Kontent qismiga oʻtish

Namangan

Koordinatalari: 40°58′0″N 71°34′0″E / 40.96667°N 71.56667°E / 40.96667; 71.56667
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Namangan shahridan yoʻnaltirildi)
Namangan
shahar
40°58′0″N 71°34′0″E / 40.96667°N 71.56667°E / 40.96667; 71.56667
Mamlakat Oʻzbekiston
viloyat Namangan viloyati
Hukumat
Asos solingan 16
Ilk eslatilishi XV
Maydon [convert: invalid number]
Markazi balandligi 476 m
Rasmiy til(lar)i oʻzbek
Aholisi
 (2021)
640,1 ming
Milliy tarkib oʻzbek, rus, tojik,qirgʻiz,koreys,qozoq va hk.
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi +998 69
Pochta indeks(lar)i 130100 — 130117
Avtomobil kodi 16 (eskisi 1998—2008),
50 - 59 (yangisi 2008)
Namangan xaritada
Namangan
Namangan

Namangan – Namangan viloyatida joylashgan shahar. Vodiyning shimolida, Shimoliy Fargʻona kanali bilan Namangansoy kesishgan yerda, 450 metr balandlikda joylashgan. Maydoni 30,3 ming km². Iyul oyida oʻrtacha harorat Selsiy shkalasi boʻyicha 26,3°, yanvar oyida – 2,3°. Aholisi 400 ming kishi atrofida (2022)[1].

Mulla Qirgʻiz madrasasi. 1911-1912-yillarda qurilgan

Fargʻona vodiysining qadimiy poytaxti Axsikat (Axsikent) 1620-yildagi qattiq zilzila natijasida vayron boʻlganligi sababli uning aholisi hozirgi Namangan shahri hududiga koʻchib oʻtgan. Namangan shahri tuz koni („Namak kon“) yaqinida vujudga kelgan boʻlib, shahar nomi ilk bor oʻrta asrlarga oid tarixiy xujjatlarda tilga olinadi. Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzining „Boburnoma“ (XVI asr) asarida Namangan qishlogʻi haqida gapirib oʻtgan. V. P. Nalivkinning soʻzi („Qoʻqon xonligining qisqacha tarixi“, Qozon, 1886) yozishicha, Namangan 1643-yilga mansub vaqf hujjatlarida uchraydi. XVIII asrda Namangan shahri Qoʻqon xonligiga tobe boʻlgan. Biroq viloyatni boshqaruvchi bek qarorgohi sifatida oʻz ahamiyatini saqlab qolgan. U faqat shahar aholisigagina emas, balki shahar atrofidagi tumanlar aholisiga ham xizmat qiluvchi hunarmandchilik markazi boʻlgan. Dehqonlar Namangan bozorlarida ip va gazlamalar, mis idishlar, zargarlik buyumlari va mehnat qurollarini sotib olishgan. Shaharda meʼmorchilik sezilarli darajada taraqqiy etgan.

Xoʻja Amin maqbarasi (XVII asr), Mulla Qirgʻiz madrasasi (1911—1912) va Ota Valixon toʻra masjidi (XX asr) kabi meʼmoriy yodgorliklari hozir ham mavjud. 1817—1822-yillarda Namangan aholisi kuchi bilan katta Yangiariq kanali qazilib, suv taʼminoti yaxshilanadi. 1842—1845-yillarda shahar baland devor bilan oʻrab olingan. 1813—1814- yillarda Namanganga kelgan rus ofitseri F. Nazarov bu yerda shahar hokimining devor bilan oʻralgan saroyida ancha katta garnizon borligini aniqlagan. Qoʻqon xonligi hukmronligining soʻnggi kunlarigacha Namangan bek qarorgohi boʻlib kelgan. Turkiston general-gubernatorligi tarkibida Fargʻona maʼmuriy viloyati tuzilgach, Namangan uning uyezd shaharlaridan biriga aylanadi. 1894—1895-yillarda uyezd muassasalari uchun davlat binolari qurishadi. XX asrning boshlarida Namangan Oʻrta Osiyoning „eski“ va „yangi“ qismlardan iborat tipik shahriga aylanadi.

