Kontent qismiga oʻtish

Tartibga solish ta'sirini baholash

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tartibga solish taʼsirini baholash (TSTB) yoki tartibga solish taʼsirini tahlil qilish — koʻplab mamlakatlar qonunchiligida qoʻllanilib kelinayotgan usullardan biri boʻlib, unga koʻra qonunchilikka taklif qilinayotgan muayyan takliflarning ijobiy va salbiy oqibatlari oʻrganib chiqiladi. Yaʼni loyihaning qabul qilinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy oqibatlarni aniqlash va baholash, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatning tartibga solish maqsadlariga erishilganligini, samaradorligini hamda tartibga solish usulini qoʻllashda vujudga kelgan oqibatlarni aniqlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmui[1].

TSTB ilk bor AQSHda hukumatning rasmiy talabi sifatida qoʻllanila boshlangan. 1981-yilda Ronald Reygan maʼmuriyatining dastlabki harakatlaridan biri har bir „asosiy“ federal normalarni foyda va xarajatlarini hisoblash, taklif qilinayotgan tartibga solishning alternativ variantlarini tekshirish bilan birga olib borish haqida boʻlgan[2].

Tarkibiy tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Tartibga solish taʼsirini baholash jarayonlarining asosiy bosqichlari[3]
Bosqich Tavsifi
Tartibga solinishi kerak boʻlgan muammoni aniqlash Muammo, asosan, 3 ta turga boʻlinadi: bozordagi muvaffaqiyatsizlik; muayyan sohada tartib solishning yetarli emasligi va yangi siyosiy maqsadlar.
Tartibga solish usullarini aniqlashtirish Ushbu bosqichda 1-bosqich yakunlari boʻyicha belgilangan asosda aniqlangan tartibga solishga boʻlgan ehtiyoj aniq bir siyosiy variantlarga aylantirilishi bilan xarakterlanadi.
Maʼlumot toʻplash Tartibga solish taʼsirini baholash uchun muvofiq boʻlgan maʼlumotlar jamoatchilik muhokamasi, telefon yoki yuzma-yuz suhbatlar, soʻrovnomalar, online tadqiqotlar orqali yigʻiladi.
Muqobil variantlarni tekshirish TSTB ning markaziy bosqichi koʻpincha foyda-xarajat tahliliga olib keladi, lekin iqtisodiy samaradorlik yoki xavf tahlili ham boʻlishi mumkin. Baholanayotgan variantlar ichida „hech qanday chora qoʻllamaslik“ ssenariysi ham boʻlishi kerak.
Maqbul boʻlgan tartibga solish variant(lar)ni tanlash Turli xil muqobillar aniqlangandan va sinchkovlik bilan tekshirilgandan soʻng (odatda xarajatlar va foydalarni solishtirish orqali) turli xil baholash usullarni bir-biriga taqqoslash orqali eng samarali variant (lar)ni tanlab olishga keladi.
Oʻtkazilgan RIA natijalarini eʼlon qilish Bu bosqichda qonun ijodkorlariga TSTB jarayonlari boʻyicha eng yaxshi amaliyot namunalarini nashr qilish tavsiya qilinadi. Bu orqali tartibga solish taʼsirini baholashning umumiy shaffofligi taʼminlangan boʻladi

TSTB boʻyicha Oʻzbekistondagi amaliyot

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2018-yil 8-avgustda qabul qilingan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish Konsepsiyasida davlat organlari, ilmiy hamjamiyat va nodavlat tuzilmalarning oʻzaro samarali hamkorligini, shuningdek, qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyati, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga tartibga solish taʼsirini baholash boʻyicha yaxlit ilmiy-nazariy va metodologik asoslarini ishlab chiqish hamda takomillashtirishni taʼminlovchi yagona muvofiqlashtiruvchi tashkilotni belgilash vazifasi qoʻyilgan[4]. Bundan tashqari, tartibga solish taʼsirini baholash normativ-huquqiy hujjat loyihasining qabul qilinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy oqibatlarni va uning tartibga solish maqsadlariga erishilishini, shuningdek amaldagi normativ-huquqiy hujjatning ushbu normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga soluvchi munosabatlarga taʼsirining samaradorligi va natijadorligini aniqlash va baholashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidan iboratdir. Tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof muhitga taʼsir koʻrsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkaziladi[5]. Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tarkibidagi Qonunchilikni tizimlashtirish va tartibga solish taʼsirini baholash boshqarmasi TSTB jarayonlarini muvofiqlashtirish bilan shugʻullanib kelmoqda[6].

