Kontent qismiga oʻtish

Toʻraqoʻrgʻon tumani

Koordinatalari: 41°0′0″N 71°30′57″E / 41.00000°N 71.51583°E / 41.00000; 71.51583
Vikipediya, erkin ensiklopediya
(To'raqo'rg'on tumanidan yoʻnaltirildi)
Toʻraqoʻrgʻon tumani
tuman
Tarkibida Namangan viloyati
Maʼmuriy markazi Toʻraqoʻrgʻon
Yirik shahari Toʻraqoʻrgʻon
Asos solingan sanasi 1936-yil
Hokimi Sherali Qosimov[1]
Rasmiy tili oʻzbek
Aholi (2022) 223,330
Millatlar tarkibi Oʻzbeklar - 99,1%
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 309 km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi 44
Pochta indeksi 160700
Internet domeni 4435
Avtomobil raqami kodi 50
Xaritada
Toʻraqoʻrgʻon tumani xaritada
41°0′0″N 71°30′57″E / 41.00000°N 71.51583°E / 41.00000; 71.51583

Toʻraqoʻrgʻon tumani — Namangan viloyatidagi tuman. Viloyatning gʻarbida joylashgan. 1936-yil 17-fevralda tashkil etilgan. 1962-yil 24-dekabrda Namangan tumani bilan birlashtirilgan[2]. 1970-yil 7-dekabrda qayta tuzildi. Sharqda Namangan tumani va qisman Namangan shahri, janubda Mingbuloq, gʻarbda Chust, shimolda Kosonsoy tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,33 ming km2. Aholisi 223 ming kishi (2022)[3]. Toʻraqoʻrgʻon tumanida 1 shahar (Toʻraqoʻrgʻon), 1 shaharcha (Oqtosh), 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Axsi, Bekobod, Qurama, Qoʻrgʻoncha, Yandama, Naymancha, Kujron, Mozorkoʻhna, Qoʻshqayragʻoch, Bordimkoʻl, Kumidon, Kuymozor, Langarbobo, Buramatut, Yortepa, Qatagʻonsaroy, Xolmatov, Xoʻjand, Shahand) bor. Markazi — Toʻraqoʻrgʻon shahri.

Tumanning shimoli-sharqiy va janubiy qismi tekislik, gʻarbiy qismi esa togʻ etaklari va Yertikan, Bogʻibaland, Kengkoʻlsoy, Nahor va Rezaksoy adirlaridan iborat. Tuproqlari boʻz va shagʻal tuproqlar. Iqlimi keskin kontinental, yanvar oyining oʻrtacha harorati —2°, —3°, eng past harorati —29 °C. Iyul oyining oʻrtacha harorati 26,3 °C, eng yuqori harorat 42°. Yillik yogʻin 188 mm. Vegetatsiya davri 229 kun. Tuman hududining janubiy qismidan Sirdaryo, shimolidan Kosonsoy, gʻarbiy qismidan Sumsarsoy soylari oqadi. Tuman hududidan Shimoliy Fargʻona, Mosh kanallari, shimoliy qismidan Katta Namangan kanali oʻtgan.

Yovvoyi oʻsimliklardan adirlarda rang, qoʻngʻirbosh, shaytonkavush, oqquray, oqshuvoq, mingbosh; pashmak, baliqkoʻz, seta, pashmakshoʻra, yulgʻun, Sirdaryo sohillarida yantoq, qamish va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan kalamush, qoʻshoyoq, koʻrsichqon, boʻrsiq, boʻri, tulki, jayra; ilon va kaltakesaklar, qushlardan chumchuq, chugʻurchiq, soʻfitoʻrgʻay, popishak, bedana, bulbul, soch, qargʻa, gʻoz, loyxoʻrak, qirgʻovullar bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, qozoq, qirgʻiz, tojik, rus, tatar, uygʻur, ukrain, yahudiy va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 515,1 kishi (2004).

