Teleskop
Teleskop (grekcha: τῆλε [tele] — "uzoq" va σκοπέω [skopeo] — "qarayman") — osmon yoritqichlarini vizual, fotografik, fotoelektrik va spektral usullarda kuzatish uchun moʻljallangan astronomik optik asbob. Teleskop Oy, sayyoralar va yulduzlarning tasvirini kattalashtirib koʻrsatadi. Ishi osmon yoritqichlari tarqatadigan elektromagnit nurlanishlarni tutishga asoslanadi. Teleskoplar gamma teleskop, rentgen, ultrabinafsha, optik, infraqizil va radioteleskop kabi turlarga boʻlinadi. Optik tizimiga koʻra, refraktor, reflektor, koʻzgulinzali tizim va boshqa deb ataladi (linzalardan yigʻilgan obyektivli teleskop refraktor, botiq koʻzgulardan yigilgan obyektivli teleskop reflektor deyiladi). Teleskop obyektivi tushiradigan tasvirning masshtabi obyektivning fokus masofasiga, yaʼni yorugʻlik yigʻuvchi obyektiv bilan yoritqich tasviri hosil boʻladigan nukta orasidagi masofaga mutanosib boʻladi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya institutida Oʻrta Osiyoda yagona, koʻzgusining diametri 1,5 m boʻlgan teleskop va koʻp uyali yorugʻlik matritsasiga ega boʻlgan Quyosh teleskopi bor (2004).
Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
Vikiomborda Teleskop haqida turkum mavjud |
- Galileo to Gamma Cephei – Teleskop tarixi (Wayback Machine saytida 2013-05-08 sanasida arxivlangan)
- Galileo loyihasi – teleskop — Al Van Helden