1912-yilda shaharga temir yoʻl oʻtkaziladi. 1914-yil zavodlar soni 17 taga yetadi. Bundan tashqari, 2 ta yogʻ zavodi ham quriladi. Shahardagi har ming kishidan 22 tasi sanoat ishchisi boʻlgan. 1916-yilda Namanganda Nikolay II ning mardikorlikka olishi haqidagi farmoniga qarshi mehnatkashlar chiqish qilishgan.

Bolsheviklarning bosqinchilik urushi davrida Namangandagi korxonalarning qariyb 80% ida ish toʻxtab qoladi. Urushdan keyin sanoat korxonalari qayta tiklanib, rivojlana boshlaydi. Motor taʼmirlash, sut-yogʻ, konserva, gʻisht, paxta tozalash zavodlari, non kombinati, elektr stansiyasi va bir qancha mayda mahalliy sanoat korxonalari ishga tushiriladi. Viloyatda paxtachilik, pillachilik va qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlari rivojlanishi shaharda keng isteʼmol buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlari sanoatining rivojlanishiga ham sabab boʻladi. Shu davrda shaharda 3 elektr stansiya, vino va pivo zavodlari, yigiruv-toʻquv fabrikasi, taʼmirlash-mexanika ustaxonasi quriladi. Sanoatning yalpi mahsuloti yildan-yilga ortib boradi. Ikkinchi jahon urushi yillarida shaharda poyabzal fabrikasi, tikuvchilik korxonasi, goʻsht kombinati, mahalliy va kooperativ sanoat korxonalari ishga tushiriladi. Urushdan keyin yengil, oziq-ovqat, ogʻir, kimyo, metallsozlik, elektrotexnika va qurilish sanoatlari rivojlanadi. Shaharni elektr energiya bilan toʻla taʼminlash maqsadida 1946-yil Namangansoyda 2-GES quriladi. 1949-yilda markaziy ekskavator stansiyasi tashkil etilib, bu yerda turli xil ekskavator, skreper, buldozer kabi qishloq xoʻjaligi mashinalari taʼmirlanadi. Oʻrta Osiyoda yagona elektrotexnika zavodi (sanoatda va roʻzgʻorda ishlatiladigan) elektr isitkich asboblari ishlab chiqarila boshlanadi.

Namangandagi koʻpqavatli bino
Namangan shahrida yangi qurilgan koʻp qavatli uy

Namangan respublikaning yengil va oziq-ovqat sanoatlari markazlaridan biriga aylanadi. Bu yerda Oʻzbekistonning toʻqimachilik mahsulotlarining 15% ini ishlab chiqaruvchi yirik toʻqimachilik korxonalari quriladi.

Shaharda 36 ta qoʻshma korxona mavjud. Shulardan Oʻzbekiston – Yaponiya „Silk Road“, Oʻzbekiston – Shveysariya „Nestle“, Oʻzbekiston – Turkiya „AsnamTekstil“ va boshqa qoʻshma korxonalarning hissasi salmoqlidir. „Atlas“, „Notoʻqimachi“, „Namangangoʻshtsutsanoat“, „Namanganekstraktyogʻ“, „Namanganmebel“, „Namangandonmahsulot“, „Mehmash“, „Karbonam“, korxonalari hozirgi kunda ham faoliyat koʻrsatmoqda. Shaharda 400 dan ziyod kichik va oʻrta biznes subʼyektlari bor.

