Surunkali xolesistit
Surunkali xolesistit – oʻt pufagining surunkali yalligʻlanishi hisoblanib, oʻtkir xolesistitdan keyin yoki mustaqil ravishda sekin-asta rivojlanadi va oʻt chiqarish yoʻllarining motor-evakuator buzilishlari bilan kechadi.
Etiologiyasi va patogenezi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kasallikning asosiy sababi infeksiyalar hisoblanib, uni shartli patogen mikroblar va ichak tayoqchasi, stafilokokklar, lambliyalar va boshqa mikroorganizmlar chaqiradi. Infeksiya taʼsiri ostida oʻt kislotasi litoxol kislotasiga aylanadi va meʼyorida bu jarayon ichaklarda sodir boʻladi. Litoxol kislotasi shikastlovchi taʼsirga ega boʻlib, oʻt pufagi devorida yalligʻlanish jarayonlarini chaqiradi. Xolesistit[1] laming kelib chiqishida disxoliya, yaʼni oʻtning fizik va kimyoviy xususiyatlarining oʻzgarishi muhim ahamiyatga ega. Odatda, oʻt kislotalari va uning tuzlari (xolatlar) xolesteringa nisbatan 2:1 nisbatda boʻladi. Xolesterin miqdori oshib borib 10:1 nisbatga yetgandan soʻng u choʻkmaga tusha boshlaydi va toshlar hosil boʻlishiga olib keladi. Oqibatda oʻt pufagida oʻtning dimlanishi kuzatilib, ikkilamchi xolesistit rivojlanadi. Yuqoridagilardan tashqari xolesistitlarning rivojlanishida alimentar omil etakchi rol oʻynaydi. Tartibsiz ovqatlanish, ular orasidagi intervallaming uzoq boʻlishi, muntazam ravishda yuqori kaloriyali taomlar isteʼmol qilish Oddi sfinkterining spazmiga va oʻt dimlanishiga sabab boʻladi va xolesistitni keltirib chiqaradi.
Tasnifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kechishi bo ʻyicha:
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Yengil – (avj olishlar yilda 1—2 marta);
- Oʻrta ogʻirlikda – (avj olishlar yilda 3 va undan koʻp);
- Ogʻir – (avj olishlar oyda 3 va undan koʻp).
Jarayonning bosqichlari boʻyicha:
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Avj olish;
- Soʻnayotgan avj olish;
- Remissiyalar.
Oʻt pufagi va oʻt yoʻllarining funksional holati boʻyicha:
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻt pufagi va oʻt chiqarish yoʻllarining giperkinetik diskineziyasi;
- Oʻt pufagi va oʻt chiqarish yoʻllarining gipokinetik diskineziyasi;
- Oʻt chiqarish yoʻllari diskineziyalarisiz;
- „Ishlamayotgan“ oʻt pufagi.
Klinik manzarasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bemorlar qovurilgan, yogʻli va koʻp miqdorda tanovul qilingan ovqatdan 1-3 soat oʻtgach yuzaga keladigan oʻng qovurgʻa osti sohasidagi toʻmtoq ogʻriqlarga shikoyat qiladilar. Ular yuqoriga, oʻng yelka, kurak va boʻyinning oʻng qismiga uzatiladi. Agarda xolesistit oʻt-tosh kasalligi bilan birgalikda kelsa, ogʻriqlar xurujsimon xarakterga ega boʻladi. Bemorlarda ogʻriqlar bilan bir qatorda ogʻizda achchiq taʼm va temir mazasining boʻlishi, havo bilan kekirish, koʻngil aynishi, qorinning dam boʻlishi va qabziyat hamda ich ketishlarning almashinib turishi kabi dispeptik belgilar kuzatiladi. Ayrim hollarda kasallik ogʻriqsiz kechib, bemorlarni epigastral sohada ogʻirlik hissi va faqat dispeptik oʻzgarishlar bezovta qiladi. Baʼzan tana harorati subfebril darajagacha koʻtariladi.
