Kontent qismiga oʻtish

Sugʻd (viloyat)

Koordinatalari: 39°30′0″N 69°0′0″E / 39.50000°N 69.00000°E / 39.50000; 69.00000
Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Sugʻd viloyatidan yoʻnaltirildi)
Sugʻd viloyati
tojikcha: Вилояти Суғд
viloyat
Maʼmuriy markazi Xoʻjand
Yirik shaharlari Istaravshan, Isfara, Qayroqqum, Konibodom, Panjakent, Boʻston
Asos solingan sanasi 23-dekabr 1970-yil
Hukumat raisi Abdurahmon Qodiriy
Rasmiy tili Tojik tili
Aholi (2013) 2 349 000[1]. (2-oʻrin)
Zichligi 92,4 kishi./km²
Millatlar tarkibi tojiklar — 67,9 %
oʻzbeklar — 29,1 %
ruslar — 1,3 %
Maydoni 25 400 km² (3-oʻrin)
Vaqt mintaqasi UTC+5
Kod ISO 3166-2 TJ-SU
Indeks FIPS TI03
Telefon kodi +992 3422
Pochta indeksi 735700
Avtomobil raqami kodi 02TJ
Xaritada
Sugʻd viloyati xaritada
39°30′0″N 69°0′0″E / 39.50000°N 69.00000°E / 39.50000; 69.00000

Sugʻd viloyati (1939-yildan 2000-yil iyungacha Leninobod viloyati) — Tojikiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. Respublikaning shimolida joylashgan. Maydoni 25,400 km2. Aholisi 2,349,000 kishidan ziyod (2013), asosan, tojiklar va oʻzbeklar, shuningdek, ruslar, qirgʻizlar, tatarlar, ukrainlar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Sugʻd viloyatida 14 tuman, 10 shahar va 21 shaharcha bor. Markazi — Xoʻjand shahri. Asosiy shaharlari: Xoʻjand, Ustrushona (sobiq Oʻratepa), Isfara, Qayroqqum, Konibodom, Panjakent, Taboshar, Boʻston[2].

1918—24 yillarda Sugʻd viloyati hududi Turkiston ASSRning Samarqand viloyati Xoʻjand uyezdi, 1924—29 yillarda Oʻzbekiston SSR, 1929-yildan Tojikiston SSR tarkibida. 1939-yildan viloyat maqomida. 1939-yil 27-oktabrda tashkil etilgan. 1962-yilda tugatilib, 1970-yil 23-dekabrda qayta tashkil etildi.

Hududiy boʻlinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Sugʻd viloyati
Birliklar nomi
maʼmuriy-
hududiy boʻlinishi
Aholisi
(01.01.2013)
ming kishi
Maydoni
ming km²
Aholi
zichligi
kishi/km²
Xoʻjand shahri 167,4 0,0 87,3
Istaravshan shahri 57,4
Isfara shahri 44,8
Qayroqqum shahri 42,3
Konibodom shahri 48,0
Panjakent shahri 39,5
Istiqlol shahri 15,2
Chkalovsk shahri 30,8
Ayniy tumani 74,4 5,2 14,3
Asht tumani 143,5 2,8 51,2
Gʻafur tumani 332,7 2,7 123,2
Gʻonchi tumani 146,8 1,6 91,7
Koʻhistoni Mastchoh tumani 22,0 3,7 3,7
Jabbor Rasulov tumani 119,4 0,3 398,0
Zafarobod tumani 64,3 0,5 128,6
Istaravshan tumani * 176,9 0,7 252,7
Isfara tumani * 196,3 0,9 218,1
Konibodom tumani * 140,9 0,8 176,1
Mastchoh tumani 107,4 1,0 107,4
Panjakent tumani * 219,8 3,7 57,4
Spitamen tumani 122,5 0,4 306,2
Shahriston tumani 36,6 1,2 30,5
Jami 2349,0 25,4 92,4
* viloyat ahamiyatiga ega shaharlar

