Toʻmtoq marmarak
To‘mtoq marmarak | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Gulli oʻsimliklar |
Sinf: | Ikki urugʻpallalilar |
Turkum: | Mavrak |
Oila: | Yalpizdoshlar |
Binar nomi | |
Salvia submitica |
Toʻmtoq marmarak (lotincha: Salvia submitica) – yalpizdoshlar oilasi, mavrak turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Jizzax viloyati Nurota togʻ tizmasi hududida tarqalgan. Togʻ jinslari va granitlarda oʻsishga moslashgan[1].
Tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Balandligi 15-40 sm gacha yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Oʻq ildiz tizimiga ega. Poyasi bitta, tik oʻsadi, sirti qalin bezchali tuklar bilan qoplangan. Yopirma barglari koʻp, bandli, choʻziq, nashtarsimon, patsimon boʻlingan, boʻlaklari chuqur patsimon qismlarga ajralgan. Poyasining pastki qismidagi bir juft barglari qisqa bandli, chetlarining uchi oʻtkir boʻlaklarga boʻlingan, poyaning oʻrta va yuqori qismida joylashgan barglari bandsiz, butun va kichikroq. Gullari ikki jinsli, gulbandda halqa hosil qilib oʻrnashgan. Gulkosachabarglari keng, qoʻngʻiroqsimon, biroz kattalashgan, uzunligi 22-23 mm. Gultojibarglari sariq tusda, yarmigacha qoʻshilgan. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyun oyida gullab, mevasi iyulda pishib yetiladi. Urugʻi orqali koʻpayadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tabiatda kam uchrovchi endemik tur, koʻproq yakka holatda uchraydi. Jizzax viloyati, Nurota togʻ tizmasi, Qoʻytosh togʻi va Uxumsoy daryosi atrofida topish mumki. Togʻlarning oʻrta qismidagi surilma va granit toshli yonbagʻirlarda oʻsadi. Tur oʻsadigan hududlarda chorva mollarining koʻplab boqilishi natijasida areali qisqarib ketgan. Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Botanika bogʻida yetishtirilmoqda. Nurota davlat qo‘riqxonasi hududida muhofaza ostiga olingan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Шалфей туповатый“.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.