Mustaqillik yillarida shahar butunlay oʻzgarib ketadi. Ilgarigi tor koʻchalar oʻrnida keng va ravon yoʻllar bunyod etiladi. „Boburshoh“, „Doʻstlik“, „Margʻilon“, „Oromgoh“, „Uychi“ koʻchalari tubdan qayta taʼmirlanadi. Namangan azaldan oʻzining hunarmandchiligi bilan nom qozongan. Shaharning turli burchaklarida kichik bozorchalar boʻlib, hunarmandlar, savdogarlar, dehqonlar oʻz mahsulotlarini ana shu bozorchalarda sotib kelishgan. Keyingi 10 yil ichida bu bozorlar oʻrnida „Chorsu“, „Doʻstlik“, „Taxtakoʻprik“, „Shohbekat“, „Jahon“ singari zamonaviy bozorlar qad koʻtardi. Shahar markazida Amir Temur, Bobur xiyobonlari, „Tinchlik“ maydoni, „Adiblar xiyoboni“, Mashrab nomidagi bogʻ bunyod etiladi. Adiblar xiyobonida Boborahim Mashrabning haykali va boshqa namanganlik shoir va yozuvchilarning bryustlari oʻrnatiladi. Bobur bogʻi hududida „Xotira“ maydoni barpo qilinadi. Boburshoh koʻchasida akademik litseyning oʻquv binosi va yotoqxonasi, Doʻstlik koʻchasida transport-aloqa kollejining binosi qurib foydalanishga topshiriladi. Sanʼat, madaniyat, tibbiyot, sanoat kollejlarining binolari tubdan qayta taʼmirlanadi va qayta jihozlanadi. Shahar markazida tez tibbiy yordam koʻrsatish markazi, endokrinologiya, „Ona va bola“ markazlari, koʻpgina mahallalarda ambulatoriyalar ishga tushiriladi. Aksariyat mahallalarda guzarlar quriladi. Shaharda 21 ta avtotransport va 7 ta aloqa korxonasi, 48 ta yirik qurilish korxonalari, shuningdek, 38 ta yirik savdo korxonasi, koʻpgina savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari mavjud.

Namangan shahri Fargʻona vodiysining shimoliy qismida, Toshkentdan 200 km janubi-sharqda (avtomobil yoʻlida taxminan 300 km) joylashgan. Balandligi – dengiz sathidan 476 metr[2][3][4].

Aholisi 2023-yil 1-yanvar holatiga koʻra 678,2 ming kishini tashkil etadi[5][6].

Shaharda 20 dan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi, ularning aksariyatini oʻzbeklar tashkil etadi. 2011-yil maʼlumotlariga koʻra, oʻzbek millati ulushi shahar aholisining 95,9% ini tashkil etadi[7].

Namanganning rusiyzabon aholisi ulushi SSSR parchalanganidan keyin keskin kamayib ketadi, ularning aksariyati boshqa mamlakatlarga (birinchi navbatda Rossiyaga) qaytib ketadi.

2016-yilda Namangan shahri aholisi sonining oʻsishiga shaharga Namangan, Uychi va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida yashovchi aholining bir qismi qoʻshilishi sabab boʻlgan.

Namangan aeroporti shahar markazidan 12 km uzoqlikda joylashgan. Shuningdek, shaharda Namangan temir yoʻl vokzali faoliyat olib boradi. 1973-yildan 2010-yilning 3-yanvariga qadar shaharda trolleybuslar harakati yoʻlga qoʻyilgan. Transport vositalari qatnaydigan koʻchalarining uzunligi 1010 km. Shaharda, shuningdek, Xalqaro Aeroport ham faoliyat koʻrsatadi. Viloyatning turli tumanlariga avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. „Oʻzdunrobita“, „Kamalak – TV“ va „DEU Yunitel“ qoʻshma korxonalari xizmat kursatmoqda.

Jamoat transport vositalari harakatining tartibsizligi xususiy mikroavtobuslar yoʻlga qoʻyilishiga sabab boʻlgan.

Ular, asosan, Janubiy Koreyaning Daewoo kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan „Damas“ avtomobillaridan iborat. Shuningdek, "Isuzu" rusumli avtobuslarning shahar va viloyat boʻylab qatnovi ham yoʻlga qoʻyilgan.