Laborator – asbobiy tekshirishlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qondagi oʻzgarishlar meʼyorida yoki bir oz leykotsitoz va ECHT ning oshishi kuzatiladi. Duodenal saqlanmaning V porsiyasida yalligʻlanish belgilari (shilliq, „leykotsitlar“, deskvamatsiyalangan epiteliya hujayralari) aniqlanadi. Agar yalligʻlanish jarayoni oʻt yoʻllariga ham tarqalgan boʻlsa (xolangit), yuqoridagi oʻzgarishlar S porsiyada ham topiladi. Ayrim hollarda koʻp marotaba zondlashda ham V porsiyani olishga erishilmaydi. Bu oʻt pufagining qisqaruvchanlik faoliyati buzilganligidan dalolat beradi va surunkali xolesistit uchun xos belgi hisoblanadi. Pufakdagi oʻtni bakteriologik tekshirish mikroblar florasi haqida maʼlumot olishga va yoʻnaltirilgan antibakterial davo buyurishga imkon yaratadi. Oʻt pufagini UTT yordamida tekshirilganda, surunkali yalligʻlanishga xos boʻlgan belgilar, yaʼni chandiqlar rivojlanishi hisobiga shakllangan deformatsiyalar, devorining qalinlashganligi va choʻkmalar aniqlanadi. Xolesistografiyada oʻt pufagining shakli oʻzgarganligi va koʻrinishi aniq boʻlmasligi, uning shilliq qavati konsentratsiyalash faoliyati buzilganligidan dalolat beradi. Parenteral (pankreozimin-xolesistokinin) stimulyator kiritilganidan soʻng oʻt pufagini yetarli boʻlmagan darajadagi qisqarishi kuzatiladi.
Davolash
[tahrir | manbasini tahrirlash]Surunkali xolesistitga chalingan bemorlarni davolashda dorilar bilan va dorilarsiz davolash tamoyillariga amal qilinadi. Giperkinetik diskineziya bilan kechgan xolesistitlarda oʻt pufagining qisqarishiga olib kelishi sababli yogʻli, xamirdan tayyorlangan taomlarni isteʼmol qilish, pivo va gazlangan ichimliklarni ichish keskin chegaralanadi. Gipokinetik diskineziyada oʻt pufagi qisqarishini kuchaytiruvchi ovqatlar, mevalar, sabzavotlar (karam, sabzi, pomidor), oʻsimlik va hayvon yogʻlari, magniy tuzlariga boy boʻlgan mahsulotlar, dagʻal oʻsimlik toʻqimalari (kepak, olma, naʼmatak qaynatmasi) tavsiya qilinadi. Tana vaznini kamaytirish maqsadida (agar TVI yuqori boʻlsa) 4-5 marta oz-ozdan ovqatlanish buyuriladi. Avj olish davrida davolash shifoxona sharoitida olib boriladi va etiologik hamda patogenetik davo buyuriladi. Etiologik davo sifatida antibiotiklar bilan bakteriyalarga, lambliyalar va boshqa xolesistitni chaqiruvchi omillarga taʼsir koʻrsatiladi. Shu bilan bir qatorda bemordagi mavjud oʻt yoʻllari diskineziyasiga mos ravishda davo choralari qoʻllanadi. Surunkali xolesistitning barcha turdagi klinik kechishlarida tarkibida yetarli darajada minerallar saqlovchi maʼdanli suvlardan (bundan oʻt-tosh kasalligi istisno) foydalaniladi. Shuningdek, gipokinetik diskineziyada ksilit va sorbit yoki magniy sulfat yordamida davolash tyubajlari oʻtkaziladi.
Profilaktikasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kasallik yoki uni ayjlanishining oldini olishga qaratilgan: oʻt pufagida oʻt suyuqligining turib qolishini bartaraf etish (badantarbiya, jismoniy yuklamalar, ovqatni tez-tez va kam miqdorda isteʼmol qilish) va oʻchoqli infeksiyalar bilan kurashish kabi tadbirlardan iborat.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- A.Gadayev, M.Sh. Karimov, X. S. Axmedov. Ichki kasalliklar Propedevtikasi—Toshkent: „Muharrir“ nashriyoti, 2012, 535-537b.