Toji Qorayev
Toji Qorayevich Qorayev | |
---|---|
Tavalludi |
1936-yil 9-fevral Qiziltepa tumani Novvoyon qishlog‘i |
Vafoti |
2000-yil 7-sentyabr Buxoro shahri |
Fuqaroligi | O‘zbekiston SSR, O‘zbekiston Respublikasi |
Kasbi | olim, pedagog |
Sohasi | adabiyotshunoslik |
Ish joylari | Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti) |
Taʼlimi | Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti) |
Ilmiy darajasi | filologiya fanlari nomzodi (1966) |
Ilmiy unvoni | professor |
Tezis sarlavhasi | „Shoir Xiromiy va uning adabiy merosi“ (nomzodlik, 1966) |
Akademik rahbarlari | akademik Vohid Abdullayev |
Mukofotlari | Xalqaro Ahmad Yassaviy mukofoti |
Toji Qorayevich Qorayev (1936—2000) — adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi (1966), professor. Xalqaro Ahmad Yassaviy mukofoti sovrindori. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.
Tarjimayi holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Toji Qorayev 1936-yil 9-fevralda hozirgi Navoiy viloyati Qiziltepa tumani Novvoyon qishlog‘ida novvoy Qorabek Maqsudov oilasida tug‘ilgan. U dastlab Abu Ali ibn Sino nomli, keyin Maksim Gorkiy nomli maktabda o‘qib, o‘rta ma’lumot oladi. 1960-yilda Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning tarix-filologiya fakultetini tugatib[1], maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishladi.
Toji Qorayev 1962—1965-yillar mobaynida hozirgi Samarqand davlat universitetining aspiranturasida o‘qiydi. 1966-yilda „Shoir Xiromiy va uning adabiy merosi“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini akademik Vohid Abdullayev rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qiladi. U butun umri davomida Buxoro davlat pedagogika institutida ishlab, qariyb 20 yil dekanlik vazifasini bajargan.
Toji Qorayev 2000-yil 7-sentyabrda Buxoro shahrida vafot etdi[2].
Ilmiy-ijodiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]O‘zbek adabiyoti tarixi va hozirgi zamon o‘zbek adabiyotini o‘qitish masalalariga bag‘ishlangan yuzga yaqin ilmiy maqolalari, o‘nga yaqin kitob va risolalari nashr etilgan. U „Navoiy va Xiromiy“ (1967), „Mavlono Xiromiy“ (1975), „Xiromiy“ (1978) maqolalari, „Mavlono Xiromiy“ (1975) risolasi va „Xiromiy“ monografiyasini yaratdi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti tomonidan yaratilgan besh tomlik „O‘zbek adabiyoti tarixi“ monumental tadqiqotining 4-jildi uchun „Xiromiy“ bobini yozdi (1978).
Toji Qorayev Alisher Navoiyning Buxoroga, buxorolik ijodkorlarga va naqshbandiylik tariqatiga munosabatini oydinlashtiruvchi „Navoiy va buxorolik shoirlar“ (1967), „Shoirning tabarruk izlari“ (1968), „Navoiy ulug‘lagan shoir“ (1968), „Alisher Navoiy Buxoroda bo‘lganmi?“ (1969), „Bashariyat iftixori“ (1970), „Navoiy asarlari lug‘ati“ (1974) kabi maqolalarni, „О жизни и творчестве Ходжа Исмата Бухари“ (1970), „Xoja Ismat Buxoriy“ (1990), „Yulduzli onlar ilhomi“, „So‘nggi qatag‘on qurboni“ (2000), „Otashnafas shoir“, „Uyg‘un mahorati“, „Uyg‘un poeziyasida g‘oyaviylik va mahorat“, „Zamon va adabiyot o‘qitish masalalari“, „Taxalluslar“ (R.Vohidov bilan hamkorlikda; 1979) kabi risola hamda monografiyalar muallifidir.
Toji Qorayev Ahmad Yassaviyning „Hikmatlar“ kulliyoti ustida olib borgan ilmiy izlanishlari uchun xalqaro Ahmad Yassaviy mukofotiga sazovor bo‘lgan. Vafotidan so‘ng uning „Tanlangan asarlar“ (2008) kitobi, olim tomonidan tayyorlangan Ahmad Yassaviy va Sulaymon Boqirg‘oniyning „Hikmatlar kulliyoti“ (2011) nashrdan chiqarildi.