TSTB boʻyicha xorij tajribasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2017-yil sentabr oyida Italiya hukumati tartibga solish taʼsirini baholash, ex-post baholash, manfaatli tomonlar bilan kelishish tartibi va tartibga solishning kelgusi rejalari yuzasidan yangi choralarni joriy qildi. Shuningdek, vazirliklar TSTB va maslahatlashuvlarni oʻz ichiga olgan 6 oylik qonunchilik dasturlarini nashr qilishlari belgilandi. Dasturlar markaziy hukumat va muayyan bir vazirlikning rasmiy Internet sahifasida berib boriladigan tizim yaratildi[7].

2015-yilda Ispaniyada yangi qoidalarni shakllantirishni tartibga soluvchi yangi qonun (Qonun 40) qabul qilindi. 40-sonli qonun yillik tartibga solish rejalarini va tasdiqlangan meʼyoriy hujjatlarni baholash hisobotlarini hamma uchun ochiq boʻlishi kerakligini norma sifatida oʻrnatdi. Shuningdek, u raqobatbardoshlik, bozor birligi va SMe tahlillarini oʻz ichiga olgan tartibga solish taʼsirini baholashning kengroq koʻlamini belgilashi bilan bir qatorda, tartibga solish tashabbuslari boʻyicha jamoatchilik bilan oldindan maslahatlashish kabi yangi jarayonlarni mustahkamlab oʻtdi[8].

Shvetsiyada Tartibga solishni takomillashtirish kengashi (Regelrådet) 2008-yilda mustaqil organ sifatida tashkil etilgan boʻlib, uning aʼzolari Hukumat tomonidan tayinlanadi. Kengash konsultativ maqomga ega boʻlib, biznes va raqobatga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yangi normativ-huquqiy hujjatlar va amaldagi qonun hujjatlariga tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihalarni koʻrib chiqadi. Hukumat qaroriga koʻra, Kengash vakolati vaqt kesimida chegaralangan boʻlib, 2014-yil 31-ekabrga qadar amal qilishi nazarda tutilgan edi. Kengash 2015-yil 1-yanvardan eʼtiboran Shvetsiya Iqtisodiy va mintaqaviy taraqqiyot agentligi huzurida doimiy faoliyat yurituvi mustaqil organ sifatida qayta tashkil etildi. Maʼmuriy xarajatlarni nazorat qilish va baholash tizimi umumiy taʼsirni baholash tizimi tarkibiga kiritildi. Kengash rais, uning oʻrinbosari, ikkita doimiy aʼzo va ularning toʻrt nafar oʻrinbosaridan tarkib topgan[9].

Polsha qonunchiligiga koʻra barcha qonunlar va tartibga solish chora-tadbirlari tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkaziladi. 2014-yilda Polsha hukumati TSTB boʻyicha qoʻllanma va uning shakli yuzasidan bir qancha oʻzgarishlarni amalga oshirdi. Umuman olganda, Polsha Bosh vaziri ofisi tartibga solish vositalari ustidan mas’ul boʻlgan markaziy organ boʻlsa, Iqtisodiy rivojlanish vazirligi tartibga solish choralarini tizimli rivojlantirib borishga javobgar organdir[10].

Koreya Respublikasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koreya Hukumati tomonidan 1990-yilda tartibga solish sohasida keng koʻlamli islohotlar boshlandi. 1993-1997-yillarda Maʼmuriy islohotlar qoʻmitasi tomonidan 6 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta koʻrib chiqildi. Biroq mazkur harakatlar ruxsat beruvchi hujjatlar sonini tubdan qisqartirish singari biznes sohasidagi oddiy va ahamiyati katta boʻlmagan toʻsiqlarni bartaraf etish bilan chegaralangan edi. 1998- yilgi „Tartibga solishni isloh qilish toʻgʻrisida“gi Qonunga asosan Koreya Respublikasi Prezidenti huzurida Tartibga solish islohotlari boʻyicha qoʻmita (Regulatory Reform Committee) tashkil etildi. Qoʻmita amaldagi va yangi joriy etiladigan normativ-huquqiy hujjatlarni batafsil koʻrib chiqishni boshladi. Qoʻmita 20 ta aʼzodan, yaʼni hukumat vakillari (6 kishi), ilmiy doiralar, biznes va fuqarolik jamiyatlari vakillari (14 kishi) hamda 2 ta rais— bosh vazir va fuqarolar vakilidan iborat. Qoʻmitaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • tartibga solish siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash va tartibga solish tizimini tadqiq qilish (ishlab chiqish);
  • normativ-huquqiy hujjatlarning yangi va mustahkamlanishi lozim boʻlgan loyihalarini baholash;
  • amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni baholash, tartibga solish islohotlari boʻyicha kompleks rejalar ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • normativ-huquqiy hujjatlarni roʻyxatga olish va eʼlon qilish;
  • tartibga solish islohotlari boʻyicha fikrlar toʻplash va inobatga olish;
  • tartibga solish islohotlari borishini har bir maʼmuriy darajada tekshirish va baholash[11].

