Tomir
Tomir - odam va hayvonlarda qon (qon tomiri) va limfa (limfa tomiri) harakatlanadigan kovak naycha (qarang Arteriyalar, Venalar, Limfa sistemasi). Oʻsimliklarda — ksilemaning uzun kovak naycha shaklidagi oʻtkazuvchi elementi.
Yurak va tomirlar birgalikda odam qonning to'xtovsiz harakatlanishini ta'minlaydi. Qon tomirlari inson organizmining barcha qismlariga tarqalgan. Ular arteriya, vena va kapillyarlarga ajratiladi.[1]
Odam tanasida qon juda ko'p yirik va mayda qon tomirlari bo'ylab harakatlanadi. Yurakdan boshlanuvchi qon tomirlari, ularda qanday qon bo‘lishidan qat’i nazar, arteriya qon tomiri, yurakka quyiluvchi qon tomirlari esa vena qon tomiri deyiladi. Bu qon tomirlar ikkita yopiq, ya’ni katta va kichik qon aylanish doirasini hosil qiladi. Bu qon aylanish doiralarining ikkalasi ham yurakdan boshlanadi va yurakda tugaydi.
Katta qon aylanish doirasi yurakning chap qorinchasidan aorta deb ataluvchi katta arteriya qon tomiridan boshlanib, yirik, o‘rta va mayda arteriya tomirlari orqali tananing barcha to‘qima va organlarini arteriya qoni sifatida kislorod va oziq moddalar bilan ta’minlab, vena qoniga aylanadi hamda yuqorigi va pastki kovak venalar orqali o‘ng bo‘lmachaga quyiladi.
Kichik qon aylanish doirasi yurakning o‘ng qorinchasidan — o‘pka arteriyasi deb ataluvchi katta qon tomiridan boshlanib, u o‘ng va chap o‘pka arteriyalari, kapillarlarga bo‘linadi. Bu qon o‘zidagi karbonat angidridni o‘pka alveolalariga o‘tkazib, ulardan kislorodni qabul qilib, arteriya qoniga aylanadi va 4 ta o‘pka venalari orqali yurakning chap bo‘lmasiga quyiladi.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
- ↑ Odam va uning salomatligi 8-sinf, 2014-yil nashr.