Kontent qismiga oʻtish

Siydik miqdorining o'zgarishi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
SIydik miqdorining o'zgarishi
Fayl:290px
Poliuriya,Opsouriya,Oligouriya,Anuriya,
KXK-10 R35[1]
KXK-9 788.42[2]
MedlinePlus D011141

Siydik miqdorining oʻzgarishi — Sogʻlom odamda issiq va quruq ob-havo paytlari ajraladigan siydik miqdori kamayishi mumkin. Siydik ajralishining koʻpayishi koʻp suyuqlik ichishiga ham bogʻliq boʻlib, bu fiziologik holatdir.

Poliuriya — ajraladigan siydik sonining patologik koʻpayishi[3]. Bunda bemor, odatda, nisbiy zichligi past (1002—1012) boʻlgan 2000 ml dan koʻp siydik chiqaradi. Faqat qandli diabet bilan ogʻrigan bemorlarda poliuriya vaqtida siydikning nisbiy zichligi glyukozaning borligi hisobiga yuqoriligicha (1030 gacha) qoladi. Poliuriya, odatda, pollakiuriya bilan birga kuzatilib, har siyishda koʻp sonda siydik ajralib chiqadi. Urologik kasalliklarda poliuriya buyrak konsentratsiyalash qobiliyatining pastligini koʻrsatadi va buyrakning surunkali yetishmovchiligi belgisi hisoblanadi. Buyrakning surunkali yetishmovchiligi surunkali piyelonefritda, buyraklar polikistozi, prostata bezi xavfsiz giperplaziyasi (adenoma)da boʻlishi mumkin.


Poliuriya buyrak oʻtkir yetishmovchiligining II (diuretik) bosqichi uchun ham xarakterli boʻlib, bunday holda u yaxshi prognoz belgisi hisoblanadi. Poliuriyaga diuretik (siydik haydovchi) dori vositasi ham sabab boʻlishi mumkin..

Opsouriya — koʻp suyuqlik ichganda bir sutka va undan koʻproq vaqtdan keyin koʻp miqdorda siydik ajralishi[4]. Koʻpincha yurak yetishmovchiligida kuzatiladi, jigar va oshqozon osti bezi kasalliklarining simptomi ham boʻlishi mumkin.[5].

Oliguriya — ajralgan siydik miqdorining kamayishi[6]. Sogʻlom odamlarda kam suyuqlik ichganda sutkalik siydik miqdori kamayishi (bir sutkada 500 ml dan kam boʻlmasligi) mumkin. Bunday vaqtda siydikning konsentratsiyasi koʻproq, nisbiy zichligi esa yuqori boʻladi. Bir sutkada ajraladigan siydik miqdorining 100 ml dan 500 ml gacha oʻzgarib turishi ham oliguriyadan dalolat beradi. Oliguriya buyrakning oʻtkir va surunkali yetishmovchiligi simptomlaridan biri boʻlib, ularning juda yomon prognoz belgisi hisoblanadi. Oliguriya paytida siydikning nisbiy zichligi past boʻladi[7].


Urologik kasalliklardan tashqari, oliguriya koʻp miqdorda suyuqlik yoʻqotish (ich ketishi, qusish, qon ketishi, koʻp terlash, isitma) bilan bogʻliq hamma patologik holatlarda hamda yurak yetishmovchiligi oqibatida shishlar rivojlanganda kuzatilishi mumkin. Oʻtkir nefritda oliguriya buyrak kalavalari membranasi filtrlash qobiliyatining buzilishi bilan bogʻliq.

Anuriya — qovuqqa siydik tushishining toʻxtab qolishi[8]. Bu holat buyrak parenximasidan siydik ajralmasligi yoki yuqori siydik yoʻllarida toʻsiq boʻlishi sababli siydikning qovuqqa yetib bormasligi bilan bogʻliq boʻladi. Anuriya vaqtida siyishga qistash boʻlmaydi, qovuqdan kateterlash yoʻli bilan faqat bir oz miqdorda (20-30 ml dan koʻp emas) siydik olish mumkin.

Qovuqda siydik boʻlmasligi uch turdagi omillar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin, ular anuriyaning uchta asosiy shakliga: a) prerenal, b) renal (sekretor) v) postrenal (ekskretor) shakliga sabab boʻladi.


Prerenal anuriya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ikkala buyrak yoki yagona buyrak arteriyalari yoki venalari berkilib qolganda buyrakda qon aylanishining keskin buzilishi, kollaps, ogʻir shok,  degidratatsiya oqibatida paydo boʻladi[9].

Renal Sekretor anuriya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Renal sekretor anuriya — oʻtkir glomerulonefritda, mos kelmaydigan qon quyganda, nefrotoksik zaharlar bilan zaharlanganda, allergik reaksiyalarda, uzoq muddatli ezilish sindromida, buyrak kalavalari va kanalchalarining birlamchi zararlanishi natijasida roʻy berishi mumkin.[10]

Post renal ekskretor anuriya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yagona yoki ikkala buyrakdan siydik chiqishiga toʻsiq boʻlishi natijasida vujudga keladi. Siydik naylarining berkilishiga har ikkala buyrak va siydik naylari toshlari, siydik yoʻllarining oʻsma bilan   qisilishi, ginekologik operatsiyalar qilganda siydik naylarini tasodifan bogʻlab qoʻyish ham  sabab boʻlishi mumkin.[11]

  • UROLOGIYA-FANI-BOʻYICHA-OʻQUV-QOLLANMA (Andijon 2008-yil)