Sugʻd viloyati shimol, shimoli-sharq, shimoli-gʻarb va gʻarbdan Oʻzbekiston Respublikasi, sharqdan Qirgʻiziston Respublikasi, janubdan Tojikistonning Respublikaga qarashli tumanlari bilan chegaradosh. Sugʻd viloyati hududi respublikaning shimolida (Tyan-Shan va Hisor-Olay togʻlarining gʻarbiy qismida, Sirdaryo va Zarafshon daryolari havzasida). Relyefi har xil: togʻ tizmalari (Turkiston, Zarafshon, Qurama, Hisor) bilan birga adirlar va ular orasida vodiylar (Sirdaryo vodiysi, Zarafshon vodiysining sharqiy qismi) bor. Shimoliy qismida Kurama tizmasi, Moʻgʻultogʻ, janubida Turkiston tizmasi, Zarafshon tizmasi, shuningdek, Hisor tizmasi joylashgan.

Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq. Iyulning oʻrtacha harorati 9,7 °C dan (Anzob dovoni) 27,5 °C gacha (Asht, Xoʻjand), eng yuqori harorat 45 °C (Xoʻjand), 46 °C (Zafarobod). Qishi oʻrtacha sovuq, yanvarning oʻrtacha harorati — 12,7 °C dan (Anzob dovoni) — 6 gacha (Xoʻjand). Eng past harorat —30° (Zafarobod). Vegetatsiya davri 230 kun. Yiliga 100 mm (Konibodom), 250 mm (Asht), 400 mm (togʻlarda) yogʻin yogʻadi.

Tabiati va hayvonot olami

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asosiy daryosi — Zarafshon (Fondaryo va Yagʻnob irmoklari bilan), shuningdek, Isfara, Xoʻjabaqirgʻon, Oqsuv (Sirdaryo irmoqlari) ham mavjud. Yirik koʻllar: Iskandarkoʻl, Oqsuvkon. Shuningdek, Qayroqqum va Kattasoy suv omborlari ham bor. Tuproqlari boʻz, oʻtloqi va jigarrang tuproqlar. Oʻsimlik dunyosi vertikal mintaqalar hosil qilgan. Tekisliklar va adirlarda shuvoq, lola, togʻ dashtlarida chalov oʻsadi, baʼzi togʻ yon bagʻirlarida zarang, zirk, archazorlar uchraydi. 3000 m dan balandroq togʻlarda subalp va alp oʻtloqlari bor. Yovvoyi hayvonlardan ayiq, boʻri, tulki, kiyik, tovushqon, jayra, boʻrsiq, qobon, sibir togʻ echkisi, qor qoploni; qushlardan qirgʻovul, ular, kaklik, bulbul, kaptar, mayna, qizilishton, zogʻ, oʻrdak yashaydi; baliklardan laqqabaliq, sazan, zogʻorabaliq va boshqalar bor.

Sugʻd viloyatining xoʻjaligi Tojikistonning boshqa viloyatlariga nisbatan ancha rivojlangan. 1980—90 yillarda respublika sanoat mahsulotining 35%, jumladan, koʻmir qazib chiqarish 100%, gilam toʻqish 99%, gaz ishlab chiqarishning 93% viloyat hissasiga toʻgʻri kelgan. Ayni paytda metallsozlik, yengil, oziq-ovqat, konchilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, Anzob ruda kombinati, Shoʻrob koʻmir koni hamda Chkalovsqdagi kombinatlar, Qayroqqum GES, Xoʻjand shoyi toʻqish, Qayroqqum gilam toʻqish korxonalari, shuningdek, oziq-ovqat (konserva, un, goʻshtsut ktlari, yogʻmoy, vino, qandolatchilik sexlari, non pishirish birlashmasi), paxta tozalash zavodlari ham mavjud[3].

Qishloq xoʻjaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qishloq xoʻjaligi muhim sohalari — paxtachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, tokchilik hamda pillachilikdir. Sugʻd (viloyat)da respublika qishloq xoʻjaligi. mahsulotlarining 30% ishlab chiqariladi. Shuningdek, viloyatda paxtaning 27%, pillaning 50%, tamakining 89%, sabzavot mahsulotlarining 50% yetishtiriladi. Qishloq xoʻjaligi ekinlari, asosan, Katta Fargʻona kanali, Shimoliy Fargʻona kanali, Tojikiston, Margʻodar, Somgʻar nasos stansiyalari, Xoʻjabaqirgʻon, Mirzachoʻl, Dehmay, Kattasoy va Asht kanallaridan sugʻoriladi.

