimida faoliyat yuritgan[1].
Ilmiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sirojiddin Zaynobiddinov ilmiy rahbarlari professorlar A.Teshaboyev, M. K. Baxodirxonov, B. I. Boltaks, V. I. Fistullarning yordam va hamkorliklari bilan kompensirlangan kremniy olish texnologiyasini yaratish, kremniydagi kirishma atomlari va nuqsonlarning xossalarini oʻrganish, ularni tashqi taʼsirlar yordamida boshqarish, legirlangan kremniy va undan yasalgan elektron asboblarning funksional xususiyatlarini oʻrganish va amalga tatbiq etish boʻyicha yirik tadqiqotlar olib bordi hamda salmoqli yutuqlarga erishdi[1]. „Kremniyda chuqur sathlar hosil boʻlishi fizikasi“, „Kremniyda nuqsonlar hosil boʻlishi“, „Kremniyni neytron transmutatsiyasi yoʻli bilan legirlash“ kabi risolalar, „Qattiq jismlar fizikasi“, „Yarimoʻtkazgichlarda fotoelektrik hodisalar“, „Yarimoʻtkazgichlar fizikasi“, „Yarimoʻtkazgichli asboblar fizikasi“, „Yarimoʻtkazgichlar va yarimoʻtkazgichli asboblar texnologiyasi“, „Nanozarralar fizikasi, kamyosi va texnologiyalari“, „Elektron texnikasi moddalari“, „Nanotexnologiyalar va mikroelektronikadan inglizcha — ruscha — oʻzbekcha lugʻat“, „Yarimoʻtkazgichli nanotuzilmalar“, „Yarimoʻtkazgichli materiallar va asboblar fizikasidan laboratoriya mashgʻulotlari“, „Obyomniye skopleniya atomov metallicheskix primesey v poluprovodnikax“ kabi darslik va qoʻllanmalar muallifi. 1977-yilda fizika-matematika fanlari nomzodi, 1987-yilda fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureti. Xalqaro Oliy ta’lim fanlar akademiyasi (Rossiya) hamda Xalqaro ta’lim, fan, texnika va san’at akademiyasi (AQSh) aʼzosi. 2017-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi[2][1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383-bet.
- ↑ „O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari tasdqilash toʻgʻrisida”gi 2017-yil 29-dekabrdagi PF-5293-son Farmoni“.