Kontent qismiga oʻtish

Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti
Xalqaro nomi
Tashkent institute of textile and light industry
Asos solingan sanasi 1932-yil
Manzili
Toshkent shahar Shohjahon ko’chasi 5 uy
Veb-sayti

web.ttyesi.uz
[1] [2]

[3]

Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti — Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shahridagi davlat oliy taʼlim muassasasi[1].

Toshkent toʻqimachilik instituti 1932-yilda tashkil etilgan. Dastlabki yillarda institutda ikkita: „Paxtani birlamchi qayta ishlash“ va „Mexanik texnologiya“ fakultetlari mavjud boʻlib, ularda 4 ta mutaxassislik: paxtani birlamchi qayta ishlash, toʻquvchilik, yigirish va ipakchilik texnologiyasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlanar edi. 1932-1933-oʻquv yilida institut oʻzining dastlabki 125 nafar talabasini qabul qilgan. 1935-yilda institutning toʻrt qavatli binosi (hozirgi kunda 2-oʻquv binosi) foydalanishga topshirilgan[2].

Bu davrda institutda 6 ta ishlab chiqarish va 5 ta oʻquv laboratoriyasi, 5 ta oʻquv xonasi, sport zali, kutubxona mavjud edi. 1947-yilda institut sirtqi taʼlim dasturlarini taklif qila boshlagan. 1955-yilda „Muhandis-iqtisodchi“ mutaxassisligi boʻyicha iqtisodiy taʼlim berish boshlangan. 1958-yilda institutda kechki taʼlim fakulteti ochilgan.

1960-yillarda institutda 8 ta ishlab chiqarish, 10 ta oʻquv laboratoriyasi hamda 13 ta oʻquv xonasi boʻlgan.

1962-yilda institutning 30 yilligi arafasida talabalar soni 4000 nafarga yetgan (1932-yilga nisbatan 32 baravar koʻp). Professor-oʻqituvchilar soni qariyb 200 nafardan oshgan. Oʻsha yili bir qator yangi mutaxassisliklar ochilishi munosabati bilan institutga Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti nomi berilgan.

1966-yilda „Yengil sanoat texnologiyasi“, 1967-yilda „Kimyoviy texnologiya“ va 1980-yilda „Mexanika“ kabi yangi yoʻnalishlar ochilgan. Bu davrda uchta bino qurilgan boʻlib, 1973-yilda yangi olti qavatli bino (hozirgi 1-oʻquv binosi), soʻngra paxtani birlamchi qayta ishlash fakultetining birinchi binosi foydalanishga topshirilgan.

1932–2012-yillarda institut sanoat tarmoqlari uchun 50 mingga yaqin mutaxassis tayyorlangan. Ular orasida Kuba, Mo‘g‘uliston, Afg‘oniston, Germaniya, Peru, Vyetnam, Laos va Afrika davlatlaridan 800 nafarga yaqin chet ellik talabalar tahsil olgan. Bu davrda fakultetlar soni 2 tadan 6 tagacha, kafedralar soni 4 tadan 38 tagacha koʻpaygan. 1980-yillarda institutda 13 ta yoʻnalish boʻyicha mutaxassislar yetishib chiqqan. Talabalar uchun oʻzbek tilida oʻnlab darsliklar, yuzlab oʻquv qoʻllanmalar, koʻrsatmalar va tavsiyalar tayyorlangan.

2019-yildan boshlab institutda toʻqimachilik va yengil sanoat uchun mashinasozlik, trikotaj, toʻquvchilik, yigiruv, kiyim-kechak va poyabzal ishlab chiqarish, paxta tozalash, shuningdek, ipak sanoati, kimyo, poligrafiya va qogʻoz sanoati yoʻnalishlar boʻyicha bakalavrlar, magistrlar, doktorantlar (PhD) va fan doktorlari tayyorlanmoqda[3].

2005–2006-yilgi maʼlumotlaga koʻra institut tarkibida 6 ta fakultet mavjud boʻlib, bular: paxta texnologiyasi va mexanika, mexanik texnologiya, yengil sanoat texnologiyasi, muhandispedagogika, sirtqi, malaka oshirish fakultetlari hamda test sinovlariga tayyorlov boʻlimi. Institutda zamonaviy dastgoh va uskunalar, kompyuterlar bilan jihozlangan oʻquv laboratoriya, „CENTEXUZ“ sertifikatsiya laboratoriya, test markazi, 30 ta kafedra, „Geydelberg“ firmasi bilan hamkorlikdagi matbaa oʻquv markazi faoliyat koʻrsatgan. Kutubxonasida 900 mingga yaqin asar boʻlgan. Institutga doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilish huquqi berilgan. Institutda 9 yoʻnalish boʻyicha bakalavrlar, 18 mutaxassislik boʻyicha magistrlar tayyorlangan. Institut tashkil topgandan beri 40 mingdan ortiq mutaxassis yetishib chiqqan. 2003–2004-oʻquv yilida 3,5 mingdan ortiq talaba taʼlim olgan, 350 ga yaqin professor, oʻqituvchi, shu jumladan, 35 fan doktori va professor ishladi. Institut yoʻllanmasi bilan 250 yosh olim chet ellarda malaka oshirgan (2004). Institut Xalqaro toʻqimachilik akademiyasi (1995), Xalqaro oliy oʻquv yurtlari uyushmasi (1996), Xalqaro ipak uyushmasi (1997) aʼzosi boʻlgan. Institut olimlari Oʻzbekiston iqtisodiyotining muhim sohalariga molik paxta, ipak, toʻqimachilikning texnikatexnologiyalari, chiqindisiz texnologiya kabi mavzularda ilmiy tadqiqot ishlari olib boradi. Institut qoshida 5 ta talabalar uyi, zamonaviy sport zallari, sanatoriyprofilaktoriy, sogʻlomlashtirish maskani, iqtidorli yoshlar akademiyasi, talabalar konstruktorlik byurosi, modalar teatri faoliyat koʻrsatadi. Institutda Z. A. Abdullayev, H. A. Alimova, M. F. Ahmedov, A. K. Inoyatov, F. S. Kungursova, S. N. Nusratov, A. Rahmatullayev, T. R. Rashidov, N. I. Truyevsev, X H Usmonxoʻjayev, M. T. Oʻrozboyev, M. A. Hojinova va boshqa olimlar faoliyat olib borgan.

  1. „Высшие учебные заведения“. 2019-yil 1-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 23-oktyabr.
  2. „Ташкентский институт текстильной и легкой промышленности“. 2023-yil 25-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 29-noyabr.
  3. „Глава ТПП назначен ректором Ташкентского института текстильной и лёгкой промышленности“. Qaraldi: 2023-yil 29-noyabr.