Dushanba — Konibodom yoʻnalishidagi Transtojik temir yoʻl Oʻzbekiston hududi orqali oʻtadi. Shuningdek, Toshkentdan Fargʻona vodiysiga qatnovchi poyezdlar ham Sugʻd viloyati orqali oʻtadi. Temir yoʻllar uzunligi 173,2 km. Viloyatni respublika markazi bilan bogʻlovchi avtomagistral yoʻli Shahriston (balandligi 3378 m), Ustrushona va Ayniy oraligʻida (Turkiston tizmasida) va Anzob (balandligi 3372 m, Ayniy va Varzob oraligʻida, Hisor tizmasida) dovonlari orqali oʻtganligi bois, noyabr oyidan may oyigacha dovonlar yopiladi. Respublika markazini viloyat markazi bilan bogʻlash maqsadida Ushtur tunnelini qazish ishlari 1982-yilda boshlanib, 1993-yilgacha 21,5 km uzunlikda qazib bitkazilgan edi. Tunnel qazish 1999-yildan yana davom ettirildi.

Ijtimoiy soha

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sugʻd viloyatida Tojikiston Fanlar Akademiyasining viloyat boʻlimi, Tojikiston huquq, biznes va siyosat davlat universiteti, Xoʻjand davlat universiteti va boshqa oliy oʻquv yurtlari, Michurin nomidagi bogʻ va tokchilik ilmiy tadqiqot instituti faoliyat koʻrsatadi. Sugʻd viloyati oʻzbeklar jamiyati (1991-yildan) ishlab turibdi. 10 ga yaqin tarix-etnografiya muzeyi, 400 ga yaqin jamoat kutubxonasi, 5 teatr, 302 klub, 10 dan ziyod mehmonxona, Tojikiston Fanlar Akademiyasining botanika bogʻi, 10 ga yaqin sanatoriy va profilaktoriy, xalqaro aeroport mavjud. Xazrati Mavlono meʼmoriy majmuasi (12-asr), Namozgoh masjidmadrasasi (16—17-asrlar), Mozori Amir Hamza Xasti Podsho (11 — 12-asrlar), Muhammad Bosharo (11 —12-asrlar, 1342—43 yillar), Abduqodir Jeloniy (15-asr oxiri — 16-asr), Muslihiddin (16-asr) maqbaralari, Koʻk Gumbaz (Abdallatif) masjidi (16-asr), Mir Rajab Dodho madrasasi (16—17-asrlar), Ustrushonadagi masjid (18—19-asrlar) va boshqalar saqlangan.

Rasmiy bayramlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • 1-yanvar — Yangi yil
  • 23-fevral — Artish milli kuni
  • 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni
  • 21-22 mart — Navroʻz bayrami
  • 9-may — Gʻalaba kuni
  • 27-iyun — Milliy hamjihatlik va rozilik kuni
  • 9-sentabr — TR mustaqillik kuni
  • 6-noyabr — TR konstitutsiya kuni
  • Iydi Ramazon — yiliga bir kun (kalendar boʻyicha)
  • Iydi Qurbon — yiliga bir kun (kalendar boʻyicha)
  1. Агентство по статистике при Президенте Республики Таджикистан. „Численность населения Таджикистана на 1 января 20 1 3 года“ (ru) (2013-yil 1-yanvar). 2013-yil 21-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 19-sentyabr. (Wayback Machine saytida 2013-09-21 sanasida arxivlangan)
  2. Агентство по статистике при Президенте Республики Таджикистан. Регионы Республики Таджикистан. 2010, 2015-09-24da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-09-10
  3. На севере Таджикистана в эксплуатацию сданы три малые ГЭС, 2013-05-05da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-09-10