Futbol Namanganda eng ommabop sport turlaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston chempionatlarida Namangan viloyati sharafini "Navbahor" klubi himoya qiladi. Klub 1974-yilda tashkil etilgan boʻlib, dastlab „Textilshik“ deb nomlangan.

„Navbahor“ klubi 1996-yilda Oʻzbekiston chempioni, 9 karra (1993—1995, 1997—1999, 2003, 2004 va 2018) bronza medali sohibi, Oʻzbekiston kubogi sohibi (1992, 1995 va 1998) boʻlgan.

Namangan shahri musulmonchilik urf-odatlari mustahkam shaharlardan biri hisoblanadi. Sovet hokimiyati yillarida ham namanganlik islom ulamolari Buxoro va Toshkentdagi diniy muassasalarning yetakchi lavozimlarida faoliyat olib borgan, ular Oʻrta Osiyodagi eng yirik masjidlarda imomlik qilishgan. 1990—1992-yillarda shahar aholisi tomonidan oʻnlab masjidlar qad rostlagan. 1997-yilda shaharda ularning soni 270 taga, Namangan viloyati boʻyicha esa 690 dan ortadi.

Namangan shahrida bir nechta xristianlik cherkovlari mavjud boʻlgan:

  • Arxangel Mixail katolik cherkovi;
  • Arxangel Mixail katolik cherkovi (hozirda ham faoliyat yuritadi);
  • Namangan shahar Evangelist baptist xristianlar cherkovi.

Fan va madaniyat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Namangan respublikaning fan va madaniyat markazlaridan biri hisoblanadi. Shaharda 2024 yil holatiga koʻra 10 ta oliy taʼlim muassasi mavjud. Ular: Namangan davlat universiteti, Namangan davlat pedagogika instituti, Namangan muhandislik texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti, Namangan toʻqimachilik sanoati instituti, Namangan davlat chet tillari instituti, Turon xalqaro universiteti, University of business and Science, Impulse medical institute va KIUT Namangan filiali. 10 ta kollej, 2 ta kasb-hunar maktabi, 2 ta akademik litsey, iqtisodiyot litseyi, 51 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 53 ta maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat koʻrsatadi. 2002—2003-oʻquv yilida universitet va institutlarda 11 129, oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida 10 630 nafar talaba, kasb-hunar maktablarida 498, litseylarda 1608, umumiy taʼlim maktablarida 76 801 nafar oʻquvchi taʼlim olgan. Shaharda 2 ta teatr, bolalar qoʻgʻirchoq teatri, 27 ta jamoat kutubxonasi, 5 ta klub, 4 madaniyat va istirohat bogʻi, 2 ta madaniyat saroyi, 6 ta madaniyat uyi, 5 ta muzey, 2 ta bolalar musiqa maktabi mavjud (2003). 5 ta sport maktabi, bir qancha stadion va suzish havzalari ham aholiga xizmat koʻrsatadi.

Asosiy tashrif buyurish joylari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Oʻzbekiston, Namangan shahridagi Bobur bogʻi

Shahar markazida joylashgan Bobur istirohat bogʻi XIX asr oxirida Namangan Rossiya gubernatori shaxsiy bogʻi sifatida yaratilgan boʻlsa-da, hozirda u hamma uchun ochiq. Bogʻ Fargʻona vodiysida tugʻilgan Zahiriddin Muhammad Bobur sharafiga nomlangan boʻlib, u koʻplab qadimiy chinorlari bilan mashhur[8].

Afsonalar Vodiysi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Avvalgi „Mashrab“ bogʻi oʻrnida barpo etilgan yirik tematik bogʻ. Bu bogʻ hududida 3 qavatli hunarmandlar markazi, 1500 kishilik masjid, 112 ta doʻkondan iborat savdo markazi va zamonaviy mehmonxona joylashgan. Bundan tashqari musiqaviy favvora, manzarali daraxtlar, 16 xil zamonaviy attraksionlar hamda koʻl ham shu bogʻ tarkibiga kiradi. 10 ta xizmat koʻrsatish, 5 ta texnik bino, 16 ta choʻmilish havzasi va 7 xil suv attraksionidan iborat boʻlgan yopiq va ochiq suv havzalari dam oluvchilar uchun faoliyat koʻrsatadi.