Avstraliya tajribasi boʻyicha TSTB jarayonlarini oʻtkazish, avvalo, quyidagi muhim boʻlgan 7 ta savolga javob topishdan boshlanadi: TSTB oʻtkazishda boshlanishi quyidagi savollarga javob topishdan boshlanadi:

  • Qaysi muammoga yechim izlanayotganligi;
  • Nima uchun hukumatning chora-tadbirlar zarurligi;
  • Qanday qoʻshimcha chora-tadbirlar tavsiya qilinayotganligi;
  • Har bir chora-tadbirdan kelishi mumkin boʻlgan foyda;
  • Kim bilan va qanday maslahatlashuvlar oʻtkazilganligi;
  • Tavsiya qilinayotganlardan eng yaxshi variant qaysi ekanligi;
  • Tanlangan variantning qanday amaliyotga tatbiq etilishi va uning baholanishi[12].

TSTB boʻyicha manbalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Tartibga solish taʼsirini baholash jarayonlari boʻyicha maʼlumotlar jamlangan chet el davlatlari rasmiy veb-saytlari roʻyxati
Mamlakat nomi Internet sahifa
Germaniya https://www.normenkontrollrat.bund.de/
Finlandiya https://vnk.fi/en/council-of-regulatory-impact-analysis
Shvetsiya https://www.regelradet.se/in-english/about/
Avstraliya https://obpr.pmc.gov.au/ (Wayback Machine saytida 2022-05-27 sanasida arxivlangan)
Rossiya Federatsiyasi http://orv.gov.ru/ (Wayback Machine saytida 2019-04-23 sanasida arxivlangan)
Filippin https://arta.gov.ph/riamanual/ (Wayback Machine saytida 2022-05-26 sanasida arxivlangan)
  1. „Тартибга солиш таъсирини баҳолаш тизимини янада такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида"ги Ўзбекистон Республикаси Президентининг қарори“. Qaraldi: 26-may 2022-yil.
  2. Winston, Harrington; Richard, D. Morgenstern. Evaluating Regulatory Impact Analyses. Paris: Organization for Economic Cooperation and Development,, March 2004 — 2-bet. 
  3. Joseph Lemoine. Global Indicators of Regulatory Governance: Worldwide Practices of Regulatory Impact Assessments. World Bank Group — 2-bet. 
  4. „Норма ижодкорлиги фаолиятини такомиллаштириш концепциясини тасдиқлаш тўғрисида"ги Ўзбекистон Республикаси Президентининг Фармони“. Qaraldi: 27-may 2022-yil.
  5. „Норматив-ҳуқуқий ҳужжатлар тўғрисида"ги Ўзбекистон Республикасининг Қонуни“. Qaraldi: 27-may 2022-yil.
  6. „Ўзбекистон Республикаси Адлия вазирлиги фаолиятини янада такомиллаштиришга доир ташкилий чора-тадбирлар тўғрисида"ги Ўзбекистон Республикаси Президентининг қарори“. Qaraldi: 27-may 2022-yil.
  7. Indicators of Regulatory Policy and Governance EUROPE 2019 Italy. OECD — 2-bet. Qaraldi: 26-may 2022-yil. 
  8. Joseph Lemoine. Global Indicators of Regulatory Governance: Worldwide Practices of Regulatory Impact Assessments. World Bank Group — 10-bet. 
  9. Ф. Мухамедов, Ф. Карабаев, И. Бектемиров, А. Абидов. Қонун ҳужжатлари таъсирини баҳолаш тизими: амалий қўлланма. Тошкент: Baktria press, 2016 — 59-bet. 
  10. Indicators of Regulatory Policy and Governance EUROPE 2019 Poland. OECD — 2-bet. Qaraldi: 27-may 2022-yil. [sayt ishlamaydi]
  11. Ф. Мухамедов, Ф. Карабаев, И. Бектемиров, А. Абидов. Қонун ҳужжатлари таъсирини баҳолаш тизими: амалий қўлланма. Тошкент: Baktria press, 2016 — 62-bet. 
  12. The Australian Government Guide to Regulatory Impact Analysis, 2020, Commonwealth of Australia, Department of the Prime Minister and Cabinet — 12,13-bet. ISBN 978-1-925364-32-3.