Toʻraqoʻrgʻon tumanida yirik sanoat va qurilish tashkilotlaridan „OhangarIII“, qishloq xoʻjalik mashinasozligi, gʻisht zavodi, qishloq qurilish kombinati, „Koopagrofirma“, paxta tozalash zavodi, „Qishloqxoʻjalik kimyo“, „ToʻraqoʻrgʻonDehqonmashtaʼminot“, Toʻraqoʻrgʻon MTP korxonalari, Shirinlik" Uzbekistan—Gollandiya, „Axsikent“ Oʻzbekiston—Turkiya qoʻshma korxonalari, qishloq qurilish konstruksiyalari kombinati, „Shams“ gugurt fabrikasi, noruda materiallar karyeri, Oqtosh avtomobil yoʻlidan foydalanish boshqarmasi mavjud.

Tumanda 147 ta davlat korxonasi, 21 ta aksiyadorlik jamiyati, 421 ta xususiy korxona, 5 qoʻshma korxona, 259 fermer, 221 dehqon xoʻjaligi va boshqalar mavjud (2003).

Qishloq xoʻjaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlari — paxtachilik, gʻallachilik, pillachilik va bogʻdorchilik. Tumanda 10 paxtachilik, 2 bogʻdorchilik va tokchilik shirkat xoʻjaliklari bor. 6450 ga yerga paxta, 5076 ga yerga don, 1317 ga yerga yemxashak ekinlari ekiladi. 1609 ga yer bog va tokzorlar bn band (2003). Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 30,3 ming qoramol, 34,6 ming qoʻy va echki, 52,6 ming parranda va 331 yilqi boqiladi (2003). Toʻraqoʻrgʻon tumani orqali Toshkent — Namangan — Andijon poyezdi oʻtadi.

Ijtimoiy soha

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tumandagi 67 umumiy taʼlim maktabida 43 ming oʻquvchi taʼlim oladi. Toʻraqoʻrgʻon qishloq xoʻjaligi kasbhunar kolleji (1100 oʻquvchi), kasbhunar litseyi (500 oʻquvchi), Shahand qishloq xoʻjaligi kasbhunar kolleji (400 oʻquvchi), Xoʻjand sanoattransport kasbhunar kolleji (400 oʻquvchi), 4-Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati (4-DIMI) va Namangan viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasiga qarashli Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 17-sonli Fizika faniga chuqurlashtirilgan maktab-internati (17- sonli Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati yaʼni 17-DIMI), „Kamalak“ bolalar istirohat bogʻi, 56 kutubxona, Ibrat adabiyot muzeyi, shonshuhrat va ustozmurabbiylar muzeylari, madaniyat saroyi faoliyat koʻrsatadi (2003).

Sport, kurash maktablari, 2 stadion, 30 sport zali, 69 futbol maydoni, 36 qoʻl toʻpi maydoni, 7 tennis korti, 18 gimnastika maydoni, 24 mini futbol, 25 basketbol maydoni, 2 suzish havzasi mavjud[4].

Tumandagi 28 tibbiyot muassasasida 281 vrach (har 10 ming aholiga 17 vrach), 1281 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. „Shahand“ sanatoriysi faoliyat koʻrsatadi. Meʼmoriy yodgorliklardan Toʻraqoʻrgʻon tumanida Gʻoyibnazarqozi madrasasi (1892), Falosbonbuva (1860), Langarbibi maqbaralari (18a), Sirli (1895), Baland (1895), Omonboybuva (1890), Bozorboshi (1860), Mirza Hamdam (1883), Isʼhoqxontoʻra (1806) masjidlari; qadimgi Axsikat shahrining xarobalari bor. 1971-yil 1-sentabrdan tuman „Davr“ gazetasi nashr etiladi (adadi 5000).

  1. „Sherali Qosimov To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlandi“. daryo.uz (2024-yil 27-avgust). Qaraldi: 2024-yil 27-avgust.
  2. Tuman haqida maʼlumot, 16-aprel 2013-yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 10-iyul 2013-yil{{citation}}: CS1 maint: date format ()
  3. „Hududlar bo'yicha shahar va qishloq aholisi soni“.
  4. Vsemirniy istoricheskiy proekt[sayt ishlamaydi]