Bogʻ hududida 1300 mashinaga moʻljallangan avtoturargoh, virtual oʻyin xonalari, shuningdek 1000 tagacha mijozlarga xizmat koʻrsata oladigan restoranlar faoliyat yuritadi. 2400 kishiga moʻljallangan amfiteatr va yozgi amfiteatr viloyatda oʻtkaziladigan turli tadbirlarni oʻtkazish uchun asosiy maydonga aylangan. [9]

Mulla Qirgʻiz madrasasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1910-yilda qurilgan Mulla Qirgʻiz madrasasi mahalliy meʼmor Usto Qirgʻiz nomi bilan atalgan. Namanganlik boy paxta magnati tomonidan asos solingan, shoʻrolar tomonidan yopilgan va XX asrda, asosan, adabiy muzey sifatida faoliyat koʻsatgan[10]. Madrasa mustaqillikka erishgandan soʻng mahalliy aholi tomonidan qayta tiklangan va tarixiy obidalar roʻyxatiga kiritilgan.

Madrasaning minora va portali toʻliq taʼmirlanib, oq, koʻk, sariq va yashil rangdagi mozaik koshinlar bilan bezatilgan. Shiftlarda ham, ustunlarda ham yogʻochdan yasalgan oʻymakorlik buyumlari, shu jumladan nozik oʻyilgan xattotlik namunalari mavjud. Ichkarida 35 ta xona bilan oʻralgan kichik hovli boʻlib, unda 150 ga yaqin talaba joylashishi mumkin boʻlgan.

Xojamin Qabri maqbarasi va Xoja Amin masjidi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xojamin Qabri maqbarasi va qoʻshni Xoʻja Amin masjidi 1720-yillarga mansub va mahalliy meʼmor Usto Muhammad Ibrohimning asaridir[11]. Ularning ikkalasi ham yaqinda taʼmirlangan. Toʻrt tomondan ochilgan portal gumbazli masjidda XII asrda odatiy hol boʻlgan, ammo Fargʻona vodiysida yoʻqolib ketgan usulda ishlab chiqarilgan terakotadan yasalgan murakkab koshinlar mavjud[11]. Binolar namoz uchun ochiq, lekin faqat erkaklar kirishi mumkin.

Ota Valixontoʻra masjidi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ota Valixontoʻra masjidi Namangandagi meʼmoriy yodgorlik (XX asr boshlari) hisoblanib, meʼmor Mullo Qirgʻiz loyihasi asosida qurilgan. Tashqi qismidagi gʻishtlar arab xattotligi yozuvlari va yulduz shaklidagi ajoyib oʻymakorlik naqshlari bilan, katta gumbazlar zangori mozaik chiziqlar bilan bezatilgan. Bu masjid 1990-yillarda munozarali vahobiylik oqimiga aloqador boʻlgan va Oʻzbekiston hukumati tomonidan yopilishidan oldin Saudiya Arabistonidan mablagʻ olingan[12]. Hozirda ushbu masjid Namangan Rassomlar uyushmasining galereyasiga aylantirilgan boʻlib, u yerda mahalliy rassomlarning asarlari namoyish etilmoqda[12].

Yangi Namangan

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2021-yil 5-mart kuni boʻlib oʻtgan Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida Namangan shahri tarkibida yana bir tuman – Yangi Namangan tumani tashkil etilishi maʼlum qilingan. Ushbu tumanning umumiy yer maydoni 8223 gektarni tashkil etadi. Tuman tarkibiga shahardagi 24 ta mahalla hududini oʻtkazish rejalashtirilgan boʻlib, ushbu mahallalarda bugungi kunda 145 ming kishi istiqomat qilib kelmoqda[13].

Vazirlar mahkamasi tomonidan 2021-yil 8-may kuni „Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumanini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori qabul qilindi[14]. Qarorga muvofiq, Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumani hokimligi tashkil etildi. Hujjatda tumanda qoʻshimcha shtat birliklari ajratilgan holda adliya boʻlimi, davlat xizmatlari markazi va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tashkil etilishi qayd etilgan[15].

  1. Botirov Ilhomiddin Jabborovich[16];
  2. Dadaboyev Toʻlqin Toʻlanovich (2011-yil iyul oyidan)[17];
  3. Bekxodjaev Bahodir Mamatovich (2013-yil 4-iyun – 2017-yil 4-iyun)[18];
  4. Abdurazzoqov Shavkatjon Shokirjonovich (2017-yil iyun oyidan)[19].


  1. "Namangan" OʻzME. N-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. The New Encyclopædia Britannica: Macropædia : Knowledge in depth. Encyclopædia Britannica, 2002 — 715-bet. ISBN 978-0-85229-787-2. 
  3. „Administrative-territorial division of Namangan region“ (ru). Republic of Uzbekistan Open Data Portal. Qaraldi: 2022-yil 10-fevral.[sayt ishlamaydi]
  4. Haydarov, Murodulla (2000–2005). "Namangan" (uz). Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 
  5. Абдулбосит. „Namangan aholisi o‘tgan 1 yilda 56,6 ming kishiga ko‘paydi“. namangan.uz. 2022-yil 14-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 2-fevral.
  6. Chislennost naseleniya v Namanganskoy oblasti v 1990—2020 gg.[sayt ishlamaydi]
  7. „Сайт Наманганского областного хокимията. О городе Намангане.“.[sayt ishlamaydi]
  8. Ibbotson, Sophie. Uzbekistan. United Kingdom: Bradt Guides Ltd, 2020 — 136–137-bet. ISBN 9-781784-771089. 
  9. „"Afsonalar vodiysi" bog'i“. Qaraldi: 2023-yil 2-oktyabr.
  10. Ibbotson, Sophie. Uzbekistan. United Kingdom: Bradt Guides Ltd, 2020 — 136–137-bet. ISBN 9-781784-771089. 
  11. 11,0 11,1 Ibbotson, Sophie. Uzbekistan. United Kingdom: Bradt Guides Ltd, 2020 — 136–137-bet. ISBN 9-781784-771089. 
  12. 12,0 12,1 Ibbotson, Sophie. Uzbekistan. United Kingdom: Bradt Guides Ltd, 2020 — 136–137-bet. ISBN 9-781784-771089. 
  13. „Наманган шаҳри таркибида яна бир туман ташкил этилади“. Bugun.uz. 2021-yil 15-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021 йил 5 март. (Wayback Machine saytida 2021-07-15 sanasida arxivlangan)
  14. „„Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumanini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2021-yil 8-may.
  15. „Янги Наманган тумани ҳокимлиги ташкил этилди“. Bugun.uz. 2021-yil 15-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 10-may. (Wayback Machine saytida 2021-07-15 sanasida arxivlangan)
  16. Vestnik Tsentralnoy izbiratelnoy komissii Respubliki Uzbekistan, 2010 god, № 1-2 (23-24) (Wayback Machine saytida 2017-08-03 sanasida arxivlangan), s. 328
  17. „Узбекистан: Тулкин Дадабаев назначен главой администрации города Намангана“. ИА REGNUM (2011-yil 23-iyul). 2017-yil 28-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 28-iyul.
  18. „Хокимом Намангана стал Баходир Бекходжаев“. Газета.uz (2013-yil 6-iyun). 2017-yil 28-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 28-iyul.
  19. „В Намангане сменился хоким“. Газета.uz (2017-yil 9-iyun). 2017-yil 28-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 28-iyul.